Линклар

O‘zbek yoshlari 2-jahon urushi haqida nima biladi?


Ikkinchi jahon urushida O‘zbekistondan 1,5 million odam qatnashgani aytiladi.

Ikkinchi jahon urushida O‘zbekistondan 1,5 million odam qatnashgani aytiladi.

Ikkinchi jahon urushi bilan oramizdagi masofa uzoqlashgan sayin bu urush haqidagi tasavvurlar ham mavhumlashayotgani kuzatiladi. Ikkinchi jahon urushini tarix kitobidan emas, balki kinolardan bilayotgan yoshlarga mikrofon tutdik.

Natsist Germaniyasi ustidan qozonilgan g‘alaba nishonlanadigan kunda O‘zbekiston yoshlarining ba‘zi vakillariga qo‘ng‘iroq qilib, Ikkinchi jahon urushi haqida bilasizmi degan savol bilan murojaat qildik.

26 yashar Marg‘ilonlik tadbirkor Abdulaziz Ikkinchi jahon urushi haqida kinolar va kompyuter o‘yinlari orqali xabardor bo‘lganini aytadi:

- Ikkinchi jahon urushi deganda o‘sha kinolarda ko‘p ko‘rganmiz, hozir mana kompyuter o‘yinlari bor, ko‘p o‘ynaganmiz Ikkinchi jahon urushi to‘g‘risida, kadrlar srazu ko‘zga ko‘rinadi.

Ayni paytda Abdulaziz o‘z ota-bobolarining ikkinchi jahon urushida qatnashmaganini bildirdi.

Buxorolik 18 yashar Muzaffar ismli talaba Ikkinchi jahon urushidan ko‘ra 1999 yil 16 fevral kuni O‘zbekistonga hujum qilmoqchi bo‘lgan "terrorchilar" haqida yahshiroq bilishini aytadi.

- Yaqinda, ogohlik davr talabi degan suhbat bo‘ldi. O‘sha suhbatda tinchligimizni buzayotganlar haqida gapirishdi.

Urush haqida, Hitler haqida eshitganmisiz degan savolimizga Muzaffar ham kinolarda ko‘rganmiz, degan qisqa javobni berdi.

Tojikistondan Xorazmga kelin bo‘lib tushgan Setorabonu ismli uy bekasining javobi qisqa bo‘ldi.

- Men faqat bitta urushni bilaman, u ham bo‘lsa Tojikistondagi fuqarolar urush (1992-97 yillar). O‘sha urush bois oilamiz sarson bo‘ldi.

Suhbatdoshning urush haqida boshqa fikr bildirishga istagi bo‘lmadi.

Tibbiyot sohasida ilm qilayotgan 25 yashar Sardorbek Rahmonov urush borasida o‘z tengdoshlaridan ko‘ra ko‘proq bilishi ma‘lum bo‘ldi:

- Ikkinchi jahon urushi deyilganda ko‘z oldimizga nima keladi? Harqalay bu tarixda muhrlanib qolgan. Hozir kimlardan so‘rasangiz, Ikkinchi jahon urushini so‘rasangiz, hammasi “Rossiya federatsiyasida ro‘y bergan. SSSRda ro‘y bergan” deb aytishadi. Lekin aslida olib qaraydigan bo‘lsak, Ikkinchi jahon urushida bizning O‘zbekistonning o‘rni juda ham katta rol o‘ynaydi. Chunki surishtirib ko‘rsangiz, odamlardan so‘raydigan bo‘lsangiz yoki odamlar qayerdansan deb sizga savol berishsa, “O‘zbekistondanman, Toshkentdanman” desa, hammasi bir bo‘lib “gorod xleba” deyishadi, “non shahri” deyishadi. Shuning uchun Ikkinchi jahon urushida necha-necha ota-bobolarimiz, hamyurtlarimiz qanchasi o‘zlarining hayotlarini bag‘ishlagan. Urushda g‘olib bo‘lish uchun ancha o‘zlarining kuchlarini ayashmagan. Shuning uchun ikkinchi jahon urushi deyilganda ko‘z oldimizga bizning ota-bobolarimiz keladi.

Yaqinlaringiz bu urushda qatnashganmi degan savolni Sardorbek Rahmonovga berdik:

- Qatnashgan. Mening onamning otalari, bobolari urushga borgan. Shu bilan ular keyin urushdan qaytib kelmagan. Shahid bo‘lganlar xullas. Ularning ism-familiyalari Mustaqillik maydonidagi shahidlar maydonidagi kitoblarda aks ettirilgan. Qator qarindoshlarimiz, ota-bobolarimiz urushda qatnashgan.

Sardorbek Rahmonov Ikkinchi jahon urushi g‘alabasida o‘zbeklar ham hissa qo‘shganidan g‘ururlanishini aytadi.

1941 yilda 6,5 million aholisi bo‘lgan O‘zbekistondan 1,5 million odam urushga jalb qilingan.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, bu urushda yarim million o‘zbek halok bo‘lgan.
XS
SM
MD
LG