Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:27

O‘zbekiston 497 shirkatni sotuvga chiqaradi


O‘zbekiston hukumati mamlakat investitsion muhit imijini oshirish maqsadida, tarixida ilk bora neft, gaz, energetikaga sohalarida ishlovchi yuzlab korxonani sotuvga chiqardi. Ayni paytda, tahlilchilar fikricha, xorij sarmoyadorlari O‘zbekistonda duch kelayotgan muammolar bu urinishlarning besamar ekanini ko‘rsatadi.

O‘zbekiston kelasi ikki yil mobaynida davlat tasarrufidagi 497 shirkatni xususiy sektorga sotishni rejalagan.

Neft, gaz, energetika, metallurgiya, qishloq xo‘jaligi, elektronika va farmatsevtika sanoatiga oid korxonalar sotuvga chiqariladi.

Bu haqda Ozodlikka bildirgan Davlat mulk qo‘mitasi huzuridagi axborot-konsalting xizmati rahbari Ulug‘bek Tolipovga ko‘ra, davlat aktivlarining bu qadar ko‘p tarzda bozorga tashlanish rejasi ilk marotaba bo‘lmoqda.

- Privatizatsiya boshlangan paytdan beri o‘tgan 20 yildan ziyod vaqt mobaynida xorijiy investorlarni jalb qilish bo‘yicha prezidentimiz qaroriga ko‘ra, amalga oshira boshlaganimiz eng katta reja bu.

Tolipovga ko‘ra, bu tadbir chet el sarmoyadorlarini jalb qilish va O‘zbekiston texnologik potentsialini yuksaltirish maqsadida qilinmoqda.

Monopoliya girdobiga tushish havfi


Seshanba kuni O‘zbekiston Davlat mulk qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Sayfiddin G‘afforov Toshkentda mahalliy jurnalistlar oldida chiqish qilib, 497 shirkat bilan birga 63ta qurilishi tugallanmagan shirkatni “0” qiymatda sotilishini bildirdi.

Toshkentlik tahlilchi Malik Abdurazzoqov bunday holatda haridorlar diversifikatsiya qilinmasa, milliy manfaatlarga ziyon yetib, korxonalar monopolistlar qo‘liga o‘tib ketishi mumkinligidan xavotir bildirdi.

Davlat aktivlarining ko‘p miqdorda, imtiyozli tarzda sotuvga qo‘yilishi O‘zbekistonda “yovvoyi kapitalizm” boshlanib, uglevodorodni qayta ishlash sohasi monopolist shirkatlar qo‘liga o‘tib ketadi degani emas, deydi mulk qo‘mitasi mulozimi Ulug‘bek Tolipov:

- Monopoliyachilar qo‘liga berib qo‘ymaymiz. Sotib olayotgan odamlarni ko‘rib, hammasi nazoratga olinib qilinadi. Kim olayotganiga ham qarab, bu odam O‘zbekistonga nima olib keladi, nima beradi degan savollarga javob topilganidan keyin sotish masalasi ko‘riladi. Sotuv tendor asosida biznes rejaga ega bo‘lgan jiddiy haridorlar ishtirokida bo‘ladi. Birdaniga “men sotib olmoqchiman” deb kelgan odamga berib qo‘ymaymiz, deydi Tolipov.

Xalqaro bo‘hron fonidagi tadbir


O‘zbekiston hukumati kelgusi ikki yilga mo‘ljallangan xususiylashtirish dasturni boshlagan paytda dunyo iqtisodi chuqur bo‘hronni boshdan kechirmoqda, deydi Malik Abdurazzoqov.

- O‘zbekiston ihotalangan bo‘lsa ham dunyo iqtisodiy jarayonlari ta‘sir qilmasdan qolmaydi. Shu ma‘noda O‘zbekiston hukumati o‘z yelkasida yuk bo‘lib turgan shirkatlardan qutulmoqchi.

Suhbatdoshga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalar kiritish 2012 yilning birinchi choragida o‘tgan yilning ayni muddatiga nisbatan ikki baravarga qisqargan. 2011 yil boshidagi uch oyda O‘zbekistonga kiritilgan sarmoya miqdori yarim milliard dollarni tashkil etgan. Shu yilning dastlabki uch oyida esa chet el shirkatlari O‘zbekiston iqtisodiyotiga 215 million AQSh dollari yotqizgan.

- Shuning o‘zi O‘zbekiston bo‘hrondan himoyalanmagan degan gapimga misol, deydi Abdurazzoqov.

Sarmoyadorlarga ichki tahdid


O‘zbekiston hukumati aprel oyida xorijiy sarmoyani mamlakat iqtisodiyotiga jalb etish niyatida kafolat va imtiyozlarni taklif qildi.

Bu qarorga ko‘ra, 5 million dollardan ziyod pul kiritgan investor o‘n yil davomida har qanday davlat soliqlaridan ozod etiladi.

Ayni paytda investorlar O‘zbekistondagi korruptsiyadan qo‘rqishadi. Keyingi ikki-uch yil ichida xorijlik qator sarmoyadorlar O‘zbekistondan chiqarib yuborilgan edi.

Malik Abdurazzoqov nazarida O‘zbekistonga sarmoya kiritish niyatida bo‘lganlarni korruptsiya tarzidagi ichki omil hurkitmoqda.

Quyida Malik Abdurazzoqov bilan suhbatni tinglashingiz mumkin.



O‘zbekistonda ish yuritgan tadbirkorlar Ozodlik bilan suhbatda o‘zlariga tegishli korxonalar tortib olinganidan shikoyat qilishgan edi.

Kuni kecha to‘laligigcha Hindiston sarmoyasi hisobidan olti yil avval ish boshlagan “Spentex Toshkent Toytepa” korxonasi Toshkent viloyati xo‘jalik sudi tomonidan bankrot deb e‘lon qilindi.

Bundan oldin Britaniyaning “Oxus Gold”, Turkiyaning “Turkuaz”, Rossiyaning “Vimm-Billь-Dann”, AQShning “Newmont Mining” shirkatlari ham O‘zbekistonda muammoga duch kelgani bois mamlakatdan chiqib ketishgan edi.
XS
SM
MD
LG