Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:17

Pop sudi Tojikiston fuqarosini 6 yilga qamadi


Namangan viloyati Pop tuman sudi tojikistonlik ovchini chegarani noqonuniy tarzda buzib o‘tganlik va o‘z uyida noqonuniy ravishda ov miltig‘i saqlaganlikda ayblab¸ unga 6 yillik qamoq jazosi tayinladi.

Tojikistonning Asht tumanida yashab kelgan Hamzaali Xidirov bundan olti oy avval chegarani noqonuniy buzganlikda gumonlanib, O‘zbekiston xavfsizlik xodimlari tomonidan ushlab ketilgan.

Namangan viloyatining Pop tuman sudida bo‘lib o‘tgan mahkama jarayonida qatnashgan mahkumning akasi Iqbol Nuriddinovga ko‘ra, tuman sudi Hamzaali Xidirovni davlat chegarasini noqonuniy buzganlikda aybdor deb topgan va 6 yilga ozodlikdan mahrum qilgan.

O‘tgan yilning 23 dekabrida Asht tumanining Sarvaqi qishlog‘idagi Hamzaali Xidirovga tegishli uy O‘zbekiston xavfsizlik xodimlari tomonidan tintuv qilingan. Tintuv chog‘ida Xidirovlar uyidan bitta ov miltig‘i topilib musodara qilingan, o‘shandan keyin Xidirov hibsga olinib, O‘zbekiston hududiga olib ketilgan.

Xidirov uyidan topilgan miltiqning asli o‘zbekistonlik do‘sti Barotali ismli shaxsga tegishli ekani aytilgan edi.

28 may kuni Ozodlik muxbiri suhbatlashgan Iqbol Nuriddinov ukasi bilan birga qamoqqa olingan Barotalining ozodlikdan mahrum qilingan-qilinmagani o‘zi uchun noma‘lum ekanini aytdi.

Tojikistonning anklav Sarvaqi qishlog‘i Namangan viloyatiga qarashli Pop tumanining qoq o‘rtasida joylashgan. Bu hududda esa¸ ikki davlat sarhadini belgilovchi chegara chiziqlarining aniq demarkatsiya qilinmani aytiladi.

Tojikiston So‘g‘d viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Sharif Nazarov o‘z idorasi shu yil boshida O‘zbekiston tomoniga rasman murojaat qilib, Hamzaali Xidirovning ozod qilinishini so‘raganini bildirdi.

“Biroq, deydi Nazarov, narigi tomon Tojikiston so‘rovini javobsiz qoldirdi”.

Tojikiston va O‘zbekiston fuqarolarining chegarani noqonuniy buzganlikda ayblanib, qamoqqa tashlanishi har ikki qo‘g‘ni mamlakatda tez-tez kuzatilib turiladi.

Ba‘zi hollarda shunday ayblov bilan qo‘lga olingan Tojikiston va O‘zbekiston fuqarolarga dastlabki tergov chog‘ida u yoki bu mamlakat foydasiga josuslik qilganlik aybi ham yuklatilayotgani tez-tez kuzatilmoqda.
XS
SM
MD
LG