Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:01

Nukusda yangi bozor ochildi


Nukusda, rasmiy taqdimotga ko‘ra¸ zamonaviy dizayn talablariga javob beradigan qilib qurilgan yangi bozor hozircha xaridorlarni o‘ziga jalb qila olmayotir.

Qoraqalpog‘istonning Nukus shahri markazida yangi, usti yopiq bozor ochildi.

Bu bozor 413 savdogarga savdo qilish imkonini beradi ¸ dedi Ozodlik muxbiri bilan suhbatda bozor ma‘muri.

Go‘sht sasimaydigan bo‘ldi


Ma‘murga ko‘ra¸ bu bozor yozi o‘ta issiq bo‘ladigan shaharda go‘sht-sut mahsulotlarini sotishga sharoit yaratgan ilk maskan bo‘lgan.

"Ilgari go‘sht-sut mahsulotlari ochiq havoda sotilar edi¸ hozir muzlatgichlar bor"¸ dedi mikrofonsiz suhbatdosh.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ 5000 kvadrat metrga yaqin hududni egallagan usti yopiq bozorni qurish ishlariga 1 milliard 200 million so‘m sarflangan.

Ochiq turdagi hissadorlik jamiyati bo‘lgan “Nukus dehqon bozori” shirkati vakiliga ko‘ra¸ bozor hududida yana 400 kishiga mo‘ljallangan to‘rtta ayvon qurish ishlari bormoqda.

Qassoblar go‘shtni bozorga eltmoqchi emas

Nukusning Ernazar Olako‘z ko‘chasida joylashgan qassobxonaning o‘zini Maratbek deb tanishtirgan sohibi yangi ochilgan bozorga o‘z mahsulotini olib borishga shoshilmayotganini aytadi.

- Qassobxonamizda hamma sharoit bor¸ mijozlar o‘rgangan. Go‘shtni bozorga olib borguncha sifati qochadi. Patta puli ustama bo‘lib narx ko‘tariladi¸ deydi qassob yigit.

Nukus atrofidagi sog‘in sigiri bor uylardan sut olib sotadigan Davlatboy simli 28 yashar yigit ham yangi qurilgan bozorni o‘z biznes istiqboli bilan bog‘lamaydi.

- Men ko‘p qavatli uylardagi mijozlarimga ertalabdan sut-qatiqlarni tarqatib chiqaman. Bozorga borish rejada yo‘q.

Bozor faqat shahar ko‘rkimi?


Nukus shahridagi badiiy bezash ustaxonasing Kengashbek degan rassomi yangi qurilgan bozorni bezashda qatnashgan. Rassomga ko‘ra¸ bozorning hashamatli va ko‘rkam bo‘lishiga katta e‘tibor qaratilgan.

- Toshkentdan kattalar kelib qolsa¸ zamechaniya qilmasin¸ deb menga atayin Toshkent bozorlarini suratlarini berishdi. Undan zo‘r bo‘lsa bo‘lsin¸ kam bo‘lmasin deb. Biz ham harakat qildik¸ deydi rassom yigit.

Kelajakda 1500 rastadan iborat savdo majmui bo‘ladigan bu bozorning hozirgi ko‘rinishining ham chiroyli ekani aytiladi.

"Nukusdagi oldingi bozor ko‘rimsiz va tartibsiz edi¸ yangi bozor ancha yaxshi" deydi bozor yonidagi matbaa shirkatida ishlaydigan ayol.

Ayni paytda bu suhbatdosh¸ chiroylik ko‘rinishiga qaramay¸ bozorning bozor degudek gavjum emasligini aytadi.

- Bozorda odam oz. Hozir kun issiq¸ bozorda oluvchidan ko‘ra¸ sotuvchi ko‘p. O‘zim ham bu bozorga bormayman. Qimmat. Uyimning oldida kichik bozorcha bor¸ o‘sha yerdan keragimni olaman¸ deydi Nukus yangi bozori qarshisidagi shirkat xizmatchisi.

Suhbatdan ayon bo‘lishicha¸ shaharga ko‘rk bo‘lgan bozor hali mijoz va savdogarlar yuragiga yo‘l topa olmagan.

Prezident Karimovning 2010 yil 26 aprelda "O‘zbekiston bozorlarini takomillashtirish chora-tadbirlari haqidagi" qarori qabul qilinganidan keyin respublikaning barcha hududlarida bozorlarini qayta qurish ishlari boshlangan.
XS
SM
MD
LG