Линклар

Rossiyadagi eng yirik oligarx, sobiq YuKOS shirkati rahbari, so‘nggi 8 yarim yildan buyon qamoqda o‘tirgan siyosiy mahbus Mixail Xodorkovskiyning 27 yoshli o‘g‘li "Sobchak jivyom" ko‘rsatuviga qariyb 50 daqiqalik intervyu berdi.

Pavel Xodorkovskiy ayni damda Nyu Yorkda yashamoqda. U o‘z otasini oxirgi bor 18 yoshida ko‘rgan.

Pavel Xodorkovskiy o‘z otasiga nisbatan bosimlar prezidentlikka qayta saylangan Vladimir Putinning shaxsiy tashabbusi, deb bilishini ochiq aytdi.

- Men juda yaxshi tushunaman, Rossiyada so‘nggi 12 yil ichida shakllangan bugungi siyosiy vaziyatda, Putin hali hokimiyatda qolar ekan otamning ozod etilishi ehtimoldan yiroq. Mening umidim hozir mamlakatdagi muxolifatning harakatlarida. Chunki, bu ketishda hukumat muxolifatga yon bosishga majbur bo‘ladi. Balki, shunday yon bosishlardan biri otamning ozod etilishi bo‘lar. Men otam 2-3 yil ichida ozod etilsa, u Rossiyadagi muxolif harakati uchun ma‘naviy yetakchi bo‘la olishini ehtimoldan soqit qilmayman,- deya umid qilmoqda Pavel Xodorkovskiy.

Ayni paytda Pavel otasi tomonidan katta xatolarga yo‘l qo‘yilgan, deb hisoblashini bildirar ekan, bunga o‘sha davrdagi siyosiy tizim sabab bo‘lgani va hozir otasining panjara ortidan saqlanishini adolatsiz, deb bilishini ta‘kidladi.

- Shubhasiz, otam mavjud sistema ichida xatolarga yo‘l qo‘ygan. Uning o‘zi ham buni tan oladi va aytib kelgan. Lekin ular o‘sha davrdagi nomukammal qonunchilikdan kelib chiqib qilgan harakatlarga bugungi kun nuqtai nazaridan baho berilsagina, bu harakatlar eskirgan va noto‘g‘ri bo‘lib ko‘rinadi. O‘sha vaqtda vaziyat mutlaqo boshqacha qabul qilingan. Ya‘ni, hamma harakatlar o‘sha davrda mavjud qonunchilik doirasida qilingan,- deya otasini himoya qildi Pavel Xodorkovskiy.

Ayni paytda Pavel otasi kabi oligarxlar o‘sha davrda ularga qo‘l kelib qolgan vaziyatdan foydalanib, shunday katta davlatni qo‘lga kiritganini ham tan olmoqda.

Uning fikricha, bugungi va bundan 20 yil keyingi Rossiyada YuKOSdek yirik shirkatngi yaratish imkoni hech qachon paydo bo‘lmaydi.

Otasi ota yurtida panjarada o‘tirgan bir kezda 27 yashar Pavel Xodorkovskiyning Nyu Yorkda to‘kin-sochin, oilasi bag‘rida xotirjam hayot surayotgani ham ko‘rsatuv muallifi Kseniya Sobchakning e‘tiboridan chetda qolmadi.

Ayniqsa, Pavel Rossiyada hibslar va politsiyaning muntazam bosimi ostida otasiga ozodlik so‘rayotgan muxolifatchilarning harakatiga umid qilib so‘zlaganida, Sobchak: "Siz nega ularning safida emassiz, nega otangizni Rossiyada himoya qilmayapsiz?" deya savol qo‘ydi.

- Men bu masalaga sog‘lom aql bilan yondoshaman. Ya‘ni, bu masalada ko‘pgina salbiy va ijobiy jihatlar bor. Ijobiy tomoni shundaki, Rossiyada bo‘lganimda men real vaziyatdan kelib chiqib, fuqarolik jamiyati tiklanishida ko‘proq qatnashgan va bu otamning ozod etilishi yo‘lida nisbatan amaliy natijalarni bergan bo‘lishi mumkin edi.

Lekin, salbiy tomonlari shundaki, men oilamni xavf ostiga qo‘ymoqchi emasman. Bundan tashqari, istamagan holda otamga bosim o‘tkazishlarida qo‘llaniladigan vositaga ham aylanib qolmoqchi emasman. Mutlaqo ehtimoldan holi emaski, Rossiyada bo‘lsam, ular meni vosita qilib, otamni sindirishga, unga qo‘yilgan ayblovlarga iqrorlik ko‘rsatmasini olishga urinishlari mumkin,- deya Nyu Yorkdan Rossiyaga borish imkoni bo‘la turib, bormay yurganini izohlaydi oligarxning o‘g‘li Pavel Xodorkovskiy.

Qariyb 50 daqiqalik intervyu davomida Pavel otasi bilan 8 yarim oldin kechgan so‘nggi uchrashuvi, otasining Rossiya yetakchiligiga da‘vogar bo‘lmagani, o‘z biznesi haqida so‘zlaganlari va YuKOS imperiyasiga uning ham kirish istagiga qarshi chiqqani haqida so‘zladi.

Quyida bu intervyuni to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG