Линклар

Olimpiya oltinining narxi qancha?


Londonda o‘tadigan Olimpiadada qatnashadigan britaniyalik sportchilar umuman pul mukofoti olmaydi.

Londonda o‘tadigan Olimpiadada qatnashadigan britaniyalik sportchilar umuman pul mukofoti olmaydi.

Londonda 2012 yil yozgi Olimpiada o‘yinlari boshlanishiga ikki oy qoldi. London Olimpiadasida ellikka yaqin o‘zbekistonlik sportchi 15 turdagi o‘yinda qatnashadi.

O‘zbekiston Olimpiada qo‘mitasi vakillarining aytishicha, o‘zbek sportchilari orasida oltin medal va boshqa sovrinli o‘rinlarga da‘vogarlik qilayotganlar bor. O‘zbekiston hukumati ham, sobiq ittifoq respublikalarining aksari kabi, olimpiya medali bilan qaytgan sportchilarga pul mukofotlari va‘da qilgan.

London yozgi Olimpiadasi 2012 yilning 27 iyulidan 12 avgustiga qadar davom etadi. Unda 31 sport turida 200 dan oshiq mamlakatdan kelgan minglab sportchi qatnashadi.

O‘zbekiston Olmipiya qo‘mitasining ismi aytilmasligini so‘ragan xodimi Ozodlik bilan suhbatda London musobaqalarida O‘zbekistondan kamida 50 sportchi 15 turdagi o‘yinlarda qatnashishini ma‘lum qildi.

- 15 sport turida qatnashamiz. Necha kishi qatnashishi iyun oyida aniq bo‘ladi. Lekin hozircha olimpiya komandamizda 50 ka yaqin sportchi bor, shuning uchun Londonga ketadigan sportchilarimiz soni 50 dan oshadi deyishimiz mumkin.

Ular orasida, dedi suhbatdoshimiz, oltin medallarga da‘vogarlik qilayotgan sportchilar bor:

- Sportchilarimizning dzyudo, eshkak eshish, kurash bo‘yicha yaxshi natijalarga erishishiga umid qilyapmiz. Masalan, kurashda jahon chempioni Rishod Sobirov, bokschi Rishod Rasulovlarga katta umidlarimiz bor. Boshqa sport turlari bo‘yicha ham yaxshi natijalarni kutayapmiz. Darvoqe, kurashchimiz Artur Taymazov ham oltinga da‘vogar, deydi Olimpiya qo‘mitasi vakili.


Chempionga 100 ming


O‘zbekiston hukumati Olimpadadan medal bilan qaytgan sportchilarga pul mukofotlarini va‘da qilgan.

Toshkentdagi Olimpiya zahiralari maktabi direktori Bahrom G‘ofurovning aytishicha, pul mukofoti miqdori O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov qarori bilan belgilangan.

- Prezidentimizning qarori borku. Oltin medalga 100 ming, kumush medalga 75 ming, bronzaga 50 ming. Bizda borku shunaqa.

Bahrom G‘ofurov ham o‘zbek atletlarining London olimpiadasida yaxshi natija ko‘rsatadi deyishga asos bor, deydi.

- Endi har bir, oxirgi olimpiadani olib qarasak, O‘zbekiston 200dan oshiq davlatlar o‘rtasida 40-o‘rinlarga kirib kelayapti. Men o‘ylaymanki, bu olimpiadada ëmon qatnashmaymiz. Hozircha 40tadan oshdi O‘zbekiston bo‘yicha olimpiyachilarimiz. O‘ylaymanki, dzyudodan, erkin kurashdan, yunon-rum kurashidan medallar bo‘lishi kerak. Boksdan bo‘lib qolishi mumkin.

Lekin deya qo‘shimcha qildi suhbatdoshimiz, o‘zbek sportchilari pul mukofotiga tama‘ qilmaydi, ularning asosiy maqsadi O‘zbekiston obro‘sini ko‘tarishdir.

Olimpiya medallari uchun pul mukofotlari nafaqat O‘zbekiston, sobiq ittifoq respublikalarining aksarida ham udumga aylangan.

Masalan, qo‘shni Qozog‘iston sportchilarni oltin uchun 250 ming AQSh dollari, kumush uchun 150 ming, bronza uchun 75 ming dollar bilan siylaydi. Rossiyada ham oltin medalning narxi – 140 ming, kumush – 85 ming, bronza – 55 ming turadi.

Olmipiya chempionlariga pul mukofoti bo‘yicha “chempion” Ozarbayjondir. Ozarbayjonlik olimpiya oltini sovrindoriga oz emas, ko‘p emas 750 ming AQSh dollari, kumush medal sohibiga 500 ming, bronza medali uchun 250 ming AQSh dollari pul mukofoti beriladi.

Olimpadada qatnashishning o‘zi mukofot


Shu o‘rinda badavlat G‘arb davlatlaridagi sportchilarga qancha pul berilar ekan, degan savol tug‘iladi.

AQSh Olimpiya qo‘mitasi chempionlar uchun pul mukofotlarini 1984 yilda joriy qilgan va o‘shandan beri uning miqdori o‘zgarmagan. Amerikalik atlet oltin uchun 25 ming, kumushga 15 ming, bronza uchun esa 10 ming dollar oladi. Lekin bu mukofot ularning musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rib, sarflagan vaqti va qilgan harajatini qoplash uchun tovon sifatida beriladi. Olimpiada o‘yinlarining barcha turdagi sport musobaqalarida qatnashadigan AQSh komandasiga tushib qolishning o‘zi sportchi uchun katta omad hisoblanadi.

Chexiya Olimpiya qo‘mitasi vakili Roman Klimentning aytishicha, Londonga boradigan 100 dan ortiq chex sportchisining birortasiga mukofot puli berilmaydi.

- Ularga mukofot puli berilmaydi, lekin sovrinli o‘rinlarni egallaydigan sportchilarimizga musobaqaga tayyorgarlik uchun ketqazgan vaqti evaziga oltin, kumush yoki bronza medaliga qarab ma‘lum miqdorda tovon puli beriladi, deydi janob Kliment.

Shved olimpiyachilari ham pul mukofoti olishmaydi. Byorn Fulim Shvetsiya Olimpiya qo‘mitasi matbuot vakili:

- Biz umuman pul bermaymiz. Biz sponsorlarimizdan tushgan pullarni sportchilarni tayyorlash uchun sarflaymiz. Sportchilarimiz shunga xursand. Lekin biz olimpiya jamoasiga tushishga muvaffaq bo‘lgan sportchilarni to‘la qo‘llab-quvvatlashni o‘z bo‘ynimizga olamiz. Bundan tashqari, olimpiadada sovrinli o‘rinlarni olgan sportchilarimiz shartnoma asosiy o‘z homiylarining moliyaviy yordamiga umid qilishlari mumkin, lekin bu ham ma‘lum qoidalarga rioya qilishlari kerak, ya‘ni olimpiya chempioni unvonini suiiste‘mol qilmasliklari lozim, deydi Shvetsiya Olimpiya qo‘mitasi matbuot vakili Byorn Fulim.

Aziz mushtariy, siz nima deb o‘ylaysiz, Olimpiadada qatnashib mamlakat obro‘sini ko‘targan sportchiga qancha mukofot berilishi kerak? Umuman berilishi kerakmi?
XS
SM
MD
LG