Линклар

Tojikistonning Hamadoniy rayonida yashovchi sakkiz musulmon Haj ziyoratini ado etish niyatida Saudiya Arabistoniga poyi piyoda yo‘lga tushishdi.

Rivojlangan texnologiya va kommunikatsiya davri qulayliklariga qaramay¸ Hajga ibtidodagi kabi piyoda borishga azm etgan xatlonlik musulmonlarning yoshi 21 va 65 oralig‘ida.

Ular 8 may kuni faylasuf va shoir Mirsaid Ali Hamadoniyning Ko‘lobdagi maqbarasini ziyorat qilgach¸ qaydasan Makkayu Madina deya quyi Panj daryosi bo‘ylab yo‘lga tushishdi.

Mazkur guruhga bundan olti yil avval Rossiyadan Makkaga piyoda ziyorat qilib¸ Hoji piyoda degan nom olgan tajribali sportchi Abdulaziz Rajabov yetakchilik qilmoqda.

Ozodlik bilan suhbatda Rajabov¸ piyoda Haj ziyoratidan juda katta ma‘naviy oziq olgani bois¸ o‘z millatdoshlariga ham bu tajribani ilinganini aytadi.

Sportchi yigit sakkiz kishilik musulmonlar guruhini oktyabr oyi oxirlarida boshlanadigan Qurbon hayitiga qadar Makkaga yetkazib borish rejasida.

- Men Hajga birinchi piyoda ziyoratimni 2005 yilda boshlab¸ 2006 yilda yakuniga yetkizgan edim. Yo‘lning o‘ziga 7 oy sarfladim¸ 2-3 oy do‘stlarimnikida mehmon bo‘ldim. Umumiyatla¸ piyoda Haj qilishga ikki yilcha vaqt ketdi. Birinchi Hajdan qaytib¸ yana boshqatdan piyoda ziyoratni boshlash uchun 3-4 yil tayyorlandik. Biz Qurbon hayitiga qadar Makkaga yetib borishimiz¸ Haj amallarini ado etgach¸ vatanga yana piyoda qaytishimiz kerak¸ deydi yo‘lga otlanganlar guruhi yetakchisi Abdulaziz Rajabov.

Piyoda ziyoratga chiqqanlardan biri Amriddin Ismoilov¸ yo‘lga chiqishdan avval o‘zi ikki yil davomida hozirlik ko‘rganini aytadi. "Bu ziyorat¸ menga ham ruh ham badanni tozalash uchun o‘ta muhimdir"¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda Amriddin Ismoilov:

- Men o‘zimni sinab ko‘rmoqchiman. Hozir 60 yoshga kirdim va o‘zim va quvvatimni sinab ko‘rmoqchiman. Shunday bir safarni amalga oshirishga qodirmanmi¸ yo‘q¸ shuni bilmoqchiman¸ deydi sakkiz ziyoratchidan biri.

Guruhning yana bir a‘zosi 65 yashar Abdurahim Madiyev umr bo‘yi Haj orzusida yashagani¸ ammo bu orzusini amalga ko‘chirish uchun moliyaviy qurbi yetmay kelganini aytadi.

"Hajni tekinga ado etish imkoni tug‘ilishi bilan¸ men bu imkondan foydalanishga qaror qildim"¸ deydi bu dindor:

- Doim muqaddas ziyorat orzusida yashadim. Bunaqa imkon tug‘ilish bilan¸ 2-3 yil ichida sport bilan shug‘ullandim. Ollohning bu ziyoratni amalga oshirishim uchun kuch berishi va eson-omon uyga qaytishga umid qilib yo‘lga chiqdim¸ deydi Abdurahim Madiyev.

Hamadoniylik sakkiz dindorning piyoda Haj ziyoratini amalga oshirishi bilan bog‘liq viza va boshqa hujjatlarni hozirlash jarayonida¸ aytilishicha¸ Ko‘lob ma‘muriyati qoshidagi Sayyohlik boshqarmasi yordam bergan.

Ziyoratchilar Makkaga yetib borish uchun notinch Afg‘oniston¸ Pokiston¸ Eron va Iroq hududini kesib o‘tishlari kerak bo‘ladi.
XS
SM
MD
LG