Линклар

logo-print

Temirtovda 2 yashar bola quduqqa tushib nobud bo‘ldi


Yegor tushib ketgan quduq oldiga temirtovliklar o‘yinchoq va gullar olib kelishmoqda.

Yegor tushib ketgan quduq oldiga temirtovliklar o‘yinchoq va gullar olib kelishmoqda.

Qozog‘istonning Temirtov shahrida o‘tgan hafta ikki yashar bola kanalizatsiya qudug‘iga tushib ketib nobud bo‘ldi. 28 may kuni Yegor Xmil ismli bolakayni dafn qilish marosimi temirtovliklarning norozilik aktsiyasiga aylanib ketdi. Shahar ma‘muriyatidan quduqlarni yopish talabi bilan Ostonada ham namoyish o‘tkazildi. Prokuratura yosh bola o‘limi yuzasidan jinoyat ishi ochdi.

Dushanba kuni Temirtov shahrida kanalizatsiya qudug‘iga tushib ketib, nobud bo‘lgan ikki yashar Yegor dafn etildi. Bu hodisa 24 may kuni Yegor Xmil onasi bilan kechki sayrga chiqqan paytda ro‘y berdi. Onasining Yegorni quduqdan chiqarib olish urinishlari besamar bo‘ldi, bolakay kanalizatsiya quvurlaridan oqib ketdi. Uning jasadi oradan uch kun o‘tib topildi.

Dafn marosimiga kelgan minglab temirtovliklar shahar ma‘muriyatidan quduqlarni qopqoqlab qo‘yishni talab qilib bir soatlik norozilik namoyishi o‘tkazdi.

Dafn marosimida qatnashgan shaharliklar rasmiylardan quduqlar qopoqlarini o‘g‘irlaganlarni javobgarlikka tortish, shuningdek, “metallolom qabul qilish punktlari temir qopqoqlarni sotib olayotgani” yuzasidan tekshiruv o‘tkazishni talab qildi.

Nobud bo‘lgan bola qarindoshlaridan biri Ozodlik muxbiri bilan suhbatda Yegorning o‘limiga shahar ma‘muriyati mas‘uldir, deya ta‘kidladi.

— Yegorning o‘limi uchun shahar ma‘muriyati javobgar, deb hisoblaymiz. Chunki shahar rasmiylari bir necha yildan beri quduq qopqoqlarini sotib olayotgan metallolom punktlarini yopish uddasidan chiqa olmayapti. Bundan tashqari shahardagi quduqlar uchun javob beradigan “Oqjetpes” kommunal xizmati mas‘uliyati ham bor, deydi Yegorning qarindoshlaridan biri.

Ro‘y bergan fojia jaoatchilikning keksin e‘tiroziga sabab bo‘ldi. Shahardagi quduqlar qopqoqsiz bo‘lishidan tashqari, Temirtov favqulodda vaziyatlar xizmatida bolakayni qutqarish uchun kerakli uskunalarning yo‘qligi ko‘pchilikning noroziligiga sabab bo‘ldi. Jasadni topish uchun qo‘shni Ustь-Kamenogorsk shahridan g‘avvoslarni chaqirtirishga to‘g‘ri keldi.

Ikki yashar bolaning nobud bo‘lganiga qarshi norozilik aktsiyasi dushanba kuni poytaxt Ostonada ham o‘tkazildi.

Yegor tushib ketgan quduq oldiga temirtovliklar o‘yinchoq va gullar olib kelishmoqda.

Shahar hokimiyati quduqlar qopqoqlari o‘g‘irlab ketilayotgani bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan choralar ko‘rilishini va‘da qildi. Rasmiylar ota-onalar mas‘uliyatliroq bo‘lishlarini ham eslatishdi.

28 may kuni ikki yashar Yegor Xmil o‘limi yuzasidan jinoyat ishi ochildi.

- Hozircha bola o‘limi fakti bo‘yicha ish ochildi. Dastlabki tergov davomida shahardagi quduqlar, jumladan, ularning og‘izlari ochiq qolayotgani uchun mas‘ul shaxslar aniqlanadi. Ya‘ni bu shunchaki oddiy ishchilar emas, “Oqjetpes” korxonasi boshqaruvidagi xodimlar bo‘ladi, dedi Temirtov shahar prokurori o‘rinbosari Nurjon Surigaliyev.
XS
SM
MD
LG