Линклар

Tojikiston prezidentining qizi Ozoda Rahmon ayollar huquqi mavzusida dissertatsiya yoqladi.

Mamlakat Tashqi ishlar vazirining muovini Rahmonova xonim endilikda huquq fanlari nomzodi unvoniga ham ega bo‘lishi aytilmoqda.

“1917-2011-yillarda Tojikistonda ayollar xuquqi va erki” mavzuidagi ilmiy ishni, Tojikiston Milliy unversitetidagi manbaning Ozodlikka bildirishicha, dissertatsion kengashining 15 a‘zosi yakdillik bilan quvvatlagan va “tojikistonlik ayollar vaziyatini yaxshilash bahonasida mamlakatda vakolatxona ochgan xorijiy tashkilotlar kofe-breyk tashkil qilishdan nariga o‘tmayotgan ayni kezda, mazkur ilmiy tadqiqot o‘ta muhim” ekani ta‘kidlangan.

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning ikkinchi qizi Ozodaning huquq bo‘yicha dissertatsiya yoqlashi borasida jamoatchilik avvalroq bir qator Internet saytlar orqali xabardor qilingan edi.

Biroq 25 may kuni dissertatsiya himoya qilinayotgan bino militsiya va xavfsizlik xodimlari tomonidan o‘rab olingani sababli Tashqi ishlar vazirligi rasmiysining ilmiy ishida tojik jamiyatidagi ayollar huquqi bilan bog‘liq muammolar qay tarzda yoritilgani aksariyat uchun noma‘lum bo‘lib qoldi.

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon mintaqada yagona serfarzand rahbar sanaladi - uning yetti qizi va ikki o‘g‘li bor.

Imomali Rahmon 2000-yillar o‘rtalarigacha farzandlarining omma nazaridan yiroqda bo‘lishiga urinib keldi, ammo 2007 yili, ya‘ni Ozoda Rahmon Tashqi ishlar vazirligining konsullik xizmatiga boshliq etib tayinlanganidan so‘ng bu qolip sindi. Shu tariqa prezidentning qolgan farzandlari ham ketma-ket jamoatchilikka tanishtirila boshladi.

2009 yili Ozoda Rahmon otasi Imomali Rahmonning farmoni bilan Tashqi ishlar vazirining muovini kursisini egalladi.

Prezidentning katta o‘g‘li Rustam Imomali yosh bo‘lishiga qaramay, uchta muhim lavozimni egallagan. Tojikiston Bojxona qo‘mitasining kontrabandaga qarshi kurash bo‘limi vazifasida ishlayotgan Rustam Imomali ayni kezda respublika Yoshlar tashkilotining rais muovini va mamlakat Futbol federatsiyasi raisi hamdir.

Hozirda Buyuk Britaniyada tahsil olayotgan Zarina Imomali ikki yil avval Tojikiston davlat televideniyesining ingliz tilidagi xabarlar boshlovchisi sifatida jamiyatga tanilgandi.

Prezident Imomali Rahmonning ikkinchi o‘g‘li Somoni Imomali shu yil may oyi boshida Buxarest shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro olimpiadada oltin medalь sohibi bo‘lgani 25 may kuni ommaga bildirildi.

Imomali Rahmon o‘tgan yili “Time” jurnali olib borgan bir tadqiqot xulosasida “hokimiyati xavf ostida qolgan o‘nta avtoritar davlat rahbari” ro‘yxatidan joy olgan edi.

Yer yuzidagi turli davlatlar ichki va siyosiy muhitini o‘rgangan mazkur jurnalning yozishicha, uzoq yillardan beri hukmronlik qilib kelayotgan o‘n avtoritar davlat rahbari kutilmaganda yuz berishi mumkin bo‘lgan davlat to‘ntarishi tufayli taxtdan qulashi mumkin.

Aholisining katta qismi ishsiz bo‘lgan Tojikistonda davlat sanoat korxonalarining qariyb 80 foizi mamlakatda ro‘y bergan fuqarolar urushidan (1992 va 1997 yillar - tahr.) so‘ng faoliyatini to‘xtatgan.

Norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, qariyb uch millionga yaqin tojikistonlik Rossiyada mardikorlik qiladi. Rossiyadagi tojiklar diasporasi mas‘ullarining aytishicha, tojikistonlik mehnat muxojirlarining taxminan 25 foizini qiz-juvonlar tashkil qiladi. Ular asosan qora ishlarni bajarishga majburligi ta‘kidlanadi.

Mamlakat ichkarisidagi ayollar bilan bog‘liq vaziyat, mustaqil tahlilchilar mulohazasicha, yanada ayanchliroqdir.

1992 yili Tojikistonda ro‘y bergan fuqarolar urushida rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, taxminan 25 ming ayol beva qolgan edi.

Mamlakatdagi ishsizlik, onalar va bolalar o‘limi, oilada ayollarga nisbatan zo‘ravonlik, jamiyatdagi ko‘pxotinlilik kabi dardli muammolar xalqaro tashkilotlarning diqqat markazida bo‘lib kelayotgani bu fikrlarni dalillashini aytadi tahlilchilar.
XS
SM
MD
LG