Линклар

logo-print

Toshkentda xos kinolar klubi tashkil qilindi


“IlkhomSinemaSlub” namoyish qilgan Aleksandr Sokurovning "Faust" filmi Venetsiya kinofestivalida "Oltin sher"ga sazovor bo‘lgan.

“IlkhomSinemaSlub” namoyish qilgan Aleksandr Sokurovning "Faust" filmi Venetsiya kinofestivalida "Oltin sher"ga sazovor bo‘lgan.

Toshkentdagi “Ilhom” teatrida 7 may kuni “IlkhomSinemaSlub”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Kino san‘ati nuqtai nazaridan muhim bo‘lgan filmlarni har dushanba kuni namoyish qilishni rejalagan bu klub 2009 yilda tugatilgan “Kino muzeyi” asosida tuzildi.

“Kino muzeyi”ning sobiq rahbari, “IlkhomSinemaSlub”ning yangi tashkilotchisi Oleg Karpov Ozodlik bilan suhbatda klubning tashkil qilinishi art-haus kino muxlislari ehtiyojidan kelib chiqqanligini aytadi.

- 7 may kuni taniqli rus kinochisi Aleksandr Sokurovning bahslarga sabab bo‘lgan “Faust” filmini namoyish qildik. Bu filmni klub doirasida tomosha qilish ma‘qul deb bilaman, deydi dokumentalist rejissyor.

Oleg Karpovga ko‘ra, “IlkhomSinemaSlub” taqdim qilgan filmlar tor doira uchun mo‘ljallanadi. Film namoyishidan oldin mutahassislar ma‘ruza qilishadi. Filmdan keyin esa munozara bo‘ladi.

7 may kuni Toshkentda namoyish qilingan “Faust” filmi Venetsiya kinofestivalining bosh sovrini - “Oltin sher”ga sazovor bo‘lgan bo‘lsa-da Rossiyada bu film keng tomoshabinlar tarafidan yaxshi qabul qilinmagan edi.

Mavhum va tushunilishi qiyin bo‘lgan bunday filmlarning Toshkentda namoyish qilinishi qanchalik maqsadga muvofiq, deb so‘radik Oleg Karpovdan.

- Filmning 7 may kungi namoyishida zal to‘la bo‘ldi. Hatto tik turganlar bor edi. “Faust”kabi murakkab film uchun bu yaxshi ko‘rsatkich. Bu esa o‘z navbatida Toshkent ziyolilari orasida art-xaus kino tomosha qilish ehtiyoji bor deganidir.

Suhbat mobaynida “IlkhomSinemaSlub” tashkilotchisi Oleg Karpov may oxirigacha namoyish qilinadigan filmlar ro‘yxati bilan o‘rtoqlashdi.

Bu filmlar orasida Eron kinochisi Asqar Farhodiyning “Nodirning Simindan judoligi” filmi ham bor.

“Oskar” mukofotini olgan bunday filmlarni jamoatchilikka oldida namoyish qilish uchun sizda maxsus ruxsat bormi, deya so‘radik yana “IlkhomSinemaSlub” tashkilotchisi Oleg Karpovdan.

- Men mualliflik huquqi va u bilan bog‘liq majburiyatlar tizimini to‘g‘ri deb bilmayman. Avtorda huquq emas balki tomoshabin oldida majburiyatlar bor xolos. Bu borada men o‘zimni Yevropada quloch yozayotgan piratlar partiyasi g‘oyalariga moyil deb bilaman, deydi Karpov.

Taqiqlangan filmlarning tor doirada namoyish qilinishi Toshkentda o‘tgan asrning ikkinchi yarmida boshlangan edi.

Toshkentdagi Kino uyida g‘arb kinochilarining bahsli deb topilgan filmlari yopiq namoyishlari o‘tkazilar edi.

San‘atkor va mutaxassislar tor doirasi tarafidan tanqidiy ko‘z qarashda ko‘rish uchun ravo ko‘rilgan bu filmlarni tomosha qilib, kino olamidan xabardor bo‘lib rassom bo‘lib yetishdik deydi, Ozodlik bilan suhbatda taniqli rassom, professor G‘afur Qodirov.

7 may kuni Toshkentdagi “IlkhomSinemaSlub”da “Faust” filmini tomosha qilgan yosh o‘zbek rassomi Zafar Hakimov nazarida bunday imkoniyat O‘zbekistonning biqiq muhitida ochilgan darchadir.

Art-haus kinolar targ‘iboti bilan shug‘ullangan “Kino-muzeyi” esa besh yil faoliyat yuritganidan ketin rasmiylar tarafidan siyosiy iddaolar bois yopib qo‘yilgan edi.

“Kino-muzeyi” boshlagan ishlarni “IlkhomSinemaSlub” davom ettiradi, deydi Oleg Karpov
XS
SM
MD
LG