Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:12

O‘sh qirg‘inida xorij maxsus xizmatining qo‘li bormi?


Qirg‘iziston rasmiylari 2010 yili sodir etilgan O‘sh qirg‘inida uchinchi davlatlar maxsus xizmatlarining ishtiroki bor ekani to‘g‘risida bayonot berdilar.
Qirg‘iziston rasmiylari 2010 yili sodir etilgan O‘sh qirg‘inida uchinchi davlatlar maxsus xizmatlarining ishtiroki bor ekani to‘g‘risida bayonot berdilar.

Qirg‘iziston rasmiylari 2010 yili sodir etilgan O‘sh qirg‘inida uchinchi davlatlar maxsus xizmatlarining ishtiroki bor ekani to‘g‘risida bayonot berdilar.

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev 23 may kuni Ozod Yevropa-Ozodlik radiosiga bergan suhbatida O‘sh qirg‘ini tashqi kuchlar ishtirokida sodir etilgani aniqlanganini bildirgan edi.

- Ochig‘ini aytishim kerak, 2010 yil voqealarini o‘rganish chog‘ida voqeaga bir qator tashqi kuchlarning bevosita ta‘siri borligi aniqlandi. Islom Abdug‘aniyevich Karimov: “Qirg‘iziston janubidagi 2010 yil voqealariga tashqi kuchlarning bevosita ta‘siri bo‘lgan”, deb ochiq aytgan edi. Bu gap haqiqat, -degan edi Almazbek Atambayev.

Oradan ko‘p o‘tmay, prezident qirg‘iz parlamentiga yo‘lagan maktubida ham bu fikrni takrorlagan. Parlament deputati Eristina Kochkorovaning aytishicha, prezident maktubida O‘sh qirg‘inida uchinchi davlatlar maxsus xizmatlarining ishtiroki bo‘lgani haqida qo‘shimcha ma‘lumot berilgan.

27 may kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Shamil Ataxanov parlamentda qilgan chiqishida bu ma‘lumotni tasdiqladi. Lekin Atambayev ham, Ataxanov ham bu maxsus xizmat qaysi davlatga tegishli ekanini ochiqlamadi. Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi rasmiysi Nurlan Toktaliyev O‘sh qirg‘iniga aloqadorlikda ayblanayotgan maxsus xizmatning qaysi davlatga tegishli ekanini oshkor etishga hali erta ekanini bildirdi:

- Maxsus xizmatlarining o‘z ishlash uslubi bor. Biz ko‘p ma‘lumotlarni oshkor eta olmaymiz. Bizda mavjud operativ ma‘lumotlarga asoslangan holda, bu masalani xalqaro shartnomalar doirasida hal etamiz, - dedi Nurlan Toktaliyev.

O‘sh qirg‘ini kunlari Jalolobod viloyatiga hokimlik qilgan Bektur Asanov ham bu borada ma‘lumotlarga ega ekanini aytgan. Unga ko‘ra, O‘sh qirg‘ini boshlanishidan avval uchinchi davlat vakillari uning oldiga kelib, mamlakat janubida Qirg‘iziston Demokratik respublikasi tashkil etish, Qirg‘izistonda parlament boshqaruvi joriy etilishiga qarshi chiqish takliflarini kiritishgan.

- Ular mendan Muvaqqat hukumatni qo‘llamasligimni talab qilishdi. Ular konstitutsiyaviy islohotni boshqa o‘zanga burib, parlament boshqaruvini bekor qilish va prezidentlik boshqaruvini saqlab qolish uchun kurashish kerak, deb aytishgan. Men ularga “Bu sizlarning ishingiz emas, bu Qirg‘izistonning ichki masalasi”, deb javob berganman. Ularning kim ekanini, qaysi davlat vakillari ekanini O‘sh qirg‘inini o‘rgangan milliy komissiyaga ochiq-oydin aytganman. Lekin Milliy komissiya mening ko‘rsatmalarimni hisobotga kiritgan emas, -dedi Bektur Asanov.

O‘sh qirg‘inini o‘rgangan Milliy komissiya raisi To‘qo‘n Mamitov Bektur Asanovning bu bayonoti asoslarga ega emas, deb hisoblaydi.

- Bektur Asanov menga o‘zining oldiga kelgan odamlar Rossiyadan ekanini aytdi. Ulardan biri deputat, ikkinchisi general ekan. Bektur Asanov ularning familiyalarini ham aytdi. Biroq Bektur Asanov ularning O‘sh voqealariga ta‘sir ko‘rsatgani to‘g‘risidagi konkret faktlarni aytishdan bosh tortdi. Men unga: “Ikkita familiyani, ularning qaysi davlat vakili ekanini aytayapsiz, ammo faktlarni aytishdan bosh tortayapsiz. Men sizning bayonotingizni hisobotga kirita olmayman”, deb aytganman, -dedi To‘qo‘n Mamitov.

Bundan avval prezident Atambayev “Exo Moskvi” radiosiga bergan suhbatida Rossiyadagi ayrim generallar Qirg‘izistondagi beqarorlikdan manfaatdor ekanliklarini aytgan edi.
XS
SM
MD
LG