Линклар

Toshkentdan olingan xabarga ko‘ra, 8 may kuni g‘oyib bo‘lgan sobiq madaniyat vazirining jasadi 13 may kuni topilgan.

Yakshanba kuni Toshkentda Respublika “O‘zbekmuzey” jamg‘armasi raisi Anvar Jabborov tuproqqa berildi. Bu haqdagi xabar “Ozodlik”ka mahalliy jurnalistlar orqali marhumning yaqinlaridan yetib keldi.

Ma‘lum bo‘lishicha, 55 yashar Anvar Jabborov shu yilning 8 may kuni xizmat xonasidan olib chiqib ketilgan va uning chavaqlangan jasadi shahardagi ko‘p qavatli uylardan birining yerto‘lasidan topilgan.

“Anvarga nisbatan nihoyatda vahshiylik bilan munosabatda bo‘lingan, qiynab o‘ldirilgan. Hatto uning qiyofasini tanib ham bo‘lmasdi”,- deydi marhumning qarindoshlaridan biri.

Shu yilning 10 may kuni Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan marhumning qarindoshlari murojaatiga ko‘ra, Anvar Jabborovga nisbatan qidiruv e‘lon qilingan va u 13 may kuni o‘ldirilgan holatda topilgan. Marhumning qarindoshlari Anvar Jabborovga suiqasdda gumonlanib, Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida yashovchi fuqaroning hibsga olinganini aytmoqda. Biroq bu borada birorta rasmiy ma‘lumot mavjud emas.

Anvar Jabborov 1956 yilning 15 mayida Toshkent shahrida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq shoiri Jumaniyoz Jabborovning o‘g‘li. Uch nafar farzandning otasi edi.

U bir necha yillar “O‘zbeknavo” gastrol kontsert birlashmasi rahbari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonida fan, ta‘lim va madaniyat masalalari bo‘yicha bosh konsulьtant, 2009 yilning 16 martidan 2011 yilning 17 yanvarigacha O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vaziri, so‘ngra Respublika “O‘zbekmuzey” jamg‘armasi raisi lavozimida ishlab kelgan.
XS
SM
MD
LG