Линклар

Shvetsiya politsiyasi taniqli imom Obidxon qori Nazarovni o‘ldirishga uringan shaxsga yordam berganlikda ayblanayotgan ikki O‘zbekiston fuqarosini qo‘lga oldi.

Shoshilinch xabar


Obid qori Nazarovga uyushtirilgan suiqasd bo‘yicha tergov olib borayotgan Shvetsiya prokurori Krister Petersonning Ozodlikka aytishicha, asli o‘zbekistonlik bo‘lgan ikki shaxs 15 may kuni Shvetsiya janubidagi Skene shahrida qo‘lga olingan.

Janob Petersonga ko‘ra, ikkala o‘zbekistonlik 2006 yilda Shvetsiyadan siyosiy boshpana olgan Obidxon qoriga qarshi suiqasd uyushtirishga ko‘maklashganlikda gumonlanmoqda.

- Imomni o‘ldirish urinishiga ko‘maklashgani gumonlanayotgan ikki shaxs hibsda. Ularni hibsga olish uchun asosli sabab va dalillar bor, dedi Ozodlik bilan suhbatda Peterson.

Hozirda shved prokuraturasi ushlanganlarni hibsda saqlashni so‘rab mahalliy hakamga talabnoma kiritgan.

Ikki gumondor ustidan sudning juma kuni bo‘lishi va shu kuni jurnalistlar uchun matbuot anjumani o‘tkazilishi aytilgan.

2006 yildan buyon Shvetsiyada yashab kelayotgan imom Obid qori Nazarov 22 fevral kuni Stryomsund shahridagi uyi yaqinida noma‘lum shaxs tarafidan otib ketilgan edi.

Politsiyaga ko‘ra, hozirda kasalxonada qolayotgan o‘zbek imomining ahvoli og‘ir va u uch oydan beri koma holatida qolmoqda.

Jurnalistik surishtiruv


12 may kuni Shvetsiyadagi mahalliy Östersund Posten gazetasi muxbiri Tord Andershon taniqli o‘zbek imomi Obid Qori Nazarovga qilingan suiqasdning yangi tafsilotlarini yozdi.

Tord Andershon Ozodlik bilan suhbatda guvohlar bergan ko‘rsatmalar asosida suiqasdni amalga oshirganlikda Boltiqbo‘yi davlatlaridan biri fuqarosi gumonlanayotganini aytadi.

Jurnalistning o‘z surishtiruvlaridan chiqargan xulosasiga ko‘ra¸ Obid qori Nazarovga qarshi suiqasd buyurtmachisi O‘zbekiston maxfiy xizmatlari bo‘lishi mumkin.

Tord Andershonning 12 may kuni chop qilingan maqolasi o‘zbek imomi Obidxon qori Nazarov yashagan Strumsondning Tingvalla deb nomlangan sokin go‘shasiga vahima ruhi oralagani tasviridan boshlanadi.

Suiqasd guvohlari bilan suhbatlariga asoslangan Tord Andershon shu paytgacha noma‘lum bo‘lgan tafsilotlarni maqola davomida ochiqlaydi.

Shubhali mehmon


Maqolada ehtimoliy jinoyatchining Strumsondga safari haqidagi qismi diqqatga sazovor.

“Fevral boshida sharqiy Yevropadan uchib kelgan samolyot Shvetsiya aeroportlaridan biriga qo‘nadi. Yo‘lovchilardan biri maxsus topshiriqga ega. U bojxona nazoratidan o‘tganidan so‘ng to‘g‘ri mashina ijara beradigan firmalardan biriga borib, ijaraga mashina oladi va Ye4 avtomagistralida o‘ziga belgilangan yo‘nalish bo‘yicha shimol tomon harakatlanadi.

Bir kecha-kunduzdan keyin u Strumsundga borib Tingvalla aholi yashash punktidagi mashinalar to‘xtash joyiga buriladi. Bu hududda, Lagman (Lagmansgatan) ko‘chasidagi kommunal ijara uylaridagi xonadonlardan birida uning qurboni, o‘zbek rejimi tanqidchisi, O‘zbekiston hukumati tomonidan qidirilayotgan va O‘rta Osiyo musulmonlarning peshqadam liderlaridan biri bo‘lgan Obid qori Nazarov yashaydi.”

Maqola davomida Tord Andershon o‘z jurnalistik surishtiruvi mobaynida bu noma‘lum shaxs zimmasiga yuklangan topshiriqni bajarish mobaynida o‘zini bildirmay harakat qilganini tasvirlaydi.

“Bu odamni keyingi haftalarda qishloqning turli go‘shalarda ko‘rish mumkin bo‘ladi. U bir kun ijaraga olingan mashinasi bilan Vattudal (Vattudalsskolan) maktabining mashina to‘xtash joyida paydo bo‘ldi va o‘zini gazeta o‘qiyotgandek ko‘rsatib, atrofga olazarak qaradi. Bu vaqtda Obidxon Nazarov maktabda edi va o‘qituvchilik uchun praktika mashg‘ulotlarida ishtirok etayotgan edi.”

Maqola muallifi Tord Andershon Ozodlik bilan suhbatda bu shubhali mehmon haqida Strumsonddagi ko‘plab kishilardan eshitganlarini bir mantiq zanjiriga ulab¸ manzaraning kemtik joylarini to‘ldirganini aytadi:

- Bir necha guvoh mashina rusumi va bu odamning yuz tuzilishini eslashdi. Ularning aksariyati bu odam shved emas, Boltiqbo‘yidan deyishdi¸ deydi muxbir.

Sustkash politsiyachilar yoki Lagman ko‘chasidagi jinoyat


Östersund Posten gazetasi muxbiri Tord Andershon o‘z jurnalistik surishtiruvi mobaynida Obid qoriga o‘q uzilganidan bir soat o‘tganidan keyin politsiya suiqasd ehtimolini o‘rgana boshlagan.

Politsiyachilar Obid qorini yiqilib lat yegan¸ deb hisoblashgan. Maqola muallifi 22 fevral kuni Obid qorining qadamlarini sekinlashtirilgan kino-lentadagi kabi aniq tasvirlaydi.

“Nazarov 22 fevral kunining o‘rtasida masjidga borishga shaylandi. U peshin namoziga imomlik qilish uchun kiyiladigan bosh kiyimini kiyayotgan payt jinoyatchi uni pod‘ezd zinapoyasida kutayotgan edi.

Aniqrog‘i¸ noma‘lum kimsa qorong‘u va tor yerto‘laga boradigan zinapoyada yerto‘la yo‘lagiga o‘tiladigan temir eshigi yonida turgan edi.

Nazarov uyining eshigini yopib zinalardan tushib ketayotgan paytda jinoyatchi unga orqa tomondan o‘q uzdi.

Qurolning tovush pasaytiradigan moslamasi bor edi va quloqqa faqat gurs etib birov zinada yiqilgandek ovoz eshitiladi.

Jinoyatchi yerto‘ladan chopib o‘tib, o‘sha uyning boshqa eshigi orqali tashqariga chiqadi. U qadamini sekinlashtirib, yelkasidagi ryukzagini quroli bilan birgalikda tashlaydi va mashinasiga o‘tirib, hududni tark etadi.”

Maqola davomida muallif uy yo‘lagiga tasodifan kirgan qo‘shni bolakayning ensasidan qon oqayotgan Nazarovga duch kelgani haqida yozadi.

Suiqasdni xayoliga ham keltirmagan qo‘shnilar tez yordam chaqirishadi. Ular nazarida keksa muhojir zinapoyadan yiqilib lat yegan¸ xolos.

Shved jurnalisti Tord Andershon bilan suhbatlashgan o‘zbeklar nima bo‘lganligini darrov tushunib yetganlarini aytishgan. Maqolada suiqasd guvohi bo‘lgan o‘zbek yigit gaplaridan iqtibos keltiriladi.

“U kishini birinchi ko‘rgan bolakay yiqilgan va ko‘p qon ketayapti¸ deb baqirdi. Men borgan zahotiyoq nima voqea ro‘y berganini tushunib yetdim. U yerda juda ko‘p qon ketgandi. Men darrov tushundimki, kimdir uni o‘ldirishga harakat qilgan”¸ degan muxbir bilan suhbatda o‘zbek guvoh.

Muxbirga ko‘ra aynan shu o‘zbeklar politsiyaga habar berishgan.

Politsiya bir keksaroq muhojir erkakning zinapoyalardan tushishi kabi baxtsiz hodisa degan¸ ma‘lumotni olish bilan kifoyalangan.

Yana maqoladan iqtibos:


“Vaqt o‘tardi. 30 minut, 45 minut, bir soat. Bu vaqt ichida voqea guvohlari buni bir baxtsiz hodisa deb o‘yladilar. Kichik kalibirli quroldan otildan o‘q joyi quloqning ortidan ko‘rinmasdi. Hech kim haqiqatda nima bo‘lganligini tushunib yetmasdi.

Lagman ko‘chasidagi jinoyat sodir etilgan joy, jinoyat joyi sifatida ko‘rib chiqilmaydi. Pod‘ezd to‘sib olinmaydi. Jinoyatchining izi ko‘pgina odamlarning bu yerga kirib chiqishi natijasida yo‘q bo‘lib ketadi. Yerdagi qon qatroni qirilib, spirtli yuvish vositasi bilan tozalanadi.”

Bu ma‘lumotlarni o‘rgangan shved jurnalisti Tord Andershon Ozodlik bilan suhbatda suiqasd uyushtirgan jinoyatchi ko‘zdan bemalol g‘oyib bo‘lish uchun bir soat vaqtga ega bo‘lganini aytadi. Maqola davomida yozilishicha¸ aynan bir soatdan keyin politsiyachilar voqeaning suiqasd ekanini tushunib yetishadi.

“O‘zbeklardan biri uyning yonidagi mashina to‘xtash joyidan ryukzak va qurol topib olgandi.”

Ammo¸

“Voqea ruy berganidan ikki soat o‘tgan bo‘lsa ham Nazarovning otilganligi haqida tibbiyot xodimlari tomonidan tasdiklovchi xabar kelmaydi. Soat 13.40 da politsiya bir saytda kichik xabar qo‘yadi. Xabarda ikkilanish nafasi sezilib turardi. Gap “jarohat olgan bir kishi” haqida, ”jarohat to‘g‘risidagi noaniqlik holati” va voqeaga yaqin joyda “revolьverga o‘xshagan predmet” topilganligi haqida borardi.

Tingvallaning katta qismi to‘silib, o‘rab olinadi. Hodisa joyiga texniklar chaqirtirilib o‘sha atrofda yashovchilarning uyiga birma bir kirib chiqiladi. Ammo bu to‘siq devorlari va o‘rab olinishlar befoyda edi. Jinoyatchi bir soat oldin qochib ulgurgan edi.”

Ozodlik bilan suhbatda Tord Andershon bundan keyin nima bo‘lganini politsiyaga havola qildi. Suhbat asnosida shved politsiyasi guvohlardan hodisa haqidagi 300 dan ortiq ma‘lumotlar yig‘ib olingani ma‘lum bo‘ldi.

Tord Andershon o‘z maqolasini Obid qori tarafdorlarining tili uchida turgan ayblov bilan yakunlaydi:

“Nazarov hali ham Ostersund kasalxonasida koma holatida yotibdi. Nazarov muxlislarining fikri aniq : Qori o‘zbek Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan yuborilgan yollanma qotil tomonidan otilgan!"
XS
SM
MD
LG