Линклар

logo-print

Superjet-100 qulagan joydan jasadlar topildi


Suxoy Superjet-100 Jakarta aeroportidan ko‘tarilgach, 21 daqiqa uchib, radarlardan yo‘qoldi.

Suxoy Superjet-100 Jakarta aeroportidan ko‘tarilgach, 21 daqiqa uchib, radarlardan yo‘qoldi.

Qutqaruvchilar Suxoy Superjet-100 samolyoti qoldiqlarini topish uchun bir kun sarfladi. Payshanba kuni uchqich qoldiqlari Indoneziya g‘arbidagi Salak tog‘i qoyasida topildi.

Indoneziya favqulodda vaziyatlar agentligi vakili Gagah Prakoso payshanba kuni halokat joyida jasadlar topilganini ma‘lum qildi. Ob-havo yomonligi bois jasadlarni vertolyot vositasida evakuatsiya qilish ishlari qiyinlashgan, deya qo‘shimcha qildi u.

Ayni paytda Rossiya tergov qo‘mitasi samolyot va uning ekipaji Osiyo bo‘ylab safarga chiqishidan avval tegishli tarzda tekshiruvdan o‘tganini tergov qilishini e‘lon qildi.

Rossiya tergov qo‘mitasi matbuot vakili Vladimir Markin jumladan bunday dedi:

- Mazkur jinoiy ish doirasida tergovchilar samolyot ekipajining parvoz uchun tayyorgarligi va samolyotning Rossiyadan uchib ketishdan avvalgi texnik holati tekshiradi, dedi Vladimir Markin.
Tergov qo‘mitasi Jakartada samolyotga xizmat ko‘rsatgan texniklarni so‘roq qilish uchun Indoneziyaga o‘z tergovchilarini yuborishi mumkinligini ham aytmoqda.

Samolyot bortida 45 kishi, jumladan Indoneziyaning 33 fuqarosi, Rossiyaning sakkiz fuqarosi, ikki nafar Italiya fuqarosi, bittadan Frantsiya va AQSh fuqarolari bo‘lgan.

Aytilishicha, yo‘lovchilarning ko‘pchiligi reklama turi doirasida Osiyo mamlakatlarini aylanib yurgan Suxoy Superjet-100 yo‘lovchi uchqichini sotib olishga qiziqish bildirgan shirkatlar vakillari bo‘lgan.




Samolyot Jakarta aeroportidan ko‘tarilib, 21 daqiqa uchgach, halokatga uchragan. Hozircha hodisa sabablari o‘rganilmoqda.

Indoneziya Prezidenti Susilo Bambang Yudxoyono payshanba kuni ertalab o‘tkazilgan matbuot anjumanida bularni ma‘lum qildi:

- Samolyot Salak tog‘i qirg‘og‘ida halokatga uchragan. Men voqea joyidagi zobit bilan shaxsan gaplashdim, uchqich taxmin qilingan joydan bir yarim kilometrcha nariroqda topilgan. Voqea yuzasidan darhol batafsil tergov o‘tkazilishi kerak. Qidiruv-qutqaruv ishlarida birinchi vazifa odamlarni topish bo‘lishi kerak.

Payshanba kuni qidiruv ishlari uchun halokat ro‘y bergan hududga mingdan ortiq qutqaruvchi tashlangani aytildi.

Rossiyaning Suxoy nomidagi korxonasi fuqaroviy aviatsiya bo‘limida 2008 yilda ishlab chiqilgan yo‘lovchi samolyot Osiyo mamlakatlari bo‘ylab reklama turini amalga oshirayotgan bo‘lgan. Indoneziyaga kelishdan avval u Qozog‘iston, Pokiston va Mьyanmada to‘xtab o‘tgan.

Samolyot 21 daqiqa uchgach, xabarlarga ko‘ra, ekipaj a‘zolari yo‘nalishni o‘zgartirgan va parvoz balandligini 1800 metrga tushirishga ruxsat so‘ragan.

Rasmiylarning aytishicha, shundan keyin uchqich radarlardan yo‘qolgan. Lekin pilotlarning biror texnik nosozlik haqida xabar qilmagani aytilmoqda.

Tergovchilar ekipaj a‘zolari va dispetcherlar o‘rtasidagi suhbatlar yozilgan tasmalarni tekshirmoqda.

Yuz yo‘lovchi uchun mo‘ljallangan Superjet-100 Rossiyaning fuqaroviy aviatsiya sektorini rivojlantirish urinishlarining asosiy loyihasidir. Bu samolyot birinchi marta 2008 yilda taqdim qilingan va 2011 yilda reysga qo‘yilgan. Hozirda Superjet-100 rusumidagi sakkizta samolyot qurilgan.

Aytilishicha, Suxoy nomidagi korxona hozirda 170 ta samolyotga buyurtma olgan va jami mingta uchqich yasashga umid qilmoqda. O‘tgan yilning avgustida Indoneziyaning Sky Aviation shirkati 12 ta samolyotni sotib olishga qiziqish bildirgan edi.
XS
SM
MD
LG