Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:39

Blog: Tuyaning orzusi


O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining 10 may kuni kuchga kirgan buyrug‘i davlat idoralari hujjatlari tilini tartibga solishga qaratilgan.

Muallif: Sarvar Usmon

Mazkur buyruqning jurnalistika tiliga daxli yo‘q. Shunday bo‘lsa-da¸ “O‘zbekiston” telekanali jurnalistlari tili, umuman davlat tilining bugungi ahvoliga Adliya vazirining buyrug‘i prizmasi orqali nazar tashlaymiz.

Paytavaga qurt tushdi

Ishonmasayam bo‘laveradigan xabarlarga qaraganda, “O‘zbekiston” teleradiokanali jurnalistlarining paytavasiga shu kunlarda qurt tushgan.

Jurnalistlar tushlikka olganlari somsani jag‘i kuyganiga qaramay¸ yo‘l-yo‘lakay apil-tapil yeb, kutubxonaga chopayotganmishlar – ularga o‘zbek tili darsliklari yetkazib berolmay kutubxonachi opalar sochlarini yulayotganmish.

Opalardan birini Anhor bo‘yida ko‘rganlar bor: sochlari yoyilgan, qo‘lida kutubxona kartotekasining “O‘” harfli qutisi, o‘tgan-ketganga “Meni kutubxonaga obborib qo‘yinglar”, deb yalinarmish.

O‘tgan-ketganlar bir kutubxonachi opaga, bir uning qo‘lidagi qutiga, bir ho‘o‘v naridagi yangi kutubxonaga qararmish.

Kutubxonada kitob yetmay qolgan jurnalistlar kechqurunlari uylarida koreyscha serial ko‘rish o‘rniga o‘g‘il-qizlarining darsliklarini o‘qiyotganmish.

Yoshi o‘tganroq bir jurnalist akaxonning uyiga kecha “Tez yordam” chaqirishibdi. U yashaydigan mahallaning soqolsiz oqsoqolidan olingan xabarga qaraganda, chala savodi kirill yozuvida chiqqan jurnalist o‘z qizining lotin yozuvidagi “O’zbek tili” darsligida Sex so‘zini ko‘rib qolibdi.

Jurnalist “O‘zbekistonda sex yo‘q!”deb hayqiribdiyu “O’zbek tili” bilan qizining qanshariga bir tushiribdi.

“Sex SSSRda yo‘q edi, O‘zbekistonda bor. Bir paytlar biznikidayam bo‘lgan. Qansharini yordingiz, bo‘yiga yetib qolgan qizingiz endi yoriq qanshari bilan erlik bo‘ladimi yo esesesrlik bo‘ladimi?!”, deb yig‘lab, shifon sarafanining bandini ho‘l qilibdi jurnalistning xotini.

Qansharidan qon to‘xtagan qizgina sex seks emas, tsex ekanligini adasiga tushuntirmoqchi bo‘ptiyu qo‘rqib indamabdi, xonasiga kirib boyfrend... yo‘g‘-e, yigitiga SMS yozib o‘zini ovutibdi...

“O‘zbekiston” teleradiokanali darvozaxonasida turuvchi soqchilardan biridan buzuq telefon orqali olingan uzuq ma‘lumotga ko‘ra, 30 apreldan beri jurnalistlar tildan imtihon topshirayotganmish.

“Imtihonni til do‘xtirlari olayapti”, deb xabar qildi soqchi.

10 kundan beri til imtihoni topshirar ekanlar, telejurnalistlar orasida irim-sirimlar ham shakllanibdi.

“Tilimga tirsak chiqdi”, dermish imtihonga kirib ketayotgan jurnalist.

Bu gapga javoban keti tilga olinmagan hayvon qolmaganmish.

Adliya vaziri buyrug‘i


“O‘zbekiston” teleradiokanali jurnalistlari paytavasiga qurt tushirgan – Adliya vaziri N. Yo‘ldoshevdir. (Rasman – N. Yuldashev)

Rus tilida yozadigan Norma.uz saytining xabar qilishicha, vazir 30 aprel kuni bir buyruq imzolagan.

Buyruqki, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralari qabul qiladigan me‘yoriy-huquqiy hujjatlarga oid.

Toki o‘sha hujjatlarda “so‘zlashuv tili shakllari, davlat tilida ma‘nosini to‘la ifodalay oladigan so‘z va tushunchalar mavjud taqdirda chet tillardagi atamalar...” ishlatilmasin.

Shuningdek, davlat hujjatlarini yozishda “qabul qilingan umumiy grammatik, orfografik va punktuatsion qoidalarga rioya” qilinsin va ularda huquqiy atamalar ishlatilsin, rasmiy uslubda yozilsin!

Adliya vazirining buyrug‘i 10 may kuni kuchga kirdi.

Tarkibiga “O‘zbekiston” teleradiokanali kiradigan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi ham davlat muassasasi.

Demak, Adliya vazirining buyrug‘i mazkur kompaniya uchun ham buyruq.

Telejurnalistlarni “O‘zbek tili” va ”O’zbek tili” darsliklarini o‘qishga ana o‘sha buyruq majbur qildi.

Yashasin Adliya vaziri!


Bu shiorni SSSRdan qolgan plakatlarning orqa tomoniga yozib olib, vazirlik oldida piket o‘tkazishga shaxsan men tayyorman.

Chunki “O‘zbekiston” teleradiokanali zimmasiga rasman yuklatilgan vazifalar orasida tilga olinmagan bir vazifa bor.

Vazifaki, mamlakat xalqini, Adliya vaziri tili bilan aytganda, “qabul qilingan umumiy grammatik, orfografik, orfoepik (bunisini o‘zimizdan qo‘shdik) va punktuatsion qoidalarga rioya” qilishga o‘rgatish vazifasidir.

“O‘zbekiston” kanalining “tiliga tirsak chiqqan” jurnalistlari esa, aksincha, aksini qilayaptiki, zora Adliya vazirining buyrug‘i ularni to‘g‘ri yo‘lga solib qo‘ysa!

Tilga chiqqan tirsak

Mana “Axborot”ning birgina sonidan olingan bir necha parcha:

“Moliya vazirligi tomonidan taqdim etilgan ma‘lumotda 2012 yilgi makriqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozi soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari haqida so‘z borar ekan...”.

“Makr iqtisodiy ko‘rsatkichlar”, deydimi, jurnalist opa?

Bilib aytayaptimi, bilmaymi? O‘zbekistonning o‘ziga xos iqtisodiy modeli yutuqlarini ko‘rolmayotgan bo‘lmasin bu jurnalist?!

“Makroiqtisodiy”ni “makroiqtisodiy”, deb to‘g‘ri talaffuz qilish o‘rniga u ataylab “makr iqtisodiy” deyayotgan bo‘lmasin?

Tomoshabinga zararli messej yetkazmoqchi emasmikan?!

Eee, uzr, Adliya vazirining buyrug‘i esdan chiqibdi, “messej” so‘zini qaytarib oldik.

Endi bu parchani eshiting.

“Mazkur tuzim va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari demokratik qadriyatlar, inson huquq va erkinliklari, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilishlik muhim omilga aylanib ijtimoiy holatni ta‘minlashda faol ko‘maklashmoqda”.

Muxbir tilidan chiqqan jumladagi fe‘lning shakliga e‘tibor berdingizmi?

“Qilishlik”, dediya! Qilishlik, ko‘rishlik, bilishlik, urishlik...

Nima bu? Davlat televideniyesimi yo masjid minbarimi?

Bu muxbirning ham umr yo‘lini bir taftish qilishi kerak, kerakli organlar. Islomchilardan bo‘lib yurmasin.

Endi mana bu ikki parchaga e‘tibor bering:

“Parlament komissiyasining ekspertlar guruhi tomonidan tanlab olingan 80ta eng yaxshi loyihalardan...”

“Ayni paytda jamiyat hayotining turli jabhalarida 5000dan ziyod nodavlat notijorat tashkilotlari ish yuritmoqda”.

Raqamdan keyin keladigan otga “lar” qo‘shmagan jurnalistning mo‘miyosini osori-atiqalar muzeyidan topmasangiz, tirigini topolmaysiz bugungi kunda. Shuning uchun Adliya vaziridan iltimos: raqamdan keyin keladigan otga “lar” qo‘shishni qonuniylashtirib bering, baraka topkur!

Tinglaganingiz parchalar ovoz edi – uchdi-ketdi – ovozga tugma qadab bo‘lmaydi.
Lekin O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi jurnalistlarining tugma qadasa bo‘ladigan so‘zlaridayam xatolar “mijir-mijir”.

“Teledasto’rlar”


Masalan, kompaniya rasmiy saytining bosh sahifasida “Teledasto’rlar”, degan so‘z ko‘rsatuvlar ro‘yxatiga dastor bo‘lib turibdi.

“Dastur”ni bilardik, “dastor” ham onda-sonda ishlatilib turadi. DastO‘r so‘zini qayerdan olishdiykan?

Yerning birinchi sun‘iy yo‘ldoshi uchirilgan kunlarda o‘zbek tarjimonlari orasida bir dadili bo‘lgan ekan, “sputnik”ni “yo‘ldosh”, deb olgan va o‘shandan beri “sputnik” emas “yo‘ldosh”, deb ishlatar edik.

O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi saytida esa, “yo‘ldosh” so‘zidan voz kechibdilar: “Sputnik ko‘rsatkichlari”, deb ishlatishibdi.

Qayoqqa qarayapti, o‘zi, Adliya vaziri N. Yo‘ldoshev (rasman – N. Yuldashev)?

Ha, ha, qayoqqa qarayapti?


Vazir mamlakat prezidenti chet ellik mehmonlar bilan uchrashuvlarda qaysi tildan foydalanayotganiga ham e‘tibor bermayapti.

Mana, “Axborot”ning bugun tilga olganimiz sonidan yana bir parcha.

Syujet Vengriya prezidenti Pal Shmitdning O‘zbekistonga safari, prezident Karimov bilan uchrashuvi to‘g‘risida edi.

“Muzokarada mintaqada tinchlik va osoyishtalikni ta‘minlash, jumladan Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish bilan bog‘liq masalalar xususida ham fikr-mulohazalar yuritildi.

Prezident Islom Karimov: Problemi svoyey strani doljen reshat sam afganskiy narod. Tolko putyom dostijeniya kompromissa, konsensusa mejdu protivoborstvuyushchimi storonami, vovlecheniya v etot protsess samix afgantsev, a takje sotsialno-ekonomicheskogo vozrojdeniya Afganistana s pomoshchyu mirovogo soobshchestva mojno dostignut mira i stabilnosti v etom gosudarstve.

Prezident Pal Shmitd: Vi, uvajayemiy prezident, yavlyayetes zalogom stabilnosti vsego etogo regiona. Uzbekistan zanimayet vse boleye vesomuyu i avtoritetnuyu pozitsiyu na mejdunarodnoy arene”.

30 million kishilik xalqi bor O‘ZBEKiston prezidenti ChET ELlik mehmon bilan O‘Z DAVLATI TILIda emas, BOShQA davlat tili – RUS tilida so‘zlashganiga e‘tibor berdingizmi?

Xalqi 10 million kishigina bo‘lgan VENGRIYa prezidenti esa, VENGER tilida gapirdi. O‘zbekistonlik tarjimon uning so‘zlarini O‘ZBEK tiliga emas, RUS tiliga o‘girdi.

Uchrashuv to‘g‘risida O‘ZBEK tilida hikoya qilib berayotgan “Axborot” esa, bu ikki rahbarning aytganlarini DAVLAT TILIga tarjima qilib bermadi.

Adliya vaziri O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan beri kuzatilayotgan bunday ko‘rinishga o‘zining huquqiy bahosini berganmi-yo‘qmi – bilmaymiz.

Lekin “bilamiz”, deb aytish darajasidagi taxminimizcha, Adliya vaziri N. Yo‘ldoshev (rasman N. Yuldashev) 30 aprel kungi buyrug‘i bilan SABABga qarshi emas, OQIBATga qarshi – o‘zbek tilini saksovulday quruq va dag‘al, jonsiz, ruhsiz va rangsiz bir matahga aylantirib qo‘ygan 20 yillik e‘tiborsizlikka qarshi kurashmoqchi...

...deb o‘ylagimiz keldi.

O‘ylagimiz keldi, orzu qildik-da, endi.

Tuyayam hammomni orzu qilgan-ku?!

Muhim eslatma


Adliya vaziri N. Yo‘ldoshev (rasman – N. Yuldashev) 30 aprel kungi buyrug‘i bilan vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralari qabul qiladigan me‘yoriy-huquqiy hujjatlarda “eskirgan va ko‘p ma‘noli so‘z va iboralar, obrazli o‘xshatishlar, epitetlar va metaforalar” ishlatishni ham taqiqlab qo‘ydi.

“O‘zbekiston” telekanali davlatga qarashli muassasa bo‘lgani bilan, har ehtimolga qarshi, bu me‘yorning telejurnalistlarga daxli yo‘qligini eslatib qo‘ymoqchiman.
XS
SM
MD
LG