Линклар

logo-print

Germaniyada parlamentining Yashillar partiyasidan saylangan deputati Viola fon Kramon Berlinda 2005 yilgi Andijon fojiasining yetti yilligi munosabati bilan anjuman o‘tkazishini ma‘ulm qildi.

Germaniya poytaxtidagi Vavilon kinoteatrida 9 may kuni kechki soat 6 da boshlanadigan tadbirda BiBiSi jurnalisti Monika Uitlokning Andijon voqealariga bag‘ishlangan filmi namoyishi hamda xalqaro va o‘zbekistonlik ekspertlar ishtirokida munozara bo‘ladi.

Tadbir nemis parlamenti deputati Viola fon Kramon tashabbusi bilan o‘tkazilyapti.

- Xavfsizlik sohasida O‘zbekistonning muhimligi ortib bormoqda. Germaniya Mudofaa vaziri yaqinda bu davlatga borib keldi. Lekin, o‘zbek rasmiylari bilan so‘zlashuvlar chog‘ida u inson huquqlari haqida og‘iz ham ochmagan. Vaholanki O‘zbekistonda inson huquqlari ahvoli abgorlashib bormoqda. Shunday bir paytda biz tadbir o‘tkazib, bu muammoga e‘tibor qaratishni lozim topdik,- deydi nemis parlamenti deputati Viola fon Kramon.

2005 yilning 13 may kuni Andijon markazida hukumat kuchlarining tinch namoyishchilarga qarata o‘t ochishi natijasida ayollar va bolalar doxil yuzlab kishilar qurbon bo‘lgan edi.

Lekin, hodisadan deyarli yetti yil o‘tib voqealarning ko‘plab jihati hali ham mavhum.

Huquq faollariga ko‘ra, yetti yil avval O‘zbekiston sharqidagi Andijon shahrida hukumat kuchlari qurolsiz namoyishchilarni o‘qqa tutgani, O‘zbekiston hukumati esa 2005 yil 13 may kuni Andijonda 187 odam halok bo‘lgan va ularning aksariyati ekstremistlar bo‘lganini iddao qilib keladi.

- Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonga sanktsiya joriy etganida uchta asosiy talabni qo‘ygandi. Shu talablardan biri Andijon voqealari bo‘yicha mustaqil tergov o‘tkazish talabi edi. Haligacha mustaqil tergov o‘tkazilgani yo‘q. Menimcha, bunga erishish yo‘lida harakatimizni sustlashtirmasligimiz kerak,- deydi Bundestag deputati Viola fon Kramon.

Rasmiy Toshkentning xalqaro mustaqil tergovga oid da‘vatlarni rad etishi ortidan Yevropa Ittifoqi 2005 yilning oktyabr oyida O‘zbekistonga qurol-yarog‘ embargosi hamda xunrezlik uchun mas‘ul amaldorlar uchun viza cheklovini o‘z ichiga oluvchi sanktsiyalarni joriy qildi.

Lekin, oradan to‘rt yil o‘tib Andijon qirg‘ini yuzasidan mustaqil tergov o‘tkazilishi lozimligiga oid talablarini unutgan holda Yevropa Ittifoqi o‘z sanktsiyalarini bekor qildi.

Xalqaro incon huquqlari tashkilotlari va faollar YeI o‘zining Afg‘oniston va Markaziy Osiyodagi manfaatlarini hisobga olib, O‘zbekistonga nisbatan siyosatida Andijon xunrezligi, inson huquqlari ahvoli kabi masalalarni ko‘tarmayotgani, ko‘targan taqdirda ham ayni masalani ikkinchi o‘ringa qo‘yayotganini tanqid qilib keladi.

13 may voqealaridan yetti yil o‘tib esa Andijon mavzusi Yevropa Ittifoqi siyosatida unut bo‘layozgan mavzuga aylangan, deydi nemis deputati.

- Afsuski shunday. Hozir Germaniya uchun O‘zbekistonning Termez bazasi orqali Afg‘onistonga tranzit masalasi muhim bo‘lib turibdi. Ayni paytda O‘zbekiston tomon bizdan harbiy texnika tank va vertolyotlarni istaydi. Ya‘ni ularni ham bizdan istayotgan narsasi bor. Germaniya esa buning uchun shartlarni qo‘yishi kerak va bizningcha Germaniyaning bosim qilish imkoni bor, lekin negadir u bundan foydalanmayapti,- deydi Viola fon Kramon.

Avvalroq matbuotda O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning Germaniya Kantsleri Angela Merkel bilan uchrashish niyatini izhor qilgani, Angela Merkel esa Karimov inson huquqlarini ta‘minlash borasidagi shartlarni bajarmaguncha, u bilan uchrashishga xohish bildirmayotgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi.

Viola fon Kramon bu haqda o‘z manbalaridan eshitganini aytadi.

- Men ega ma‘lumotga ko‘ra, O‘zbekistonda inson huquqlari toptalishi mudhish bir tarzda davom etar ekan Germaniya Kantsleri Karimovni qabul qilmaydi, buni tasavvur ham qilish qiyin,- deydi nemis deputati.

9 may kuni o‘tkaziladigan tadbirga Andijon voqealarining bevosita guvohlari va o‘zbek huquq himoyachilaridan tashqari nemis deputatlari, jurnalistlar va nohukumat tashkilotlari vakillari taklif etildi.

Berlindagi munozarada Andijon voqealari guvohi bo‘lgan jurnalist Galima Buxorboyeva, o‘zbek huquq faoli, Germaniya – O‘zbekiston forumi rahbari Umida Niyozova va Germaniyadagi Konstitutsion va fuqarolik huquqlari bo‘yicha Yevropa markazi Bosh direktori Volьfgang Kalek qatnashadi.
XS
SM
MD
LG