Линклар

18 may kundan boshlab Internetdagi eng katta ijtimoiy tarmoq Facebook o'z aksiyalari sarmoyadorlar uchun sotuvga qo‘ydi.

Axborot agentliklari xabariga ko‘ra, Facebook aksiyalarining boshlang‘ich narxi ayni damda 38 AQSh dollari atrofida. Bu esa tarmoq umumiy narixini 106 milliard dollarga yetkazdi.

Aksiyalar dastlabki savdosi Facebook asoschisi, 28 yashar Mark Zukerbergga 16 milliard dollar keltirishi keltirgani aytilmoqda.

Bundan 8 yil oldin atigi bir necha yuz dollar bilan boshlangan ijtimoiy tarmoq bugungi kunga kelib, birja tahlilchilariga ko'ra, eng qimmat baholangan Internet saytga aylandi.

Facebook 2004 yili o'sha vaqtda 20 yoshga kirgan Mark Zukerberg va uning do'stlari tarafidan Garvard universiteti yotoqxonasida ishlab chiqilgan edi.

Hozir dunyo bo‘ylab bu tarmoqning 900 milliondan ortiq foydalanuvchisi bor.

Facebook raqamlarda:


- Bir kunda Facebook tarmog'ida 2 milliard ma'lumot "like" qilinadi.

- Foydalanuvchilar Facebookga bir kunda kamida 250 million surat yuklashadi.

- Tarmoq dunyoning 70 tiliga tarjima qilingan (o'zbekcha versiyasi foydalanuvchilar tarafidan tarjima qilinmoqda).

- Facebook foydalanuvchisi bir kunda o'rtacha 32 daqiqa tarmoq ichida o'tkazadi.

- 900 million foydalanuvchisi bor Facebook mamlakat bo'lganida, aholisi soni bo'yicha dunyoda uchincha o'rinda bo'lar edi (Xitoy va Xindistondan so'ng).

- Boyligi 19,1 milliard AQSh dollariga teng Facebook asoschisi Mark Zukerberg dunyodagi eng yosh milliarderlar beshligiga kiradi.

- 106 milliard AQSh dollariga baholangan Facebookdagi 900 million foydalanuvchining har biri taxminan 110 AQSh dollari turadi.

- Bugungi kunga kelib O'zbekistonda 130 ming Facebook foydalanuvchilari bor. Bu ko'rsatkich yil sayin oshmoqda.


Facebook asoschisi 28 yoshli Mark Zukerberg 2010 yilda nufuzli "Time" jurnali tarafidan yilning eng mashhur insoni, deb e'lon qilingan.

"Forbes" nashri esa 2011 yilda Facebook asoschisini dunyodagi eng katta ta'sirga ega bo'lgan insonlar o'ntaligiga kiritgan edi.

Qizig'i shundaki, bugungi kunda 3500 ming kishi ishlaydigan Facebook shirkatiga asos solgan Mark Zukerberg minglagan talabalar orzusi bo'lmish Garvard universitetini tugatmasdan tashlab ketgan.
XS
SM
MD
LG