Линклар

logo-print

Yozef Blatter: Men sizdan uzr so‘ragani keldim


FIFA rahbari Yozef Blatter Toshkentda o‘zbekistonlik yosh futbolchilar bilan uchrashmoqda.

FIFA rahbari Yozef Blatter Toshkentda o‘zbekistonlik yosh futbolchilar bilan uchrashmoqda.

Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida FIFA rahbari ayollar o‘rtasidagi futbol chempionatiga mezbonlik qilish huquqi O‘zbekistondan olib, Yaponiyaga berilgani haqidagi savolga javob berar ekan o‘zbekistonlik futbol ishqibozlaridan buning uchun kechirim so‘radi.

O‘zbekistonga safar qilayotgan Xalqaro futbol federatsiyasi – FIFA rahbari Yozef Blatter chorshanba kuni tashrifi yakunlariga bag‘ishlab Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida mamlakatda futbolning rivojidan juda hayratda ekanini ta‘kidladi.

Toshkenda qurilayotgan yangi o‘yingohlar hamda “Forumlar saroyi” va “Simpoziumlar saroyi”ni ko‘zdan kechirgan Blatter O‘zbekiston nafaqat FIFAning yillik yig‘inlari, balki nufuzli xalqaro musoboqalarga ham mezbonlik qilishga tayyor ekanini qayd etdi.

- Bir so‘z bilan aytganda O‘zbekiston FIFA kongressini qabul qilishga tayyor. Nafaqat kongress, balki terma jamoalar ishtirokidagi musobaqalarni ham qabul qilishi mumkin. 2022 yilga qadar mezbonlar aniqlangan. Umid qilaman, 2030 yilda O‘zbekistonda jahon chempionatini o‘tkazish imkoniyati paydo bo‘lishi mumkin,- dedi Blatter.

O‘zbekiston kelasi yil FIFAning yillik konferentsiyasiga mezbonlik qilishga da‘vogar 8 davlatdan biridir.

O‘zbekiston Futbol federatsiyasi rasmiylariga ko‘ra, bu yil mamlakatda yettita yangi stadion topshiriladi. Bu stadionlarning barchasi xalqaro talablarga javob beradigan, FIFA va AFC musobaqalarini o‘tkazish mumkin bo‘lgan stadionlardir.

- O‘zbekistonda infratuzilmaning rivojlanayotgani haqida umumiy tasavvurga ega bo‘ldim va aytish mumkinki, bu tuzilma kelajak uchun tayyor. Bundan tashqari xalqaro musobaqlar uchun lozim bo‘ladigan tizimni yanada rivojlantirish kerak,- dedi Yozef Blatter.

Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida FIFA rahbariga ayollar o‘rtasidagi futbol chempionatiga mezbonlik qilish huquqi O‘zbekistondan nega olib qo‘yilgani haqida ham savol berildi.

2012 yilda O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan 20 yoshgacha bo‘lgan ayollar o‘rtasidagi futbol bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qilish huquqini FIFA o‘tgan yilning dekabrida Yaponiyaga berishga qaror qilgan edi.

Bunday qarorga O‘zbekistonning "qator tashkiliy va texnik sabablarga ko‘ra", chempionatni o‘tkazishga tayyor emasligi sabab bo‘lgani aytilgan.

- Bu juda noxush qaror bo‘lgan. O‘tgan ishga salovot. Lekin baribir axborot sifatida sizga aytib o‘tishim kerak, bu holat uchun barcha mas‘uliyatni FIFA o‘z zimmasiga oladi. Bu o‘rinda O‘zbekiston futbol federatsiyasining hech aybi yo‘q. Bu ish avvaldan noto‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan, avvalo diqqatliroq bo‘lishimiz va ishni yaxshiroq tashkillashtirishimiz kerak edi. Men bugun rasman FIFA prezidenti sifatida uzr so‘rash uchun keldim,- dedi Yozef Blatter.

Shu o‘rinda FIFA rahbari O‘zbekiston 2015 yilda bo‘ladigan futbol bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qilishi mumkinligini aytdi.

- Agar FIFA kalendariga ko‘ra, 2015 yilda 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida jahon chempionati Osiyoda o‘tkazilishi mumkin. O‘zbekiston ushbu musobaqani qabul qilishga yaqin turibdi. Yana bir narsani qo‘shimcha tarzda aytib o‘tmoqchiman, 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi musobaqani o‘tkazish bu 52 ta o‘yinni qabul qilish degani. Bu esa 6 ta stadion kerak degani. Yigirma yoshlilar o‘rtasidagi jahon chempionati FIFA uchun muhimligi jihatidan ikkinchi o‘rinda turadigan musobaqasidir,- dedi Yozef Blatter.

Bu FIFA rahbari Yozef Blatterning bu lavozimda O‘zbekistonga qilgan uchinchi tashrifidir. Blatter O‘zbekistonga so‘nggi bor 2007 yilda tashrif qilgan. O‘shanda u va Osiyo futbol konfederatsiyasining o‘sha paytdagi rahbari bo‘lgan Muhammad Bin Xammamni O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov “Oqsaroy” qarorgohida qabul qilgan edi.

O‘zbekiston Futbol federatsiyasi rasmiylariga ko‘ra, bu safar ham janob Blatterning prezident Karimov bilan uchrashishi rejada bor.
XS
SM
MD
LG