Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:02

"Gulnora Karimova zamonamiz Nodirasi"


"Nodirabegim" spektakli ijodkorlari nazdida asar qahramonlari ba‘zi zamondoshlar obraziga uyqashdir.
"Nodirabegim" spektakli ijodkorlari nazdida asar qahramonlari ba‘zi zamondoshlar obraziga uyqashdir.
O‘tgan asrda ijod qilgan o‘zbek yozuvchisi Turob To‘laning “Nodirabegim” asari bugungi zamonga hamohang tarzda saxnalashtirildi, deb bildirdi teatr rahbari Bahodir Yo‘ldoshev Ozodlik bilan suhbatda.

Bu tarixiy spektakl qahramonlarini zamondoshlarimizga o‘xshatsak bo‘ladi, deydi spektaklda bosh rolni ijro qilgan 24 yashar Nazokat Narziyeva:

- Tashkilotchiligi, xalq bilan ishlashi, odamlarga yordam berishini misol qilib oladigan bo‘lsak, Gulnora Karimovani Nodirabegimga misol qilib olishimiz mumkin. Yurt uchun o‘zini qurbon qilib yoki yurt uchun hamma narsani qilish uchun ayol kishi emas, misol uchun, o‘zimizning prezidentimizni olib qarasak ham bo‘ladi. Ayol bo‘lmasa ham, erkak kishi bo‘lsa ham, prezidentimizning yurtimiz uchun jonkuyarlik qilayotganini olib qarashimiz mumkin, deydi Nodirabegim roli ijrochisi.

Nodirai Davron-Momoi Farg‘ona


Spektakl Turkiston tarixida murakkab davr bo‘lgan 19-asrdagi Qo‘qon xonligidagi siyosiy ziddiyat haqida.

Mamlakatni uzoq yil boshqargan Umarxon o‘limidan so‘ng Qo‘qon taxtiga 12 yashar Ma‘dalixon o‘tiradi.

Rasman Ma‘dalixon mamlakat rahbari deb e‘lon qilingani bilan, amalda davlatni Ma‘dalixonning onasi Nodirabegim yuritadi.

Spektaklda Nodirabegimning Qo‘qondagi madaniyat va san‘at rivoji uchun hissa qo‘shgani, mamlakatda yangi kanallar qazdirib, tashqi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlagani ko‘rsatiladi.

Nodirabegimning bu faoliyati saroydagi ba‘zi diniy guruhlarga yoqmaydi. Ular Nodirabegimni kofir deb e‘lon qilishadi.

Pirovardida Nodirabegimga muxolif guruhlar Buxoro amiri Nasrulloxon ko‘magida saroy to‘ntarishi o‘tkazadi.

1842 yilda Ma‘dalixon va Nodirabegim va ularga sodiq yuzlab saroy mulozimlari Nasrulloxon amriga ko‘ra qatl qilinadi.

Bu voqeadan sal o‘tib Qo‘qon xonligi va butun Turkiston ruslar tarafidan ishg‘ol qilinadi.

Hozirgi zamon uchun o‘rnak


“Diydor” teatri badiiy rahbari Bahodir Yo‘ldoshev Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda bu spektakl zamon zanjirlarini uzgani va kechagi kunning bugun uchun xulosalaridan iborat degan fikrni aytdi.

Spektaklda Nodirabegim saroyiga yovuz niyat bilan kiritilgan kanizak obrazi bor.
Diversant-terrorchi vazifasi yuklangan bu kanizak pirovardida qilgan ishlaridan tavba qiladi.

Spektaklda birdaniga ikkita rol, Uvaysiy va kanizak rolini ijro qilgan 24 yashar Dilorom Abduazimova Ozodlik bilan suhbatda tarixiy asarning bugun uchun saboqlaridan gapirdi:

- Osmon bilan yercha farqi bor kanizak bilan Uvaysiyning. Bittasi salbiy rol, bittasi ijobiy rol. Kanizakka keladigan bo‘lsak, endi u majburlikdan qilganda. Bu ishlarning hammasini Haqqul buyurgani uchun, o‘zi Amir Nasrullo shuning uchun jo‘natgan bo‘ladi. Kanizak Nodirabegimni chin dildan yaxshi ko‘radi. Onasiday hurmat qiladi. Juda ham sevadi Nodirani. Lekin majbur bo‘lganidan Umarxonni o‘ldiradi. Ko‘p ishlar qiladi kanizak. Juda ko‘p yomon ishlar qiladi, lekin oxirida tavba qilib haqiqiy Nodirabegimning roziligini olib hamma gunohlari uchun tavba qilib ketgani menga juda ham ta‘sir qiladi. Vijdoni qiynalgani uchun ham shu ishni qiladida. Oxirida tavba qilib o‘ladi. Shunisi mening kanizakka mehrimni oshirgan, deydi san‘atkor.

“Diydor” teatr studiyasida ijod qiladigan akter Sanjar Aliyev "Nodirabegim" spektaklining yaratilish jarayoni qiyin kechganligidan gapirdi:

- Ayniqsa, yomg‘ir yog‘adigan sahna yaxshi chiqishi uchun harakat qilindi. Rassom Sergey Seduxin juda original g‘oyalar bilan chiqdi. Rahbarimiz Bahodir Yo‘ldoshev ijodkorlarni o‘zlari bilmagan qirralarini ro‘yobga chiqarish uchun qattiqqo‘llik bilan harakat qildi, deydi aktyor.

Sanjar Aliyevga ko‘ra, spektaklning birinchi qismi sotqinlik va sadoqat haqida hikoya qilsa, ikkinchi qismida Islomning dunyoviy qadriyatlar bilan uyg‘unligi borasida bahs ketadi.

Har kimki yomon bo‘lsa, jazo topqusidir


Spektakl yaxshilik va yomonlik kurashi haqida, deydi san‘atkor Dilorom Abduazimova:

- Men o‘ynagan kanizak monologini aytib bersam. Momoiy hoki Turon, hokim oyim. Zabunlik ko‘rmasin yurting iloyim. Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidir. Har kimki jafo qilsa, jafo topqusidir.

“Diydor” studiyasi Bahodir Yo‘ldoshev maktabi


Toshkentdagi “Diydor” teatr-studiyasini 1993 yilda taniqli rejisser Ergash Masafayev tashkil qilgan.

Ayni paytda bu maskanga taniqli artist va rejisser Bahodir Yo‘ldoshev rahbarlik qilmoqda.

Teatr studiya qoshida rejisserlik va akterlik mahorati maktabi faoliyat olib bormoqda.

“Diydor” studiyasi Toshkentdagi 11 teatr dargohidan biri sanaladi.
XS
SM
MD
LG