Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:34

Gulnora Karimova Monako shahzodasi va Klintonga homiylik qildi


Gulnora Karimova "Monako tunlari" xayriya ziëfatida aktër Billi Zeyn bilan birga.
Gulnora Karimova "Monako tunlari" xayriya ziëfatida aktër Billi Zeyn bilan birga.

Monako shahzodasi Albert II va AQSh sobiq prezidenti Bill Klinton jamg‘armalari uchun 23 may kuni o‘tkazilgan “Monako tunlari” nomli xayriya kechasining asosiy sponsori O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova bo‘ldi.

Bu haqda xabar tarqatggan “O‘zbekiston madaniyati va san‘ati forumi” jamg‘armasi (Fond Forum ) va O‘zbekistondagi Internet nashrlariga ko‘ra¸ xayriya kechasida Gulnora Karimova o‘z nomi bilan ataladigan “Guli” brendi hamda o‘zi rais bo‘lgan Fond Forum bilan hamkorlikda katta ekspozitsiyani namoyish etgan.

Bu haqda o‘z rus va ingliz tillaridagi sahifasida (o‘zbek tilida bu haqda xabar yo‘q– tahr.) ma‘lum qilgan Fond Forumning yozishicha¸ mehmonlarni shaxsan Monako shahzodasi Albert II va AQSh 42-prezidenti Bill Klinton qarshi olgan mazkur xayriya kechasining titul sponsori Gulnora Karimova bo‘lgan.

Fond Forum iddaosicha¸ Karimova xonim tashkil qilgan mazkur “ko‘rgazma orqali gala-ziyofat qatnashchilari o‘zbek madaniyatining zamonaviy texnologiyalar va milliy an‘analar uyg‘unligiga qurilgan yorqin qirralarini o‘zlari uchun kashf qilganlar”.

Bunday “kashfiyot”dan bahramand bo‘lganlar orasida esa¸ Monako qirollik oilasi a‘zolari barobarida aktrisa Diana Kryuger va uning qallig‘i Joshua Jekson¸ Hofit Golan¸ Rouz MakGoven¸ Gulnora Karimova uchun G‘arb zodagonlari eshiklarini ochib kelayotgan Chopard zargarlik shirkati vitse-prezidenti Karolina Shoyfele¸ aktyor Billi Zeyn¸ jaz qo‘shiqchisi Karo Emeralьd kabilar bo‘lgan.

Fond Forum “Monako tunlari” xayriya kechasining bosh sponsori Gulnora Karimova ekani haqida yozganiga qaramay¸ Monako qirollik oilasiga qarashli Royal Monaco Internet nashri¸ Gulnora Karimova saxovatpeshaligi haqida lom-mim demagan.

Faqat bitta o‘rinda – gala-ziyofat qatnashchilari ro‘yxatida nomi zikr etilgan Gulnora Karimova suratlari¸ unga qarashli saytlardan farqli¸ Monako rasmiy vebjurnalida biror joyda ko‘zga tashlanmaydi.

Dunyo qirollik oilalari hayotiga doir xabarlar tarqatuvchi “The Royal Correspondent” nashrining yozishicha¸ Monako shahzodasi va Bill Klinton jamg‘armalari uchun pul yig‘ish maqsadida uyushtirilgan mazkur kechada qatnashish uchun Hollivud yulduzlari va dunyoning qator milliarderlari 100 ming AQSh dollari miqdorida pul to‘laganlar. Kecha ishtiroklari o‘tkazilgan kim oshdi savdosida yana xayriya maqsadida ayrim noyob tuhfalarini sotib olganlar. Bunday qimmatbaho “tuhfalar” orasida Monako qirollik oilasi hamrohligida ular qasrini ziyorat qilish ham borligi aytiladi.

Kim oshdi savdosiga qo‘yilgan narsalar orasida¸ bu nashrga ko‘ra¸ Guli kollektsiyasiga oid olmos uzuk ham bor.

Monako shahzodasiga qarashli Monako jamg‘armasi dunyodagi atrof-muhit himoyasi va barqaror rivojlanish dasturlariga homiylik qilsa¸ AQSh 42-prezidenti Bill Klinton asos solgan Klinton jamg‘armasi jahondagi sog‘liqni saqlash¸ xususan bolalar salomatligini himoyalash¸ iqtisodiy rivojlanish va atrof-muhit himoyasi bilan shug‘ullanadi.

Gulnora Karimovning Guli brendi liboslari o‘tgan yil sentyabr oyida Nyu York Moda haftaligi rasmiy dasturiga kiritilgani AQSh matbuotiga oshkor bo‘lgach¸ huquq himoyachilari orasida jiddiy e‘tirozlarga sabab bo‘lgan edi. Amerika matbuoti va jamoatchiligi har yil millionlab bolalar davlat tomonidan majburan paxta dalalariga haydaladigan O‘zbekistondagi siyosat uchun prezidentning to‘ng‘ichi¸ mamlakatning Jenevadagi BMT idoralari va Ispaniyadagi elchisi Gulnora Karimova ham mas‘ul ekanini ta‘kidlagan edi. Matbuot va huquq himoyachilari bosimi ostida Karimova brendi ko‘rgamzasi Moda haftaligi rasmiy dasturidan chiqarilib¸ xususiy restoranga ko‘chirilgan edi.

Aftidan¸ mustaqil G‘arb nashrlari tanqidiga nishon bo‘lmaslik uchun Monako shahzodasi jamg‘armasi ham Klinton jamg‘armasi ham o‘z “titul sponsori” Gulnora Karimova saxovatpeshaligini ko‘z-ko‘z qilmaslikka qaror qilgan.
XS
SM
MD
LG