Линклар

logo-print

O‘zbekiston Ekologik harakati Tojikiston alyuminiy zavodidan atrof-muhit va xalq salomatligiga yetkazgan zararini qoplash uchun 450 million AQSh dollari miqdorida tovon puli talab qilmoqda.

O‘zbekiston Ekologik harakati raisi Boriy Alixonov va uning o‘rinbosari Saidrasul Sanginov Tojikistondagi “TALKO” davlat unitar korxonasidan 447,3 million AQSh dollari miqdoridagi zararni qoplashni talab qilmoqda.

Bu haqda xabar tarqatgan 12.uz axborot portaliga ko‘ra, tojik alyuminiy zavodining Surxondaryo viloyati aholisi salomatligi va genofondiga har yili yetkazadigan zarari 31,2 million dollarni tashkil etadi.

Bundan tashqari¸ har yili flyuoroza (tarkibida ftor ko‘p bo‘lgan suv va mevalarni iste‘mol qilish natijasida kelib chiqadigan tish kasalligi - tahr.) ni davolash uchun 16 million, onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash uchun 0,75 million, qon kasalliklarini davolash uchun 4,8 million, endokrinologiya va oshqozon ichak kasalliklarini davolash uchun 3,3 million va nafas olish yo‘llarining davosi uchun 3,9 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ sarflanmoqda.

O‘zbekiston Ekologik harakati bayonotiga ko‘ra, zavod 2007-2011 yillar davomida 156 million dollar miqdorida iqtisodiy zarar ham keltirgan; 16 yoshgacha bo‘lgan nogiron bolalarning qarovi uchun davlat xarajati so‘nggi to‘rt yil ichida 28 million dollarni tashkil qilgan.

O‘zbekiston Ekologik harakati ekologiya va inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazayotganini nazarda tutgan holda, tojik alyuminiy zavodi faoliyatini to‘xtatish zarur, deb hisoblaydi.

Ozodlik muxbiri O‘zbekiston Ekologik harakatiga qo‘ng‘iroq qilib, mazkur talabni izohlab berishni so‘radi.

Biroq o‘zini harakat matbuot xizmati xodimi deb tanishtirgan Erkin ismli suhbatdosh Ozodlikning O‘zbekistonda rasman akkreditatsiyadan o‘tmaganini aytib, yozma ravishda murojaat qilishimizni bildirdi.

Tojikiston alyuminiy zavodi muammolari bilan shug‘ullanadigan tojikistonlik iqtisodchi Davlatmurod Jumayev Ozodlik bilan suhbatda, o‘zbek ekologlarining bu bayonotini "siyosiy o‘yin" deb atadi:

- Bu¸ albatta, hammasi siyosiy o‘yindir. Bu yangi gap emas. Bu bayonotlarning hammasi Rog‘un GESiga borib taqaladi. Bilasizmi, Rog‘un GESi qurilishi boshlanguncha bunaqa gaplar yo‘q edi. Mana o‘zbek ekologlari shuncha zarar yetkazyapti, deyishibdi. Lekin, mana zavod 50 yildan buyon ishlayaptiyu lekin birorta ishchi o‘sha yerda zaharlanib o‘libdi, degan gapni eshitganimiz yo‘q.

Yo‘llarning yopilishi, vagonlarning ushlab turilishi va Tojikiston taraqqiyoti uchun qo‘yilayotgan boshqa to‘siqlar O‘zbekiston hukumatining Rog‘un qurilmasligi uchun Tojikistonga o‘tkazayotgan bosimlaridir. Ikki qardosh xalq uchun tinchlik va osoyishtalik kerak, bunaqa siyosiy o‘yinlar kerak emas, deydi tojikistonlik iqtisodchi Davlatmurod Jumayev.

O‘zbekiston Ekologik harakati 2008 yil avgust oyida prezident Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil qilingan unga O‘zbekiston Oliy Majlisidan 15 ta o‘rin berilgan edi.

Kuzatuvchilar bu harakatni O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasidagi muammolarni xalqaro maydonga olib chiqadigan siyosiy kuch sifatida tashkil qilinganini aytadilar.

"Bu harakatga siyosiy kuch berish kerak. Xalqning nomidan gapirishga¸ davlatimiz nomidan gapirishga katta imkoniyat berishimiz kerak. Men O‘zbekiston haqida gapirayotganim yo‘q. Men O‘rta Osiyo haqida gapirayapman. “Ey xalqaro jamoatchilik¸ BMT¸ eshitinglar¸ qachongacha quruq va‘da bilan yuramiz? Bizning ham ertangi kundan umidimiz katta. Bilib qo‘yinglar¸ kuchimizni ko‘rsatamiz” deb xalqimizning namoyondalari sifatida siyosiy maydonga chiqadi"¸ degan edi Islom Karimov.

2010 yilning 25 mart kuni Surxondaryoning Termiz shahrida hukumat ruxsati bilan norozilik namoyishi o‘tkazildi. O‘zbekiston Ekologik harakati tashkil qilgan bu namoyishda 1200 kishi Tojikistonning “Talko” alyumin zavodida ishlab chiqarish kengaytirilishiga norozilik bildirgan.

O‘tgan yil iyul oyida O‘zbekiston Eklologik harakati raisi o‘rinbosari, professor Saidrasul Sanginov ekologlar va Surxondaryo viloyati jamoatchiligi “TALKO”ni xalqaro sudlarga berishga tayyorgarlik ko‘rayotganini aytgan edi.

2011 yilning sentyabr oyida O‘zbekiston ekologik harakati TALKOning O‘zbekiston aholisi salomatligiga va atrof -muhitga yetkazayotgan salbiy ta‘siri haqida jamoatchilik noroziligi aks etgan murojaatnomani BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasiga topshirgan edi.
XS
SM
MD
LG