Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:37

Putin Toshkentga emas¸ Karimov Moskvaga keladi


O‘tganda prezident sifatida ilk xorij safarlarini Toshkentga qilgan Vladimir Putinning hozircha Oq saroyni ziërat qilish rejasi yo‘q. Ayni paytda¸ 15 may kuni Islom Karimovning MDH va KXShT sammitlarida qatnashish uchun Kremlga kelishi aytilmoqda.

Putin huzurida mehmonda


Kreml rasmiylariga ko‘ra¸ 15 may kuni Moskvada Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi rahbarlarining norasmiy sammiti bo‘lib o‘tadi va bu yig‘inga 7 may kuni rasman Rossiya prezidentligiga qaytgan Vladimir Putin mezbonlik qiladi.

Hamdo‘stlik prezidentlari bu uchrashuvda Putinni Kremlga qaytishi bilan tabriklash barobarida iqtisodiy intergratsiya va yangi hamkorlik istiqbollarini muhokama qiladilar.

Ayni shu kuni Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) o‘zining yubiley sessiyasini o‘tkazadi.

Postsovet hududlarida Rossiya tashabbusi bilan tuzilgan bu harbiy-xavfsizlik ittifoqi 1992 yilning 15 may kuni Toshkentda imzolangan va kelishuvga Armaniston¸ Belarus¸ Qozog‘iston¸ Qirg‘iziston¸ Rossiya¸ Tojikiston va O‘zbekiston rahbarlari imzo chekkan edi.

Putin mezbonlik qiladigan bu har ikkala yig‘inga¸ ko‘pdan MDH va KXShT yig‘inlariga qatnashmay qo‘ygan O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning ham ishtirok etishi kutilmoqda.

Vladimir Putin 2000 va 2004 yillarda Rossiya prezidentligiga saylangach¸ ilk xorij safarini Toshkentga qilgan edi.

2012 yilda Bosh vazirlikdan yana prezidentlikka qaytgan Putin bu gal ilk safarini Belarusga qilmoqchi¸ ayni paytda¸ Islom Karimov u bilan uchrashgani Moskvaga kelayotir.

Prezidentlar kun tartibidagi bunday almashinuv O‘zbekiston-Rossiya¸ aniqrog‘i¸ Karimov-Putin munosabatlaridagi jiddiy o‘zgarishlar ifodasi bo‘lishi mumkinmi? Putinning Kremlga qaytishi Karimovning yana Rossiya orbitasiga¸ Putin bilan Andijon voqealaridan ko‘p o‘tmay¸ 2005 yil noyabrida tuzilgan strategik ittifoqchilikka qaytishini anglatadimi?

Prezidentlar kutish pallasiga kiradi...


Kamoliddin Rabbimov¸ o‘zbekistonlik mustaqil siyosatshunos:

- Karimov va Putin qaytadan ittifoqchilikka qaytishi ehtimoldan juda ham uzoq. Gap shundaki, Karimov oldiga o‘sha paytda konkret vazifalar qo‘ygan edi. Rejimni saqlab qolish, O‘zbekistonning izolyatsiyasiga to‘liq yo‘l bermaslik. Hozir bu vazifalar amalga oshirilgan.

Bugungi kundagi Karimovning asosiy vazifasi aksincha. Tashqi iqtisodiy va siyosiy munosabatlarni differentsatsiya qilish, ya‘ni butunlay Rossiyaga monopoliya qilib berib qo‘ymaslik yoki butunlay Amerikaning qo‘lida qolmaslik. Aksincha uni taqsimlash va o‘sha taqsimni bir maromda, mezonda ushlab turish.

Shu nuqtai nazardan Putinning tashabbusi bo‘lmish Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga, men aniq bilaman, Karimov va O‘zbekiston hech qachon kirmaydi. Chunki O‘zbekiston tayyor emas. Yevroosiyo tashabbusi fonida Karimov bilan Putinning munosabatlari ancha chigal kechadi¸ deyishimiz mumkin. U Rossiya bilan ochiqdan ochiq konfliktga bormaydi, ayniqsa Putin bilan. Chunki rejimning barqarorligi bir necha jihatdan Rossiyaga bog‘liq. Migrantlar va axborot hududi orqali O‘zbekistonga ta‘sir qilsa, O‘zbekiston jamiyati chayqalishi mumkin, rejim chayqalishi mumkin. Karimov vazminlik bilan Putinning Yevroosiyo ittifoqiga qo‘shilmaydi, lekin evaziga bir narsalarni taklif qilishi mumkin¸ deb o‘ylayman.

Karimovni anchagina predskazuyemiy, ya‘ni ta‘birli siyosatchi deyish mumkin. Unga bosim qilsa qaysi tomonga ketib qolishini Putin ham biladi. Shuning uchun o‘ylaymanki, Rossiyada, ayniqsa Putinda kutish holati bo‘ladi. O‘zbekiston hokimiyat almashinuv pallasiga yaqinlashib borayapti. Hokimiyat almashinuv pallasida e‘tibor bersangiz, nafaqat Rossiya butun G‘arb ham O‘zbekiston bilan munosabatlarni imkon qadar iliqroq qilishga harakat qilayapti. Chunki bu protsessda ularning ishtirok etish yoki ta‘sir qilish niyatlari bor. Putinning Karimovning o‘rindoshi tanlanishiga ta‘siri boshqa davlatlar va boshqa siyosatchilarnikidan ko‘ra bir necha barobar yuqori va ko‘p bo‘ladi. Shundan kelib chiqib¸ albatta ma‘lum bir bosimlar bo‘ladi. Lekin bu misli ko‘rilmagan va ultimatum formasidagi bosimlar bo‘lmasa kerak¸ deb o‘ylayman.

Karimov Putin utopiyasini e‘tiborsiz qoldiraveradi


Aleksey Malashenko¸ Moskvadagi Karnegi markazi tahlilchisi:

- Putin-Karimov munosabatlarida hech qanday sifat o‘zgarishi bo‘lmaydi¸ deb o‘ylayman. Zotan Putin Putinligicha¸ Karimov Karimovligicha qoladi. Karimov esa¸ na Yevroosiyo integratsion jarayonlarida qatnashishni va na KXShT faoliyatini jonlantirish uchun biror jo‘yali ish qilishni istaydi.

Putin bu gal Kremlga postsovet hududida Yevroosiyoni birlashtirishga qaratilgan g‘oyasini amalga ko‘chirish ishtiyoqi bilan qaytmoqda. Ammo bu¸ nazarimda¸ utopiya – xomxayoldan boshqa narsa emas. Karimov buni juda yaxshi tushunadi va shu bois bu tashabbusdan uzoqda turishda davom etadi. Rossiya hozircha faqat Qozog‘iston bilan mavjud mustahkam aloqalar va o‘z pinjiga tiqilgan Belarusgagina orqa qilishi mumkin. Boshqalarni har xil nomdagi integratsion tizimlarga tiqishtirish¸ yaqin orada amalga oshadigan ish emas. Shu bois¸ men Karimov-Putin munosabatlari dinamikasida aytarlik jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishini kutayotganim yo‘q.

Sharqona ehtiyotkorlik


Alisher Ilhomov¸ Londondagi Afrika va Osiyo tadqiqotlari markazi tahlilchisi:

- Menimcha¸ Putin va Karimov o‘zaro muammolar yechimida “bor otangga¸ bor onangga”ni¸ sahna ortidagi yashirin raqobatni davom ettiradilar. 2005 yilda imzolnagan strategik ittifoqchilik kelishuvi Andijon voqealaridan keyin yuzaga kelgan konkret vaziyat mahsuli edi. Hozirgi konkret vaziyatda Karimov Rossiya tayanchiga ko‘p ham muhtoj emas.

AQSh va NATO qo‘shinlari Afg‘onistondan chiqib ketish uchun tranzit yo‘li izlayotgan hozirgi paytda¸ Karimov otning ustida. Uning kelasi hafta Chikagoda o‘tadigan NATO sammitiga taklif etilishi ham shuning bir ifodasi. Bu ham hozirgi siyosiy kon‘yuktura mahsuli va bu ham o‘tadi.

Shu bois¸ Karimov Kreml va Putin bilan ochiq ziddiyatga borishdan qochadi¸ deb o‘ylayman. Shuning uchun Karimov Putin tashabbuslarini qo‘llovchi¸ ijobiy ruhdagi bayonotlar qilib¸ aslida o‘zini Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi va KXShT kabi Putin boshqaradigan tizimlarga qo‘shilishdan olib qochishda davom etadi.

Menimcha¸ O‘zbekiston janubiy chegaralari 2014 yildan keyin Tolibonning ehtimoliy xurujlari oldida himoyasiz qoladi va Karimov janubiy tahlikaga qarshi yana Rossiya ko‘magiga muhtoj qolishi mumkinligini ehtimoldan soqit qila olmaydi.

Shu bois¸ Karimov 2005 yilgi kabi o‘zini Putin og‘ushiga tashlamasa-da¸ u bilan hisoblashib¸ Rossiya¸ Yevropa ittifoqi va AQSh bilan muvozanatli munosabatlarni ushlab turishga urinadi¸ deb o‘ylayman.

Putinning qo‘lida kuzir qartasi yo‘q...


Ajdar Kurtov¸ Rossiya Strategik tadqiqotlar instituti tahlilchisi:

- Hozirgi kon‘yukturadan kelib chiqib¸ men Putin prezidentlikka qaytganidan keyin o‘zaro munosabatlarda yangi bir yuksalish boshlanadi¸ demagan bo‘lardim. Aksincha¸ munosabatlar ochiqchasiga sovuqlashib ketmasa-da¸ ularda sezilarlik ayozning saqlanib qolishini taxmin qilaman. Bu ayozlashuvning esa¸ Rossiya emas¸ Toshkent rahbariyati tashabbusi bilan¸ aniqrog‘i Karimovning o‘z tashqi siyosati prioritetlarini muttasil o‘zgartirib turishi ortidan yuzaga chiqqanini eslatib o‘tmoqchiman.

Keyingi paytlarda¸ na Toshkent va na Moskva o‘zaro munosabatlarga oid biror keskin bayonot qilgani yo‘q. O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi va KXShT kabi davlatlar ustiga quriladigan tizimlarga printsipial jihatdan qo‘shilmay kelayotir va Karimovning bu siyosatida Putin qaytgach¸ biror bir o‘zgarish bo‘lishiga ishonmayman.

Putin qaytgani bilan¸ uning qo‘lida Karimovni bu pozitsiyasidan qaytaradigan ta‘sir vositalari yo‘q. O‘zbekistondagi xavfsizlik vaziyati hozirgidan ko‘ra tahlikaliroq¸ Tolibon O‘zbeksiton janubiy hududlariga jiddiy tahdid bo‘lib turgan 1999 yilda Karimov Rossiyaga orqa o‘girib¸ deb Kollektiv xavfsizlik shartnomasidan chiqib ketgan edi. Karimovning bunday namoyishkorana siyosat uslubi bugungi kelib o‘zgargani yo‘q va buni Putin ham yaxshi biladi. Shu bois¸ men Putinning Kremlga qaytishi¸ Karimovni Putinga yaqinlashtirishiga ishonmayman.

Putin sopini o‘zini chiqarishga urinadi


Saodat Nishonova¸ o‘zbekistonlik mustaqil sharhlovchi:

- Karimov hech qachon tashqaridagilar nog‘orasiga o‘ynamaydi. Uni harakatlantiradigan narsa ichkaridagi kuchlar o‘rtasidagi muvozanat¸ aniqrog‘i shunday muvozanatni ushlash ehtiyojidir. Zotan Karimovga asl bosim manbai ana shu ichki kuchlardir. Hozir u¸ nazarimda¸ Tashqi ishlar vazirligi¸ kuch ishlatar tizimlari va yirik biznes egalari tomonidan bosimga olingan.

Birinchisi¸ ham Rossiya¸ ham G‘arb va boshqalar bilan muvozanatli munosabat yuritish tarafdori. MXX nazoratidagi kuch ishlatar tizimlarining esa¸ Putin mansub Rossiya FSBi bilan kindigi haliyam bitta va keyingi paytlarda Moskvadan O‘zbekiston siloviklariga rejali bosim bo‘layotganini sezish mumkin. Karimovga yaqin amaldorlarga tegishli yirik biznes esa¸ NATO va AQSh Afg‘onistondan chiqish jarayonida taklif qiladigan yuzlab million dollarlik shartnomadan quruq qolmaslik¸ undan imkon qadar kattaroq ulush olib qolish g‘amida.

Yillardan beri MDH va KXShT sammitlariga kelmay qo‘ygan Karimovning 15 may kuni Moskvaga kelishi¸ Moskvadan Toshkentdagi muayyan guruhlar orqali unga bosim bo‘layotgani ifodasi¸ deb o‘ylayman. Aks holda¸ u Moskvaga kelmagan bo‘lardi.

Karimov va Putin munosabatlarining keyingi tadriji Putin qo‘lida Karimovni murosasozroq bo‘lishga majburlaydigan qanday bosim vositalari borligida qolgan. Bu bosim esa¸ na Rossiyadagi millionlab o‘zbek migrantlari¸ na Rossiya axborot vositalari istalgan mahal boshlashi mumkin axborot xuruji va na janubiy chegaralar xavfsizligidir.

Bu Karimovning o‘z yonidagilar qilishi mumkin (Andijondagi kabi) turli intrigalardir. Karimov hozir ehtimoliy tahdidlarni neytrallashtirishga urinadi va shu bois Moskvaga kelmoqda. Moskvada Putin gaplariga bosh qimirlatib¸ achom-achom qilib¸ tabassum bilan gaplashib Toshkentga qaytgach¸ Karimovning keyingi harakatlarini kuzatish lozim bo‘ladi.

Agar u o‘z yonidagilardan yo katta biznes egalaridan birortasini qurbon qilsa¸ u muvozanatni qayta joyiga qo‘ygan bo‘ladi. Aks holda¸ bir necha oy ichida¸ yo O‘zbekiston chegaralari yo mamlakat ichkarisida qandaydir intsidentlar chiqishini kutish mumkin.
XS
SM
MD
LG