Линклар

logo-print

O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimova homiyligidagi “O‘zbekiston madaniyati va san‘ati forumi” jamg‘armasi Qoraqalpog‘istonda 144ta nikoh va sunnat to‘ylarini o‘tkazdi.

Qoraqalpog‘istonning Chimboy, Kegeyli, Qo‘ng‘irot, Amudaryo, To‘rtko‘l, Qonliko‘l, Xo‘jayli, Ellikqal‘a, Beruniy tumanlari va Nukus shahrida Fond forum tomonidan o‘tkazilgan to‘ylardagi kelin-kuyovlar va xatna qilingan bolalar mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari va kam ta‘minlagan oilalar bolalari bo‘ldi.

Bu haqda xabar tarqatgan “O‘zbekiston madaniyati va san‘ati forumi” jamg‘armasi Internet saytiga ko‘ra, kelinlarning hammasiga Gulnora Karimovaning “GULI” brendi ostidagi nikoh ko‘ylaklari sovg‘a qilingan.

Yosh oilalarning hammasi turli xil qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlangan.

To‘rtko‘l tumani hokimligining xotin-qizlar qo‘mitasi rahbari Xadicha opaning aytishicha, yoshlar to‘ylari “Rasuljon” degan to‘yxonada o‘tkazilgan:

- Oyday chiroyli to‘ylar bo‘ldi. Beshta nikoh to‘yi, beshta sunnat to‘yi o‘tkazdik. Hammasi dovolniy. Kam ta‘minlangan oilalarning farzandlari, nogiron bolalar sunnat qilindi,- deydi Xadicha opa.

To‘rtko‘l tumanida yashovchi fermer Akmal aka bunday xayriya tadbirlarini ma‘qullar ekan, mahalliy boylarning ham shunday saxovatli bo‘lishini orzu qiladi:

- Bunga meni munosabatim yaxshi. Qaniydi shunaqa saxovatli odamlar ko‘proq bo‘lsa. Shuncha kuchli kompaniyalar bor, qudratli boylarimiz bor. Shu tashkilotlar yoki boylar bitta bo‘lsa ham shunday to‘ylar o‘tkazsa. Katta savob bo‘lardi. Mingta to‘y o‘tkaza oladigan boylarimiz ham bor. Lekin bu boylarimiz pulni tagiga bosib yotibdi,- deydi Akmal aka.

Gulnora Karimovaning bu aktsiyasini qo‘llab-quvvatlab, Qoraqalpog‘istondagi tadbirkorlar ham o‘z hissalarini qo‘shganligi aytiladi. Fond forum xabariga ko‘ra, homiylar yosh kelin-kuyovlarga yumshoq mebel, uy-ro‘zg‘or texnikasi, nikoh uzuklari olib bergan.

Biroq, ovozini eshittirmaslik sharti bilan bu haqda Ozodlikka intervyu bergan Qoraqalpog‘istondagi tadbirkorlardan birining aytishicha, hokimliklar tadbirkorlarga “sen to‘yga buni olib kelasan, sen buni olib kelasan”, deya ularga “soliq” solgan:

- Masalan, menga bitta televizor olib kelasan degan soliq solindi. Xay, to‘yga ekanku, deb olib borib, berib keldim. Agar olib bormasak ham hech narsa demaydiyu, lekin keyin munosabatlar yomonlashadi. Kutilmagan tekshiruvlar kelaverib, odamni ezib yuboradi,- deydi ismi sir qolishi sharti bilan gapirgan tadbirkor.

“O‘zbekiston madaniyati va san‘ati forumi” jamg‘armasi bu yil “1000ta nikoh to‘yi va 1000ta sunnat to‘yi” loyihasini respublika viloyatlari bo‘ylab amalga oshirmoqda.

Shunday xayriya to‘ylari 17-25 may kunlari Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida o‘tkazildi. Endi bu kampaniya Samarqand va Buxoro viloyatlariga o‘tishi kutilmoqda.
XS
SM
MD
LG