Линклар

Rossiya mulozimining bayonoti hammani hayron qoldirdi


Rossiya Narkotik moddalarni nazorat qilish Federal xizmati rahbari Viktor Ivanov.

Rossiya Narkotik moddalarni nazorat qilish Federal xizmati rahbari Viktor Ivanov.

Markaziy Osiyo mamlakatlarida yalpi ichki mahsulotning 40 foizi qismi jinoiy harakatlar, ayniqsa noqonuniy narkotik savdosi ortidan keladi. Rossiya Narkotik moddalarni nazorat qilish Federal xizmati rahbari Viktor Ivanovning bunday bayonoti tahlilchilarni hayron qoldirdi.

Rossiya hukumati qoshidagi Taraqqiyot va narkotiklarga qarshi kurash komissiyasida qilgan chiqishida Viktor Ivanov o‘zi boshqarayotgan idoraning asosiy maqsadlaridan biri - Markaziy Osiyo mamlakatlarining iqtisodiy va gumanitar taraqqiyotini ta‘minlash, mahalliy aholining turmush sifatini oshirishda bevosita ishtirok etish ekanini ta‘kidladi.

15 may kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Rossiya narkopolitsiyasining bunday tashabbusi sabablarini Ivanov bunday tushuntirishga urindi.

- Haqiqatan, hisob-kitoblarimizga ko‘ra, narkotik moddalari ishlab chiqarish va tranzit qilish mamlakatlari yalpi ichki mahsulotining 40 foizigachasini tashkil etadigan iqtisodiy jinoyatlar qonuniy faoliyat bilan almashtirilishi zarur. Masalan, Afg‘onistonda mahalliy dehqonlar va narkobaronlarning daromadi 4 milliard AQSh dollarini tashkil etadi, yalpi ichki mahsulot esa jami 22 milliard dollarga teng, ya‘ni bu 20 foizni tashkil etadi, deydi Viktor Ivanov.



(Bu video Rossiya narkotiklarni nazorat qilish federal xizmati matbuot markazi tomonidan taqdim etildi)

Rossiya hukumatining bunday nufuzli amaldori keltirgan bu iddaolar tahlilchilarni hayron qoldirmoqda.

Rossiya strategik tadqiqotlar instituti eksperti Ajdar Qurtov narkonazorat rahbari keltirgan bu raqamlar mas‘uliyatsizlik ekanini aytadi.

“Gap shundaki, Markaziy Osiyoning besh mamlakati umumlashtirilib berilayotgan raqamlar haqiqatga mos kelmaydi”,- deydi Ajdar Qurtov.

- Markaziy Osiyo mamlakatlarini oladigan bo‘lsak, bu raqamlar aniq oshirib yuborilgan, chunki ham Turkmanistonda, ham Qozog‘istonda asosiy daromadlar qazilma boyliklardan. O‘zbekiston masalasida ham 40 foiz to‘g‘risida mutlaqo gapirib bo‘lmaydi; O‘zbekiston iqtisodiyoti ham qishloq xo‘jaligi, ham qazilma boylik, biroz bo‘lsada ishlab chiqarishlarga tayanib keladi. Beshlik orasida bu raqam Tojikistonga tegishli bo‘lishi mumkin, lekin hatto u yerda ham bu ko‘rsatkich 40 foizni tashkil etmaydi, deydi ekspert Ajdar Qurtov.

Markaziy Osiyo bo‘yicha mutahassis Qurtov Tojikistonda narkotiklardan davlat yalpi ichki mahsulotiga tushayotgan daromad eng ko‘pi bilan uchdan bir qismini tashkil etishi mumkinligini taxmin qilsa bo‘ladi, deya qo‘shimcha qildi.

O‘zbekiston masalasiga to‘xtalgan Ajdar Qurtov, rasmiy Toshkent olib borayotgan keskin izolyatsiya siyosati afg‘on narkobiznesi va boshqa jinoiy strukturalarning bu mamlakatda narkotik savdosi bilan shug‘ullanish imkonlarini cheklab qo‘ygan, deydi.

- Mening fikrimcha, aslida O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 3-5 foizni tashkil etishi mumkinligini aytsa bo‘ladi, deydi ekspert.

Qurtovning fikricha, Ivanovning muammoni bunday tarzda sun‘iy bo‘rttirib ko‘rsatishi o‘zi boshqarayotgan idoraga byudjetdan qo‘shimcha mablag‘ ajratilishiga umid qilayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

- Tushunarli, uning tashkiloti narkotik savdosiga qarshi kurash uchun javob beradi va qanchalik xavf yuqoriroq bo‘lsa, shunchalik mablag‘ ajratilishi ham oshib boradi.

FSKN rahbari seshanba kuni qilgan chiqishida narkotiklar noqonuniy savdosi va tranziti o‘rniga mintaqa mamlakatlarida sog‘lom iqtisod yaratish kerakligini ham aytib o‘tdi. Bu maqsadlarni amalga oshirish uchun Viktor Ivanov Markaziy Osiyoni rivojlantirish korporatsiyasini tuzishni taklif qilib, tuzilma doirasida o‘nlab dasturlarni amalga oshirish tashabbausini ilgari surdi.

Davosdagi Butunjahon iqtisodiy forumida keltirilgan raqamlarga ko‘ra, narkomafiya jahon iqtisodiyotiga yiliga 3 trillion dollar zarar keltirmoqda; kamida 8 million odam bang moddalarining eng xavfli turi - geroin iste‘mol qiladi; 141,2 million odam – nasha va shu kabi yengil narkotiklarni doimiy ravishda iste‘mol qilib keladi.

Rossiya Narkotik moddalarni nazorat qilish Federal xizmati ma‘lumotiga ko‘ra, MDH mamlakatlarida narkotiklardan har yili 20 ming odam nobud bo‘ladi.
XS
SM
MD
LG