Линклар

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov 28 may kuni imzolagan “Malakali pedagog kadrlar tayyorlash hamda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta‘limi muassasalarini shunday kadrlar bilan ta‘minlash tizimini yanada takomillashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida kollej va litseylarda yangi texnologiyalar va amaliy mashg‘ulotlarga ko‘proq e‘tibor qaratish lozimligini ta‘kidladi.

Prezident qarori bilan ta‘lim sifati o‘zgaradimi?


O‘zbekistondagi kollej va litseylarda o‘tgan 5 oy davomida maxsus komissiyalar tekshiruv o‘tkazdi.

Ana shu komissiyalar xulosalariga tayangan holda prezident Karimovning qarorida aytilishicha, mashg‘ulotlar asosan an‘anaviy maktab ta‘limi uslublariga tayangan holda o‘tkazilmoqda, zamonaviy ilg‘or pedagogik va yangi kompyuter, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, shu jumladan, Internet ta‘lim jarayoniga sust joriy etilyapti, kasb-hunar kollejlarini xorijiy tillardan dars beruvchi malakali mutaxassislar bilan ta‘minlashga yetarlicha e‘tibor berilmayapti.

Farg‘onadagi Iqtisod kolleji o‘qituvchisi Shuhrat Hamidov, prezident haqiqatan ham juda dolzarb masalani ko‘tardi, deydi:

- Sovet davri bilan hozirgi davrni solishtirsa, osmon bilan yercha farq bor. Imkoniyat va sharoit yaxshi. Kompyuterlar, umuman bolalarning sifatli ta‘lim olishi uchun imkoniyat juda katta. Lekin talabalarning darsga qatnashishi sust, 70-80 foiz atrofida. Ikkinchidan, o‘qituvchilarning saviyasi ham yaxshi emas. Masalan, bolalarga kompyuterni o‘rtgatish uchun, ularga Internetni tushuntirish uchun malakali mutaxassis bo‘lishi kerakmi, shundaylar bizda juda kam,- deydi Shuhrat Hamidov.

"Elektr bo‘lmasa kompyuterdan ne naf?"


Farg‘onalik o‘qituvchi fikrlarini buxorolik hamkasbi ham tasdiqlaydi. Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanidagi kollejlardan birida o‘qituvchilik qilayotgan Ibod Hakimovning aytishicha, bugungi kollejlardagi ta‘lim tizimini yaxshilash uchun prezidentning qarorigina kifoya qilmaydi. O‘qituvchi o‘z so‘zlarini bunday asoslaydi:

- Bizni kollejda ham kompyuterlar to‘lib toshib yotibdi. Lekin bu kompyuterlar faqat haykalday qotib turadi. Buning bir sababi bor. Bizning qishloq hududlarida kuz va qish davomida elektr bo‘lmaydi,- deydi Ibod Hakimov.

O‘qituvchining aytishicha, Internetdan foydalanishni hatto o‘qituvchilarning o‘zlari ham bilmaydi:

- Internetni tushunadigan odamning o‘zi yo‘q. Men o‘zim uch yildan buyon telefondan kiraman Internetga. Kollejdagi kompyuterlarda esa svet bo‘lganda bolalar o‘yin o‘ynaydi. Shunda ham tepasida o‘qituvchi turadi, biror joyini buzib qo‘ymasin, deb,- deydi Ibod Hakimov.

Suhbatdoshimiz prezident qarori kollejlar ta‘lim tizimida o‘zgarishlarga turki bo‘la olishiga ishonmasligini aytadi:

- O‘zgarmaydi, hech narsa o‘zgarmaydi. Buning sababi esa o‘qituvchilarning o‘z ishlariga mas‘uliyat bilan yondashmasligida. Mas‘uliyatning yo‘qligi esa oyliklarning kamligi bilan bog‘liq. O‘qituvchi 400-500 ming so‘m oylikka har kuni 8 soat ishlaganidan ko‘ra, mol boqsa, tomorqa qilsa yoki Rossiyaga borib ishlasa ancha ko‘proq pul topadi,- deydi Ibod Hakimov.

"Telefondagi Internetdan qo‘ymasin"


Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanidagi agrosanoat kollejida o‘qiyotgan Jasurning aytishicha, garchi kompyuterxonalar bo‘lsa-da, uch yil davomida ularga Internet nima ekanligi va undan qanday foydalanish xususida bir soat ham dars o‘tilmagan:

- Bizni bolalar o‘zlarini telefonlariga Internet o‘rnatib olgan. O‘shani kollejga olib borib, sim orqali kompyuterga ulaydida, keyin Internetga kiradi. Lekin Internet nima ekanligi uning foydasi va zarari nima ekanligi haqida biz dars o‘tmaganmiz,- deydi jizzaxlik kollej talabasi Jasur.

Prezident qaroriga munosabat bildirayotgan kuzatuvchilar yaqin orada O‘zbekistondagi kollej va litseylar dasturlarida ham, o‘quv muassasalariga rahbarlik qilayotgan direktorlar hamda o‘qituvchilar tarkibida katta o‘zgarishlar bo‘lishini taxmin qilmoqdalar, biroq buning amaliy samarasi qanday bo‘lishi haqida hozircha biror fikr bildirish qiyinligini aytmoqdalar.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, hozirgi paytda O‘zbekistonda 1537 ta o‘rta maxsus, kasb-hunar ta‘limi muassasalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda 214 ta yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha 115,8 ming nafar pedagog xodim kadrlar tayyorlashni amalga oshirmoqda. Qayd etilishicha, O‘zbekiston kollej va litseylaridagi o‘qituvchi kadrlarning 70 foizdan ko‘prog‘ini 40 yoshgacha bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislar tashkil qiladi.
XS
SM
MD
LG