Линклар

Toshkentda murabbo mavsumi boshlangani hamono shakar narxi ko‘tarildi. Qulupnay arzonlaganidan xursand bo‘lganlar, shakar kamligi va qimmatligidan xafa.

Toshkentdagi ulgurji shakar sotadigan shahobchalar oldida odamlar erta sahardan boshlab navbat kutishmoqda.

Toshkentlik 30 yashar uy bekasi Gulsara opa qulupnaydan murabbo qilish uchun shakar qidirib ovora bo‘lganini aytadi:

- Magazindagi bir kilo shakar narxi 4300 so‘mga chiqdi¸ulgurji savdoda kilosiga 3600 so‘m. Ammo bu arzon shakarni olish uchun ertalab soat 4 dan boshlab navbatda turdim. Keyin to‘polon bo‘lib ketdi. Bir kilo ham shakar ola olmasdan uyga keldim.

Toshkentdagi shakar tanqisligi borasida Ozodlik bilan suhbatlashgan Gulsara opa keyingi bir hafta ichida shaharda shakar tanqis bo‘lganini aytdi.

- Do‘konlarda shakar qimmatligi bois "O‘rikzor" bozori tarafda konteynerda shakar sotadiganlar oldiga bordim. Borsam, uzundan-uzun navbat. Soat 10 da ochildi. Navbatda turganlar shakar ola olishmadi. Qandaydir odamlar kelib mashinalarda qop-qop shakarlarni olib ketishdi.


Shirin hayotning badali


Ozodlik muxbiri O‘rikzor mavzeiga yaqin joydagi ulgurji shakar sotish shahobchasiga qo‘ng‘iroq qildi.

Qo‘ng‘iroqni o‘zini Shavkatjon deb tanishtirgan yigit ko‘tardi. Savolimizni eshitar- eshitmas¸ "Shakar yo‘q¸ qachon bo‘lishi ham noma‘lum" degan qat‘iy javobni berdi.

Toshkent shahar hokimiyati Savdo departamentining Ozodlik bog‘lanishga muvaffaq bo‘lgan mulozimiga ko‘ra¸ bu tanqislik mavsumiy xarakterdagi har yili yozda bo‘ladigan holat.

Mulozim bu izohdan nariga o‘tmadi.

Holva degan bilan og‘iz chuchimaydi


Toshkentning Do‘mbirobod mavzesida istiqomat qiluvchi 32 yashar Shafoat uchun shakarning qimmatlashi jiddiy muammo. Shafoat o‘z uyida holva pishirib bozorga olib chiqadi.

- Shakari qimmatga tushdi deb holvani narxini ko‘tara olmayman. Chunki yonimdagi sotuvchining holvasi arzon. Nima qilishni ham bilmayman. Ro‘zg‘orga yordamim tegib turuvdi. Endi o‘xshamay qolayapti.

Shakar qimmat¸ shikoyatga o‘rin yo‘q


Shakar qimmatligi bois biznesi zarar ko‘rgan Shafoat opaning birovga shikoyat qilish niyati yo‘q.

"O‘rikzor"dagi ulgurji shakar bozorida navbatda turib charchagan Gulsara opa nazarida odamlar bunday ahvolga ko‘nikib qolishgan.

- Kelinglar hokimiyatga shikoyat qilaylik desak¸ qo‘ying tinch yuraylik deyishdi. So‘nggi bir hafta mobaynida poytaxt oziq-ovqat do‘konlarida shakar kamayib ketdi. Bir kilogramm shakarning narxi qariyb 4300 ming so‘mga chiqdi. Ayni pishiqchilik payti, murabbo va konservalar yopiladigan mavsumda shakar narxining oshib ketishidan aholi norozi. Ammo mendan boshqasi bu haqda miq etmaydi¸ deydi Gulsara opa.

Eng qimmat shakar Toshkentda


Toshkent do‘konlarida sotilayotgan bir kilo shakar narxi dollarga chaqilganda 2 dollaru 30 tsentni tashkil qiladi.

Ayni paytda bir kilo shakarning narxi yashash eng qimmat bo‘lgan Shveytsariyada bir dollar 30 tsent¸ Chexiyada esa bir dollardir.

Nega shakar ishlab chiqaradigan O‘zbekistonda shakar bu qadar qimmat?

Xorazmning Hazorasp tumanidagi Shakar zavodida texnolog bo‘lib ishlovchi 48 yashar suhbatdosh ismi aytilmaslik sharti bilan ba‘zi savollarga oydinlik kiritdi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ zavod darvozasidan chiqqan paytda bir kilo shakarning narxi 1800 so‘mdan bo‘layapti.

Suhbatdan ayon bo‘lishicha¸ shakar narxini ulgurji savdogarlar ko‘tarmoqda.

Buning barobarida¸ mamlakatga tashqaridan shakar olib kelish huquqi “tanlangan” tadbirkorlar qo‘lida monopoliyaga aylangani bozorning qimmat holda turishiga omil bo‘lmoqda.

Bunisi hali holva


O‘tgan yilgi murabbo mavsumida bir kilogramm shakar narxi 3 dollardan sotilgan.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ bu O‘zbekistonda rekorda ko‘rsatkich bo‘lgan.

Toshkentlik uy bekasi Gulsara opa iyun o‘rtasida olcha murabbo mavsumi boshlanganida shakar yana oshishidan xavotirda.
XS
SM
MD
LG