Линклар

logo-print

O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari 2012-2013 o‘quv yili uchun bakalavriatga 56607 nafar, magistraturaga esa 6300 nafar kishi qabul qiladi. Shuningdek, bakalavriatning maxsus sirtqi bo‘limiga 115 talaba qabul qilinishi aytilmoqda.

Yangi o‘quv yilida talabalarni qabul qilish haqidagi kvotalar O‘zbekiston prezidentining 7 maydagi qarori bilan tasdiqlandi.

Mazkur qarorga muvofiq, bakalavriatga qabul qilingan 56607 talabaning 19340 nafari davlat granti asosida, 37267 nafari esa shartnoma asosida o‘qiydi. O‘tgan yili davlat granti asosida o‘qish uchun O‘zbekiston oliygohlariga 19560 nafar, ya‘ni bu yilgidan 220 nafarga ko‘p talaba qabul qilingandi. Yangi o‘quv yilida esa bu joylar shartnoma asosida o‘qiydigan talabalarga berilishi kutilmoqda.

Ayni paytda 2012-2013 o‘quv yili uchun magistraturadan o‘tgan yildagidan 420 taga ko‘p (o‘tgan yili 5880 ta joy ajratilgandi) o‘rin ajratilgan bo‘lib, bu ham shartnoma asosida o‘qish uchun ajratilgan joy hisobidan ko‘paydi. Davlat granti asosida magistraturada o‘qish uchun ajratilgan joy miqdori esa o‘zgarishsiz (1566 o‘rin) qoldi.

Prezident qarorida oliy o‘quv yurtlariga qabul qilish kvotalari, 2011-2016 yillarda oliy ta‘lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini modernizatsiyalash va mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash bo‘yicha dasturdan kelib chiqqan holda, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va iqtisodiyotdagi strukturaviy o‘zgarishlar istiqbollari hisobga olinib, ishlab chiqilgani qayd etiladi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘rta ta‘lim muassasalarini har yili qariyb 600 mingga yaqin o‘quvchi bitiradi va ularning 400 ming nafardan ziyodrog‘i oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun hujjat topshiradi. Agar bu yil ham oliygohlarga shuncha abituriyent hujjat topshirsa, davlat tomonidan ajratilgan 63 ming o‘rin uchun hazilakam kurash bo‘lmasligini taxmin qilish mumkin.
XS
SM
MD
LG