Линклар

12 may kuni inventerizatsiya uchun yopilgan avtosalonlar 17 maydan GM O‘zbekiston qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan avtomobillarni 12 foizdan 29 foizgacha qimmatlagan narx bilan savdo qilishni boshladi.

Yangi narxlar 17 maydan kuchga kirdi


"O‘zavtosanoat" hissadorlik kompaniyasi GM O‘zbekiston qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan avtomobillar narxi 12 maydan boshlab oshganligini e‘lon qildi.

17 may kuni ish boshlagan Toshkentdagi avtosalonlardan birining o‘zini tanishtirmagan sotuvchisiga ko‘ra, avtosalonda keyingi besh kun davomida inventerizatsiya o‘tkazilgan:

- Toshkentdagi avtosalonlar 12 maydan ofitsialno inventarizatsiyaga yopilgan edi. Bugundan yangi narxda mashinalarni sotishga ruxsat berildi. Avtomobillar turiga qarab 12 foizdan 29 foizgacha oshdi. Eng ko‘p oshgani Damas bo‘ldi. Uning eski narxi 16 million 583 ming so‘m edi. Endi uning yangi narxi 21 million 400 ming so‘m bo‘ldi, ya‘ni 5 million qo‘shildi, deydi avtosalon sotuvchisi.

Suhbatdoshga ko‘ra, Lasetti rusumidagi avtomobillar 12 foizga oshgan, 9 million turadigan Matiz avtomobili esa turiga qarab 12 million 841 ming so‘mgacha ko‘tarilgan.

Qimmat va qahat....


Ozodlik suhbatlashgan avtosalon xodimiga ko‘ra¸ erkin savdoga qo‘yilgan avtomobil yo‘q, hamma avtomobilga oldindan pul to‘lab¸ qariyb bir yilcha navbatda turgandan keyin sotiladi:

- Masalan, Lasetti oladigan bo‘lsangiz hozir dekabr oyiga fondlarimiz bor. Undan boshqa turdagi mashinalarga esa fevral-mart oylarida xaridorlar oldindan shartnoma qilib 85 foiz pulini to‘lab qo‘ygan. Hozir to‘g‘ridan-to‘g‘ri olaman desangiz¸ avtosalonda hech qanday mashina yo‘q, deydi Toshkentdagi avtosalonlardan birining sotuvchisi.

Avtomobil sotib olish uchun oldindan pul to‘lab qo‘ygan xaridorlar navbati kelganda¸ eski narx oshirilgan bo‘lsa¸ narxlar o‘rtasidagi tafovutni to‘lashga to‘g‘ri keladi. Ayni paytda O‘zbekistondagi do‘konlarda avtomobillar ham o‘zbek so‘mida, ham AQSh dollarida sotilmoqda.

"Shapkasi bor!"


O‘zbekiston o‘zi avtomobil sanoatiga ega bo‘lsa ham, o‘zbekistonliklar avtomobil sotib olish uchun oylab va yillab navbat kutishga majbur. Navbatni tezlatish va mashinaning rangini tanlash uchun avtosalonlarda korruptsiya avj olganligi aytiladi.

Xorazm viloyatining Pitnak tumanida istiqomat qiluvchi Shukurjon Iskandarova ikki yildan beri Damas avtomashinasini sotib ololmayotganini aytadi:

- Urganchdagi avtosalonga ariza berib qo‘yganman. Hali meni navbatim kelmagan emish. Har oyda yanagi oy keling deb aytishaveradi. O‘zimizda chiqqan moshina bo‘lsa, nega biz oddiy odamlar uni o‘z narxiga ololmaymiz, deydi Shukurjon Iskandarova.

GM-O‘zbekiston qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan avtomobillar narxi nima sababdan oshganligi haqida ma‘lumot olish uchun Ozodlik muxbiri “O‘zavtosanoat” kompaniyasi bilan bog‘landi.

Bu savolga kompaniyaning o‘zini tanishtirmagan xodimi, "hukumatdan shunday ko‘rsatma tushdi va shu asosda narxlar oshirildi"¸ deya qisqa javob berish bilan cheklandi.
XS
SM
MD
LG