Линклар

logo-print

Jahon uyg‘urlari kongressi rahbari Robiya Qodir fikricha, Xitoyning Shinjon-uyg‘ur muxtor o‘lkasidagi uning millatdoshlari hayoti mamlakat hukumatining repressiv siyosatidan kelib chiqadigan tahdidlar ostida qolmoqda.

Dushanba kuni Yaponiya poytaxti Tokio shahrida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Robiya Qodir Xitoy hukumatini uyg‘urlarni zo‘r berib assimilyatsiyalash yo‘lida o‘zining sistematik harakatlarini davom ettirayotganlikda aybladi.

Jahon uyg‘urlari konressi rahbari Robiya Qodir Tokiodagi minbardan turib, xalqaro jamoatchilikni Xitoy bilan savdo imkoniyatlarigagina qiziqavermay, “bu mamlakatdagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatga ham e‘tibor qaratishga” chaqirdi.

-Biz agar ilgari inson huquqlari va erkinliklari uchun kurashgan bo‘lsak, endilikda millatning hayot-mamoti masalasi kun tartibiga chiqdi, chunki Xitoy hukumati uyg‘urlarni sistematik ravishda xitoylashtirmoqda. Uyg‘urlarning mavjud qolishiga tahdid xalqaro jamoatchilikni Xitoy inson huquqlari masalasida emas, balki savdo hamkori sifatida qiziqtirayotgani tufayli ortib bormoqda, dedi Robiya Qodir.

Xitoylik uyg‘urlar himoyasi, Uyg‘uristonning mustaqilligi uchun kurashchi ayol va uning 20 mamlakatdan kelgan tarafdorlari Tokio shahrida o‘tajak 5 kunlik anjumanga yig‘ildilar.

Anjuman ishtirokchlariga ko‘ra, Xitoy hukumati millionlab xanlar (Xitoydagi davlat tuzuvchi asosiy millat) ni Uyg‘uristonga ko‘chirish bilan tub aholi – uyg‘urlarning millat sifatida saqlanib qolishini tahlika ostida qoldirmoqda.

Pekin olib borayotgan siyosatning xavfli ekanligiga keyingi yillarda yuz bergan millatlararo to‘qnashuvlar dalildir.

Shinjon-uyg‘ur o‘lkasi Xitoy hududining 6 dan 1 qismi bo‘lib, Mongoliya, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Afg‘oniston va Hindiston bilan hamda Xitoyning ichki viloyatlari bilan chegaradosh ulkan mintaqadir va tarixda Sharqiy Turkiston, deb atalgan bu o‘lkada shu kunda qariyb 9 million uyg‘ur yashaydi va bu millat o‘lka aholisining qariyb yarmidir.

Rasmiy Pekin Shinjon aholisining turmush darajasini ko‘tarish hamda mahalliy iqtisodiyotni rivojlantirish uchun bu mintaqaga katta sarmoya yotqizayotganini aytib keladi.

Muxtor o‘lka ma‘murlari aholi bandligi darajasini oshirishga qaratilgan choralar ko‘rayotganini ham aytadi. Xabarlarga ko‘ra, o‘lkada tashkil etiladigan har bir korxonada mahalliy millat vakillari uchun joy ajratish lozimligi belgilab qo‘yilgan. Biroq uyg‘urlar bu me‘yorga har doim ham rioya qilinmasligidan zorlanadi.

Uyg‘urlar lideri Robiya Qodirga ko‘ra, Xitoyning boshqa ikki o‘lkasi – Tibet va Ichki Mongoliyaning tub aholisi uchun ham uyg‘urlar yuzma-yuz kelib turgan muammolar xarakterlidir.

-Istibdodga qarshi norozilik bildirib o‘nlab tibetlik o‘ziga o‘t qo‘yganini bilasiz. Ichki Mongoliyada ham shu ahvol. Uyg‘urlar sudlovsiz qatl qilinayotganini, o‘z yeridan quvg‘in qilinayotganini, ekspluatatsiya qilinayotganini, milliy madaniyati toptalayotganini ko‘rib turibsiz, dedi Robiya Qodir.

Rasmiy Pekin Jahon uyg‘urlari kongressini “buzg‘unchi” tashkilot sifatida baholaydi va Robiya Qodirga viza bergani uchun Yaponiyani qoraladi.

“Shinjon” (inglizcha transkriptsiyada - Xinjiang) xitoy tilida “yangi chegara” deganidir.

Xitoyning “yangi chegara”si ikki marta – 1930 va 1944-1949 yillarda qisqa muddat Sharqiy Turkiston Respublikasi nomi bilan mustaqil davlat bo‘lgan edi.
XS
SM
MD
LG