Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:36

Jamshid Muxtorov qamoqxona sharoitidan norozi


Jamshid Muxtorov Amerikada yuk mashinasi haydagan.
Jamshid Muxtorov Amerikada yuk mashinasi haydagan.

Terror guruhini qo‘llaganlikda ayblanib AQSh hibsxonasida saqlanayotgan o‘zbekistonlik qochqin Jamshid Muxtorov o‘z noroziligini ifodalash uchun siyosiy ochlik e‘lon qilganini bildirgan.

Qamoqdan qo‘ng‘iroq


Xalqaro terrorchi tashkilotga ko‘mak berganlik aybi bilan AQShda sudlanayotgan o‘zbek qochqini Jamshid Muxtorov o‘zi saqlanayotgan hibsxonada 8 maydan boshlab ochlik e‘lon qildi¸ deb xabar berdi Ozodlikka bu gapni uning o‘zidan eshitgan o‘zbekistonlik mustaqil jurnalist Ulug‘bek Haydarov.

Ayon bo‘lishicha¸ Denver federal qamoqxonasida hibsda saqlanayotgan 41 yoshli Jamshid Muxtorov o‘zining ochlik qilayotgani haqida Kanadada istiqomat qiluvchi Ulug‘bek Haydarov bilan telefon suhbati asnosida aytgan.

Ozodlik bilan suhbatda Ulug‘bek Haydarov AQShda istiqomat qilayotgan Jamshid Muxtorovning ukasi Asilbek vositasida qamoqxona bilan aloqa bog‘laganini bildirdi.

Ulug‘bek Haydarovning Ozodlikka aytishicha¸ telefondagi yarim soatlik suhbat chog‘ida Jamshid Muxtorov tergov va mahkamaning adolatsizligiga qarshi ochlik e‘lon qilganini xalqaro tashkilotlarga yetkazib qo‘yishni so‘ragan.

- Asosiy gap shuki, u “Ulug‘bek aka, men sizni qidirganim sababi shuki, o‘sha gapni hamma ommaviy axborot vositalariga tarqating. Amnesty International, Human Rights Watchlarga yetkazingki, men ochlik e‘lon qildim. 8 may oqshomidan boshlab hech narsa yeganim yo‘q” dedi.

Kanadada istiqomat qiladigan mustaqil o‘zbek jurnalisti Ulug‘bek Haydarov xalqaro terrorchi tashkilotga ko‘mak berganlik aybi bilan AQShda sudlanayotgan o‘zbek qochqini Jamshid Muxtorov bilan O‘zbekistonda yashaganida tanish bo‘lgan.

Ruhiy bosim va cho‘chqa go‘shti


8 may kuni Ulug‘bek Haydarov ko‘chada ketayotganida qo‘l telefoni jiringlagan. Telefonda Jamshid Muxtorovning ukasi Asilbek¸ hozir sizni akamga ulayman deganida Ulug‘bek hayron qoldi:

- Qamoqxona bilan gaplashsa bo‘lar ekana¸ deb hayron qoldim. Ukasiga telefon qilgan. Ukasi bizni uladi. Shunaqa qilib gaplashib qoldik. Men ochlik e‘lon qilayapman¸ deb sabablarini aytib berdi. Nima sabablar ekan, desam, “Bular juda ruhiy bosim o‘tkazishayapti menga. Oilam bilan ko‘rishtirishmaydi. 8-kuni ko‘rishdik. 30 minutning o‘rniga 17 minut ko‘rishdim. Keyin uzib tashlab sababini ham aytishmadi” deydi. Denverdagi qamoqxonaga kelgan paytidagi qiyinchiliklarini aytib berdi¸ deydi Ulug‘bek Haydarov.

Unga ko‘ra¸ Jamshid Muxtorov AQSh qamoqxonasida beriladigan ovqatlarga ham e‘tiroz bildirgan:

- Ovqat masalasi ayniqsa. Bu musulmon ovqatni talab qilgan. Boshida unga cho‘chqa go‘shti berishgan. Bu “Men musulmonman. Menga boshqa ovqat beringlar” desa, “Biz sendan diningni so‘rayotganimiz yo‘q. Shu ovqatni yeysan” degan. Bir oydan ortiqroq faqat suv va non yedim¸ deydi.

Haydarov bilan suhbat so‘ngida Muxtorov o‘zining aybsiz ekanligini ta‘kidlagan.

Jamshid Muxtorov ustidan so‘nggi mahkama aprel oxirida bo‘lgan. Bu mahkamada Muxtorovning garov evaziga vaqtincha ozod qilinishi masalasi hakam tarafidan rad qilingan.

Sud majlisida tergovchilar hakamdan 4 oy qo‘shimcha vaqt so‘rashgani bildirildi. Hakamning esa Jamshid Muxtorov ishini yakunlash uchun 3 oy qo‘shimcha muddat bergani aytildi.

Izquvarlar iddaosi


2007 yilda AQShda boshpana topib, Kolorado shtatining Avrora shaharchasida yashab kelgan 35 yashar Muxtorov AQSh Davlat departamenti terrorchi tashkilot deb tan olgan Islomiy jihod ittifoqiga moddiy yordam ko‘rsatishga uringanlikda ayblanmoqda.

Jamshid Muxtorov 21 yanvar kuni Chikagoning O'Hara xalqaro aeroportida Istanbulga ketayotgan mahal hibsga olindi.

Avvalgi mahkamalarda Jamshid Muxtorov o‘ziga qo‘yilgan aylovni qat‘iyan rad etgan. Muxtorov o‘zi va oilasini zo‘rg‘a boqayotgan bir paytda qanday qilib terrorizmni qo‘llashi mumkinligini aytgan.

Jamshid Muxtorov ishini ko‘rib chiqayotgan Kolorado shtati Adliya boshqarmasi vakili Jeff Dorshnerning Ozodlikka aytishicha, qo‘lga kiritilgan dalillar o‘zbek qochqinining terrorchi guruhlar bilan aloqasi bo‘lganini ko‘rsatgan.

Hozirda Muxtorov Englvud shaharchasidagi tergov izolyatorida terrorchilikka gumon qilinayotgan shaxs sifatida alohida kamerada hibsda ushlab turilibdi.

Jamshid Muxtorovni tanigan o‘zbekistonliklar uning Qo‘shma Shtatlarda boshpana olgunga qadar inson huquqlari himoyachisi bo‘lganini aytishadi.

Jamshid Muxtorov hibsga olingunga qadar rafiqasi va qizi bilan Denver shahri yaqinidagi Avrora mintaqasida yashagan va yuk mashinasi haydovchisi bo‘lgan.

Aybi isbotlangani taqdirda Muxtorov kamida 15 yilga qamalishi mumkin.
XS
SM
MD
LG