Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:52

O‘zbekistondan Turkiyaga sayyohlar oqimi oshmoqda


O‘zbekistonlik sayyohlarning ko‘pchiligi so‘nggi yillarda Yaqin Sharq davlatlaridan ko‘ra, Turkiyaga safar qilishni afzal bilmoqda.

Turkiyaga yo‘l olayotgan o‘zbekistonlik sayyohlar soni so‘nggi bir yil ichida 25 foizga ortgan. Turkiya Turizm vazirligiga ko‘ra, 2011 yilda 85011 nafar o‘zbekistonlik sayyoh Turkiyaga safar qilgan. 2010 yilda Turkiyaga safar qilgan o‘zbekistonliklar soni 68124ni tashkil etgan.

Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi madaniyat va turizm bo‘yicha maslahatchisi Jahan Varlukning Ozodlik radiosiga aytishicha, Turkiyaga yo‘l olayotgan o‘zbek sayyohlarining ortishi ikki mamlakat sayyohlik shirkatlari o‘rtasida hamkorlik kuchaygani bilan bog‘liq.

– Turkiya o‘zbekistonliklar dam olishlari uchun juda qulay mamlakatdir. O‘zbekistonliklar eng ko‘p boradigan shaharlar Antaliya, Bodrum va Istambul shaharlaridir,- deydi Jahan Varluk.

Bugungi kunda Toshkent ko‘chalarida Turkiyada dam olishga doir reklama bannerlarini ko‘p uchratish mumkin.

Toshkentdagi “Ta‘til” sayyohlik shirkati vakillaridan biri Ravshan Sobirov bundan 5-10 yil avval Turkiyaga boradigan o‘zbek sayyohlari asosan tijorat uchun borgan bo‘lsa, so‘nggi paytlarda dengiz sohilida dam olish uchun ketayotganlar soni ortmoqda, deydi.

– Hozir dengizda cho‘milish uchun maxsus Antaliyaga ketishyapti. 10 kunligi kishi boshiga bir yarim ming dollarga to‘g‘ri kelyapti, kuniga to‘rt mahal ovqati, aviabilet, to‘rt yulduzli mehmonxonada yashashi hammasi ichida. Hozir shunday sayohat uchun bir yarim mingni ayamaydiganlar ko‘paygan,- deydi Sobirov.

O‘tgan yildan boshlab Toshkent va Antaliya o‘rtasida charter reyslar ham yo‘lga qo‘yildi. Hozir haftasiga Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida 14 ta havo qatnovi yo‘lga qo‘yilgan.

– O‘zbekiston va Turkiya orasida qatnaydigan uchoq reyslari soni haftasiga 14ga yetdi. Agentliklar o‘zbek mijozlariga tobora arzon narxlarni taklif etmoqda,- deydi Toshkentdagi Turkiya elchixonasining madaniyat va turizm bo‘yicha maslahatchisi Jahan Varluk.

Toshkentdagi "SunTour" sayyohlik shirkati vakili Svetlana Tenning aytishicha, Turkiyaga ketayotgan sayyohlar orasida ham tijorat, ham dam olishni niyat qilganlar ham topiladi.

– Hozirgina bir oilaga Istambul orqali Antaliyaga bilet to‘g‘irlab berdim. Antaliyada dam oladi, dam olish uchun sarflagan pulini chiqarish uchun qaytishda Istambulda mol harid qiladi,- deydi "SunTour" agentligi vakili Svetlana Ten.

Turkiyaga borayotganlar orasida tijorat yoki ish topish uchun borayotganlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi, deydi elchixona vakili.

– Faqat turizm emas. O‘zbekistonliklar orasida chamadon turizmi, ya‘ni tijorat qilish uchun boruvchilar ancha,- deydi Varluk.

Turk gazetalarida sobiq Sovet Ittifoqi respublikalari, jumladan O‘zbekistondan ayollarni keltirib, bu yerda sotish va fohisha sifatida ishlatish bilan shug‘ullanayotgan guruhlar qo‘lga olingani haqidagi xabarlar tez-tez chiqib turadi.

– Turkiyaga kim nima maqsadda borishiga biz uncha ahamiyat bermaymiz. Meni qiziqtiradigan narsa O‘zbekistondan Turkiyaga boruvchilarning soni. Turkiya erkin mamlakat. Turkiyaga O‘zbekistondan borganlar orasida bir-ikkisi fohishalik maqsadida borgan bo‘lishi mumkindir. Lekin, bu masala ko‘tariladigan bo‘lsak Rossiya, Ukrainadan bu maqsadda Turkiyaga yo‘l olayotganlar undan ham ko‘pku, - deydi Jahan Varluk.

Lekin, ayni paytda raqamlar qo‘shni Qozog‘iston bilan solishtirilganda Turkiyaga sayyoh bo‘lib ketayotgan o‘zbekistonliklar ancha kamroq ekanini ko‘rish mumkin.

Turkiya Turizm vazirligiga ko‘ra, o‘tgan yili Qozog‘istondan Turkiyaga 225ming sayyoh borgan.

– O‘zbekiston aholisi 29 million, Qozog‘istonniki esa atigi 15,5 million kishi ekanligini e‘tiborga olsak, O‘zbekistondan turistlar oqimini ko‘p deb bo‘lmaydi,- deydi Jihan Varluk.

Turkiya mehmonxonalar uyushmasining eng ko‘p sayohlar kelgan 47 ta davlatni o‘z ichiga olgan hisobotida esa O‘zbekiston umuman yo‘q. Chunki bu mamlakatga tegishli raqamlar juda kamtarona.

2007 yilda Turkiya Ozarbayjon va Markaziy Osiyo o‘lkalari uchun viza tartibini bekor qildi. Buning ortidan Turkiyaga kelish istagida bo‘lganlar soni oshdi.
XS
SM
MD
LG