Линклар

O‘sh voqealariga bag‘ishlangan film muallifi, kinorejissyor Abdulaziz Mahmudov 8 may kuni Toshkent shahar Mirobod tumani ichki ishlar bo‘limiga chaqirtrildi.

Tergovchilar chaqirtiruv sababini rejissyorning bir paytlar muxolifat safida bo‘lgani bois maxsus ro‘yxatga tushgani, shuning uchun u bilan doimiy muloqotda bo‘lish ehtiyoji bilan izohlashdi. Abdulaziz Mahmudov suratga olgan “O‘tmish va kelajak oralig‘ida” nomli hujjatli film shu yil mart oyida “O‘zbekkino” milliy agentligi tomonidan O‘zbekiston hududida namoyish qilish taqiqlab qo‘yilgan edi. Rejissyorning aytishicha, Mirobod tumani ichki ishlar bo‘limi uning shaxsi bilan qiziqib qolgani film bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Abdulaziz Mahmudov bilan, dastlab kunning birinchi yarmida, u Mirobod tuman ichki ishlar bo‘limiga ketayotgan paytda bog‘landik. Kinorejissyorning aytishicha, kuni-kecha telefon orqali uni chaqirtirgan militsiya xodimi chaqirtiruv sababini uning bir paytlar muxolifat faoli bo‘lgani bilan tushuntirgan.

- Sababini so‘rasam, “endi siz muxolifat a‘zosisiz, ro‘yxatimizga tushgansiz, shuning uchun biz ro‘yxatga tushgan odamlar bilan doim muloqotda bo‘lamiz. Shuning uchun keling, siz bilan muloqot qilmoqchimiz, gapiradigan gaplarimiz bor”, deya javob berdi.

Abdulaziz Mahmudov suratga olgan “O‘tmish va kelajak oralig‘ida” nomli hujjatli film 1990 va 2010 yilda ro‘y bergan O‘sh fojialariga bag‘ishlangan. Mart oyida “O‘zbekkino” milliy agentligi ekspert komissiyasi hujjatli film o‘zbek tomoshabini uchun xos emasligini aytib, O‘zbekistonda uni namoyish qilishni taqiqlab qo‘ydi.

O‘sha kunlari kinorejissyor Ozodlik radiosiga bergan intervyusida “O‘zbekkino” milliy agentligi ekspert komissiyasi a‘zolarini saviyasizlik va film mohiyatini tushunmaganlikda ayblagan edi. Abdulaziz Mahmudov “film taqiqlanganidan so‘ng hamda intervyu e‘lon qilingach, Mirobod ichki ishlar bo‘limi men bilan qiziqib qoldi”, deydi.

Rejissyor Mirobod tumani ichki ishlar boshqarmasida so‘roq qilinayotgan paytda u kishi bilan yana bog‘landik va telefon go‘shagini bu ish bilan shug‘ullanayotgan tergovchiga berishni iltimos qildik. O‘zini Elbek Hayrullayev deb tanishtirgan tergovchi bu xususda izoh berishdan bosh tortdi. “Hammasini Abdulaziz akaning o‘zidan keyinroq so‘rab olasiz”, dedi tergovchi Hayrullayev.

So‘roqdan keyin ma‘lum bo‘lishicha, suhbat O‘sh fojialari haqidagi o‘sha filmdan boshlangan va shundan keyin 20 yil avval Abdulaziz Mahmudovning siyosiy ayblovlar bilan sudga tortilgani yuzasidan qiziqish bildirilgan.

- Avval film haqid savol-so‘roq qilishib, keyin qachon va nima sbabdan sudlanganim haqida tushuntirish xati yozdirishdi. 1993 yilda davlatga qarshi faoliyatda ayblanib, sudga tortiganman, uch yillik shartli jazo olganman. Shuni yozib berdim. O‘sha paytda meni uchyotga qo‘yishgan edi, har oyda ikki marta IIVga borib tushuntirish xati yozib qaytar edim. Endi hozir tergovchilarning aytishyaptiki, “sen hali ham o‘sha uchyotda turibsan, kelib turishing kerak vaqti-vaqti bilan, qayerda va nima qilayotganing haqida ma‘lumot berib turishing kerak deyishmoqda, deydi Abdulaziz Mahmudov.

U bilan birga so‘roqda qatnashgan O‘zbekiston ekspert ishchi guruhi, huquqshunos Suhrob Ismoilov rejissyorning 1993 yilda chiqarilgan uch yillik shartli jazo yuzasidan so‘roqqa chaqirtirilib, potentsial jinoyatchilar ro‘yxatiga kiritilishi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi, deydi.

- Biz bu haqda so‘roq paytida bir necha marta so‘radik, lekin ular aniq javobdan qochishdi, deydi Suhrob Ismoilov.

Ma‘lum bo‘lishicha, so‘roq paytida tergovchilar, gap orasida, Abdulaziz Mahmudov shaxsi bilan nafaqat militsiya, boshqa idoralar, xususan prokuratura va milliy xavfsizlik xizmati ham qiziqish bildirayotganini aytib o‘tgan.
XS
SM
MD
LG