Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:02

Navalniy korruptsiyaga qarshi o‘z bank kartasini chiqarmoqchi


Aleksey Navalniy muxolifat namoyishida.
Aleksey Navalniy muxolifat namoyishida.

Putinning uchinchi bor hokimiyatga kelishiga qarshilik harakati yetakchilaridan biri¸ 35 yashar yurist Aleksey Navalniy Rossiyadagi banklardan biri bilan hamkorlikda o‘z kredit kartasini chiqarmoqchi.

Rossiyaliklar hozirga kelib Visa, MasterCard, American Express, Diners va JCB kabi kredit kartalaridan foydalanish qulayliklariga ko‘nikib qoldi va bugun o‘ziga to‘q ruslarning aksari bu kartalarga ega.

Rossiya davlat tizimlaridagi yirik poraxo‘rlikka qarshi kurash e‘lon qilgan Aleksey Navalniy bu debit va kredit kartalar ro‘yxatiga o‘z kartasini qo‘shish rejasida. Unga ko‘ra¸ yaqinda Rossiyada Navalniy kartasi paydo bo‘ladi va bu karta bilan qilingan har bir savdoning 1 foizi Korruptsiyaga qarshi kurash jamg‘armasi foydasiga xayriya qilinadi.

Korruptsiyaga qarshi Rospil Internet sahifasi asoschisi va blogger Aleksey Navalьniyning bu tashabbusi “O‘z-o‘zingni hurmat qilish uchun 1 foiz!” degan shior bilan jamoatchilik orasida targ‘ib qilinmoqda.



Navalniy va uning salaflariga ko‘ra¸ bu kredit kartalari iyul oyida muomalaga chiqariladi va hozircha ularni hozirlayotgan bank nomi sir tutilmoqda.

Navalniy kartasi tashabbuschilariga ko‘ra¸ hamkor bank 4 millionga yaqin shunday karta chiqarish rejasida.

- Rossiyada yo‘l xizmati va ta‘miri Finlyandiyaga solishtirganda besh barobar qimmatga tushadi. Moskvadagi tosh yo‘llarni yangilash uchun rasmiylar 4 milliard rubl sarflash niyatida. Moskvada olinayotgan poraning o‘rtacha qimmati 3 million AQSh dollariga teng. Ikki yirik ishlab chiqarish fabrikasi Krasnodar o‘lkasi gubernatorining 22 yashar jiyaniga qarashli. Aleksey Navalniyning “Rospil” bank kartasi bilan qilinadigan to‘lovlarning 1 foizi Rossiyadagi Korruptsiyaga qarshi kurash jamg‘armasiga xayriya qilinadi. Rospil bank kartasi: O‘z-o‘zingni hurmat qilish uchun 1 foiz¸ deyiladi Navalniy kartasi targ‘iboti uchun Youtube.com qo‘yilgan videorolikda.

Korruptsiyaga qarshi Rossiya jamg‘armasi Rospil barobarida mamlakatdagi saylovlarni kuzatish bilan shug‘ullanuvchi Rosvыborы Internet sahifasini ham yurg‘izib kelmoqda.

AQShdagi Yale universitetida tahsil olgan Aleksey Navalniy ko‘pdan beri o‘zi yetakchilik qilayotgan korruptsiyaga qarshi kurash harakatiga keng jamoatchilikni jalb qilish va uni muttasil moliya manbasi bilan ta‘minlashga urinib kelmoqda.

“Vedomosti” nashrining yozishicha¸ Rossiya san‘at va moliya dunyosidagi bir qator taniqli shaxslar Navalniy jamg‘armasini mablag‘ bilan ta‘minlash¸ xususan uning kartasini olish istagini bildirgan. Ular orasida shoir Dmitriy Bыkov¸ VimpelCom asoschisining o‘g‘li Boris Zimin¸ Alcantra Asset Management shirkatining boshqaruvchi hamkori Sergey Grebishkinlar borligi aytilmoqda.

Navalniy jamg‘armasi rahbari Vladimir Ashurkov “Dojd” telekanaliga bergan intervyusida Rospil debit kartasi g‘oyasi jamg‘arma va uni chiqarayotgan bank bilan birgalikda ishlab chiqilganini bildirdi:

- Nega biz bank nomini oshkor qilmayapmiz? Chunki bank bizdan shuni so‘radi va bu bankni juda reklama qilish niyatimiz yo‘q. Bank bizga shunchaki o‘z infrastrukturasi va mahsulotidan foydalanish imkonini bermoqda¸ xolos. Bilasiz¸ juda ko‘p banklar bir necha brendlik kartalar chiqaradi va shu bois biz shunaqa g‘oyaga keldik. Aholining turli qatlamlari orasida bunday kartalarga qiziqish bo‘lishiga umid qilayapmiz¸ dedi Korruptsiyaga qarshi kurash jamg‘armasi raisi Vladimir Ashurkov.

Aleksey Navalniy Vladimir Putin uchinchi bor prezidentlikka qaytish tadorigini boshlagandan beri Rossiyada tinimsiz davom etayotgan norozilik harakatlari tug‘dirgan eng yorqin yulduzdir.

Bu norozilik harakatlariga qadar keng jamoatchilikka ko‘p ham tanish bo‘lmagan blogger va huquqshunos Navalniy¸ namoyishlarda qilgan ehtirosli chiqishlari bilan o‘n minglarcha rossiyalik muxolifat tarafdorlari yuragini yoqdi va ularning ma‘naviy yetakchisiga aylandi. Bugunga kelib¸ Rossiya ommaviy axborot vositalarida muxolifat yetakchisi sifatida eng ko‘p tilga olinayotgan shaxs aynan Aleksey Navalniydir.

6-8 may kunlari ichida to‘rt marta politsiya tomonidan hibsga olingan Navalniy 9 may kuni Moskva mahkamasi tomonidan politsiyaga bo‘ysunmaslikda aybdor deb topildi va hozirda 15 sutkalik qamoq jazosini o‘tamoqda.

16 may kuni rafiqasi Yulya Navalьnaya erining blogida uning qamoqdan turib yo‘llagan mujdasini yozdi:

“Hammangizga ko‘rsatayotgan tayanchingiz uchun tashakkur. Firibgar va o‘g‘rilar hozir bir narsani – qo‘rqoqligimizni kutmoqda. Ular kutganlarini ola olmaydi”¸ deb mujda yo‘lladi o‘z tarafdorlariga Navalniy 16 may kuni.
XS
SM
MD
LG