Линклар

logo-print
Xorazm viloyatining ba‘zi tumanlarida chiyabo‘rilar soni favqulodda ko‘paygani aholini tashvishga soldi. Chiyabo‘rilar mahalliy aholiga qarashli uy xayvonlariga, ba‘zi hollarda odamlarga ham hamla qilishi xavotirli tus olgani aytilmoqda. Ayniqsa, viloyatning Gurlan tumanida bir necha kishi quturish kasalligiga chalinib, kasalxonaga yotqizilgan. Hozirda veterinariya xizmati tomonidan chiyabo‘rilar otib, o‘ldirilib, soni kamayganiga qaramasdan odamlar orasida qo‘rquv saqlanib qolmoqda.

Xorazmning chekka qishloqlarida bu yil chiyabo‘rilar soni keskin ko‘paygani kuzatildi. Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha shaqallar qoramol-qo‘y-qo‘zi, itlar va ba‘zi hollarda odamlarga hamla qilgan.

Ayniqsa, Gurlan tumanida chiyabo‘rilar katta tashvishga sabab bo‘lgani haqida bu tumanda yashovchi Otanazar aka Ozodlikka gapirib berdi.

- Bu quturgan shoqol. Mollarni tishladi. Itlar ham quturdi. Mollarni tishlab mollar ham quturib, bolalarni tishlab bolalarning hammasi davolanib chiqdi.

Chiyabo‘rilar tishlashi oqibatida quturgan itlar odamlarga hamla qildi, bir necha kishi kasalxonaga yotqizildi ham, deydi Otanazar aka.

- Bolalarni tishladi. It tishladi bolalarni. Bizning bir qarindosh yotib chiqdi kasalxonada. Kasalxonada yaxshilab davolanib chiqqaniga bir haftacha bo‘ldi.

Otanazar akaning aytishicha, Xorazm viloyati veterinariya xizmati chiyabo‘rilar sonini kamaytirish uchun merganlarni yollagan. Bunda nafaqat shaqallar, aholiga qarashli rasmiylashtirilmagan itlar ham otib o‘ldirilgan.

- Merganlar otdi. Mollarni tishlab itlar ham quturdida. Itlarni ham otib tashladi. Hozir uje tugadi. 15 kuncha bo‘ldi tugaganiga. Organ tomonidan ovchilarga buyruq berildi quturgan it bormi, boshqa bormi otib tashlaysan deb. Hujjati yo‘q itlarni ham otib tashladi. Kak raz bizning qishloqqa yaqin joyda, Amudaryo bo‘yida ro‘y berdi, deydi Otanazar aka.

Hozirda Gurlan va unga tutash tumanlarda chiyabo‘rilar bilan bog‘liq muammo biroz tinchiganiga qaramasdan aholi orasida xavotirlar saqlanib qolayotgani aytilmoqda.

Xorazm viloyati veterinariya xizmati va boshqa muatasaddi idoralardan bu haqda izoh olishning iloji bo‘lmadi.

Otanazar akaning aytishicha, chiyabo‘rilarning aholi yashaydigan hududlargacha kelishiga, o‘tgan yili kuzatilgan qurg‘ochilik bois to‘qayzorlarda yemakning taqchillashgani sabab bo‘lgan.

- Oldin bunaqa kam bo‘ladigan edi. Bir joydan keldi shekilli bu. Hozir shoqollarga yem yo‘qda. O‘tgan yil suvsizlik bo‘ldiku. Yem bo‘lmagandan keyin qishloqlarga kelib o‘lgan nimalarni yeb, ulardan qolganini itlar yeb shunaqa bir nima bo‘lib ketdi, deydi Otanazar aka.

Ayni paytda viloyatning boshqa tumanlarida chiyabo‘rilar hamlasi kuzatilgani yo‘q. Rasmiy matbuotda ham bu haqda xabar berilgani yo‘q. Masalan, markaz Urganchda yashaydigan ayol Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda chiyabo‘rilar haqida mish-mishlarni eshitganini aytdi xolos.

Hazorasp tumanida yashadigan Mansur aka esa, bu haqda umuman eshitgani yo‘q.

- Bunaqa gap hozirgacha eshitmadim. Men ham viloyatda bo‘lib turgan narsalardan voqifman. Lekin bunaqa xabr olmadim. Bizlarning Hazoraspda bunaqa narsa yo‘q lekin, deydi hazorasplik Mansur aka.
XS
SM
MD
LG