Линклар

"AQSh ma‘naviy mas‘uliyatni unutmasligi lozim"


AQSh Kongressi qoshidagi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik komissiyasi o‘tkazgan yig‘inda o‘zbekistonlik sobiq siyosiy mahbus Sanjar Umarov ham qatnashdi.

AQSh Kongressi qoshidagi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik komissiyasi o‘tkazgan yig‘inda o‘zbekistonlik sobiq siyosiy mahbus Sanjar Umarov ham qatnashdi.

15 may kuni AQSh Kongressi qoshidagi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik komissiyasi Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi siyosiy mahbuslar masalasiga bag‘ishlangan eshituv o‘tkazdi. Unda qatnashgan inson huquqlari faollari va o‘zbekistonlik sobiq siyosiy mahbus Sanjar Umarov AQSh hukumatini bu mamlakatlar qamoqlarida qolayotgan muxolifat yetakchilari, dindorlar va jurnalistlarning ozod etilishi uchun avtoritar rejimlarga nisbatan bosimni kuchaytirishga chaqirdi.

Seshanba kuni AQSh Helsinki komissiyasi nomi bilan tanilgan kongress qo‘mitasida o‘tkazilgan yig‘inda chiqish qilgan Sanjar Umarov, jumladan O‘zbekiston qamoqlaridagi qiynoqlar masalasini ham ko‘tardi.

- Men kabi siyosiy mahbuslarning har biriga tergovchilar, qamoq nozirlari va ma‘murlarining tazyiq va qiynoqlari oqibatida qurbon bo‘layotgan minglab boshqa mahbuslar to‘g‘ri keladi,- dedi hozirda AQShda muhojirlikda yashayotgan sobiq siyosiy mahbus Sanjar Umarov.

Serquyosh O‘zbekistonim muxolifat harakati asosichisi 2006 yilda soliqdan bo‘yin tovlash ayblari bilan 7 yilga qamalgan va Qo‘shma Shtatlar aralashuvi tufayli jazoning 4 yilini o‘tab ozod etilgan edi.

- Qo‘shma Shtatlar va jahon hamjamiyati, ayni damlarda, O‘zbekiston qamoqlarida qiynoqqa solinayotgan minglab mahbusni himoya qilishi kerak. AQSh va jahon hamjamiyati O‘zbekiston hukumatidan siyosiy ta‘qiblar va mahbuslarning qiynoqqa solinishiga oid vaziyatni hal etish bo‘yicha aniq va konkret choralar ko‘rishini talab qilishi kerak,- dedi yana Umarov.

AQSh Helsinki komissiyasidagi yig‘in Vashington va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar uchun siyosiy manfaatlar yo‘lida inson huquqlari masalasi orqa planga o‘tib ketayotgani to‘g‘risidagi xavotirlar kuchayayotgan paytda o‘tkazildi.

Muhim mintaqa


AQShning Afg‘onistondagi harbiy harakatlari uchun yuklarni tranzit qilishda muhim rol o‘ynayotgan Markaziy Osiyo rejimlari siyosiy erkinliklarni bostirib kelayotgani uchun yillar davomida tanqid qilib kelinadi.

AQSh hukumati bu mamlakatlar yetakchilari bilan uchrashuv va o‘zaro suhbatlarda inson huquqlarining toptalayotgani masalasini ko‘tarayotganini aytib keladi.

AQSh Xalqaro diniy erkinliklar komissiyasi mulozimi Ketrin Kosman Helsinki komissiyasi a‘zolari oldida qilgan chiqishida Vashington Markaziy Osiyodagi minglab siyosiy mahbuslarga umid berishi lozim deya ta‘kidladi.

Uning aytishicha, Afg‘onistonga tranzit yo‘li vazifasini bajaryotgan Shimoliy ta‘minot tarmog‘ida muhim rol o‘ynayotgan Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan munosabat qilish Qo‘shma Shtatlar uchun bu rejimlarga bosim o‘tkazish uchun imkoniyat bo‘lishi mumkin.

- Ko‘pchilik Shimoliy ta‘minot tarmog‘i bois, siyosiy til bilan aytganda, Qo‘shma Shtatlar bu hukumatlarga inson huquqlari borasidagi xavotirlarini ayta olish uchun pozitsiyasi zaiflashgan deb hisoblaydi. Lekin, shaxsan men, aslida buning aksi deb hisoblayman. Chunki bu hukumatlar o‘ta ko‘rruptsiyalashgan, AQSh hukumati esa tranzit uchun ularga katta pul to‘laydi va bu hukumatlar mulozimlari bundan shaxsan manfaat ko‘radi, dedi Ketrin Kosman.

"Ma‘naviy mas‘uliyat"


Shu sababdan, deya qo‘shimcha qildi Xalqaro diniy erkinliklar komissiyasi vakili, Qo‘shma Shtatlar inson huquqlari masalasini kun tartibiga chiqarishda Shimoliy ta‘minot tarmog‘idan vosita sifatida foydalansa, bu muammoni hal etish uchun foydadan holi bo‘lmaydi.

Kosman o‘z chiqishida diniy erkinliklar masalasida mintaqa mamlakatlari orasida, ayniqsa, Tojikistonda vaziyat ayanchli tus olayotganini qayd etdi.

Yig‘inda qatnashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi tadqiqotchisi Muzafaar Sulaymonov o‘z chiqishida Qirg‘izistonda umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan huquq faoli va jurnalist Azimjon Asqarov masalasini ko‘tardi.

- Azimjon Asqarov ishi Qirg‘izistonda mojarodan keyin matbuot erkinligi bostirilayotganiga yorqin misoldir. Bu mamlakatda bir paytlar juda faol bo‘lgan o‘zbek matbuoti siyosiy tahdid va ta‘qiblar bois deyarli yo‘qqa chiqarldi, dedi Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi vakili.

Etnik o‘zbek bo‘lgan Azimjon Asqarov Qirg‘iziston sudi tomonidan 2010 yil O‘sh voqekalarini uyushtirganlikda ayblanib umrbod qamoqqa tashlangan. Asqarov va uning tarafdorlari bu hukm jurnalistning kasbiy faoliyati bilan bog‘liqligini aytib keladi.

Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi vakili Muzaffar Sulaymonov shuningdek, O‘zbekistonda matbuot erkinligi bo‘g‘ilganiga misol o‘laroq, mamlakat qamoqlarida qolayotgan va rasmiylarning doimiy ta‘qibida bo‘lgan jurnalistlar masalasini ko‘tardi.

Bu bilan, dedi u, O‘zbekiston hukumati “jurnalistning yo‘li qamoqqa eltadi” qabilidagi mujda yubormoqda.

Yig‘inda qatnashgan AQSh Kongressi vakili, Helsinki komissiyasi a‘zosi Stiven Koen Vashington ba‘zi hollarda siyosiy manfaatdan kelib chiqib, Afg‘oniston masalasida hamkorlik evaziga Markaziy Osiyoning avtoritar yetakchilari bilan munosabat qilishini tan oldi. Lekin, dedi u, Vashington buning uchun “ma‘naviy mas‘uliyatni” ham esdan chiqarmasligi lozim.
XS
SM
MD
LG