Линклар

Sankt-Peterburgda ustachilik qilib kelgan o‘zbekistonlik mehnat muhojiri o‘z-o‘zini osib qo‘ygan bo‘lsa¸ boshqa birini mast yurtdoshi bolta bilan chopib o‘ldirdi. Uchinchi muhojirning poyezd tagiga tushib o‘lgani aytilmoqda.

Birinchi fojia Sankt-Peterburg shahrining Korolyov prospektida joylashgan 7-uyda sodir bo‘ldi.

Dastlabki tergov taxminlariga ko‘ra, 27 yoshli Erkaboy Atyazov o‘zi remont qilayotgan kvartirada lyustra ilmog‘iga sirtmog‘ yasab o‘zini osib o‘ldirgan, deydi Ozodlikka Sankt-Peterburgning Primorskiy tumani IIB sining 35-bo‘limi navbatchisi.

- Hodisa mening navbatchiligimda, 10 may kuni sodir bo‘ldi. O‘zini osib qo‘yibdi. Familiyasi Atyazov ekan, O‘zbekistondan. Uning jasadi shaharning 1-morgiga yuborildi. Uni olib ketishga yaqinlaridan ikkita akasi kelgan edi, deydi politsiya bo‘limi navbatchisi.

Politsiya xodimasining so‘zlariga ko‘ra, Erkaboy Atyazov o‘zi ta‘mirlayotgan kvartirada yashab mehnat qilayotgan bo‘lgan. Uning lyustraga osilgan tanasi 10 may kuni tungi soat 11 larda aniqlangan.

Ma‘lum bo‘lishicha, kvartira 47 yoshli peterburglik shaxsga tegishli bo‘lgan. Hodisa joyida Atyazovga tegishli shaxsiy hujjatlar topilgan¸ o‘zbekistonlik muhojir Peterburgdagi Kollontay ko‘chasida qonuniy qaydda turgan.

Peterburg shahar Tergov qo‘mitasi hozirda suiqasd yuzasidan surishtiruv ishlari olib bormoqda¸ o‘zbekistonlik mehnat muhojirining o‘z joniga qasd qilgani sabablari aniqlanmoqda.

Ayni paytda, bu hodisadan bir kun o‘tar-o‘tmas Peterburgda yana bir o‘zbekistonlik o‘ldirildi.

Peterburg Tergov qo‘mitasining xabar qilishicha, 11 may kuni “№36 avtotransport korxonasi” OAJi hududida 37 yoshli O‘zbekiston fuqarosi jasadi topilgan; bu jinoyatni sodir etganlikda ayblanib 54 yoshli o‘zbekistonlik Rashid Rahmonov hibsga olingan.

Dastlabki ma‘lumotlarga ko‘ra, 10 may kuni korxona binolaridan birida aroq ichib o‘tirgan o‘zbek muhojirlari o‘rtasida janjal kelib chiqqan.

Mast holatda bo‘lgan ayblanuvchining o‘z sherigini bolta bilan boshiga bir necha marotaba urib o‘ldirgani taxmin qilinmoqda.

Ushbu qotillik yuzasidan Peterburg Tergov qo‘mitasi Rossiya Jinoyat Kodeksining 105-moddasi 1-bandi (qotillik) yuzasidan jinoiy ish ochdi.

Politsiya tergov-surishtiruv ishlarini davom etmoqda. Rashid Rahmonov sud qarori bilan hozirda hibsda saqlab turilibdi.

14 may kuni Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha¸ 10 may kuni yana bir 47 yoshli o‘zbekistonlik muhojir Farhod Saitov “Stariy Petergof” temir yo‘l bekatida poyezd ostiga tushib o‘lgan.

Peterburg shahar va Leningrad viloyati transport politsiyasi hozirda 2011 yilning oxirlarida shaharga ish izlab kelgan Farhod Saitovning yaqinlarini izlamoqda.

1964 yilning 29 may kuni tug‘ilgani Saitov vafot etgunga qadar Leningrad viloyatining Tosno shahrida qaydda turgan.
XS
SM
MD
LG