Линклар

“Dabdabani cheklashning iloji yo‘q”


Rasmiy cheklovlar dabdabasi yildan-yilga oshib borayotgan o‘zbek to‘ylarini jilovlay olamayapti.

Rasmiy cheklovlar dabdabasi yildan-yilga oshib borayotgan o‘zbek to‘ylarini jilovlay olamayapti.

Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov imzo chekkan, to‘ylar, oilaviy tantanalar va ma‘rakalarni cheklovchi qaroriga munosabat bildirgan Ozodlik respondentlari “dabdabani cheklashning iloji yo‘q” degan fikrni bildirishdi.

Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov qaroriga ko‘ra, to‘y qilgan poytaxtlik fuqarolar elga oshni 7.00 dan 9.00 gacha yoki 12.00 dan 14.00 gacha berishi mumkin. Kechki bazm esa kech soat 10 da tugashi lozim.

Hokim qarori chiqqanidan keyin Toshkent mahallalarida to‘y va boshqa oilaviy marosimlarni muvofiqlashtiruvchi jamoatchilik kengashi tashkil etildi.

Toshkentdagi Ko‘kcha mahallasi faoli Ergash aka Qosimovning Ozodlikka bildirishicha, kengashga fuqarolar uyushtirayotgan marosimlar ustidan nazorat o‘rnatish vazifasi yuklatilgan.

Bu mahallaga yaqinida joylashgan to‘yxona egasi "yangicha to‘y o‘tkazish" tartiblari haqidagi tavsiyalar bilan tanishganini Ozodlik bilan suhbatda bildirdi:

- Ha, tartibga solish to‘g‘risida. Eshitdik. Hozir kak raz yangi proyekt ishlab chiqdik. To‘yni boshqacha nimada o‘tkazish, yangicha o‘tkazish bo‘yicha reja chiqardikda.

Ozodlik: Yangichasi qanaqa bo‘ladi?

Masalan, kelin-kuyovni kuyov jo‘ra, kelin yanga olib kirmaydida to‘yxonaga. Bizlarning san‘atkorlar olib kirishadi. Kelin-kuyovni to‘ylar muborak bilan olib kirib, ham qo‘shiq aytib, ham olib kirib kelin-kuyovni hammaga salom berdirib o‘rtada, keyin olib borib joyiga o‘tkazib qo‘yib, xullas uni ko‘rish kerakda. Gapirib tushuntirib bo‘lmaydi.

Ozodlik: Soat nechagacha to‘y qilsa bo‘ladi?

10 gacha, uzog‘i 11 gacha qilasizda. Undan ortig‘i bachkana bo‘lib ketadi.

Ozodlik: O‘zi to‘y degan narsa 10 dan keyin qiziydi. Masalan, Xorazmda to‘y soat 10 dan keyin avjiga chiqadi. Xofizning ovozi ham kechga borib ochiladi. Avj parda uzilib qolsa qanaqa bo‘ladi.

- U sizning muammoyingiz akajon. Xorazmliklar 10 dan keyin to‘y qiladigan bo‘lsa, u sizning muammoyingiz. Men Toshkent shahrida nima bo‘layotgan bo‘lsa, qonun, tartib aytganingizday tartib-intizomga qarab ish qilib beraman. Bizlarning to‘y ishlab chiqilgan. Beshta blok ishlangan. 10 yarimda tugaydida to‘y. Vassalom, deydi to‘yxona egasi.

Suhbatdosh, o‘z to‘yxonasida aholi tinchini buzmaslik, pirotexnika vositalaridan foydalanmaslikni ta‘minlash borasida ham tavsiyalar olganligini qo‘shimcha qildi.

Kelin-kuyov liboslari kengashga to‘g‘ri kelishi kerak


Toshkentdagi kelin liboslarini ijaraga beruvchi shirkatning o‘zini Asadbek Barnoyev deb tanishtirgan sohibi, Toshkent hokimining qarori bois liboslar assortimenti taftish qilinganini bildirdi.

- Bir ko‘k do‘ppi kiygan amaki, bir o‘qituvchiga o‘xshaydigan ayol, bir yoshroq faol ayol kelib kelin liboslarini ko‘rib, ochiq-sochiqlarni savdodan olib qo‘yishdi, deydi tadbirkor.

Suhbatdoshga ko‘ra, bundan buyon kelinning qanday libos kiyishi haqidagi qaror mahalla kattalari bilan kelishilganidan keyin qabul qilinadi.

- Mahalla kattalari va kattaroq yoshdagilar kelib ko‘rib, libos tanlashadi. Qizlarni o‘ziga qo‘yib bersang faqat ochig‘ini tanlashadi. Lekin tartib qoida bo‘lgani ma‘qul. Kelin libosi milliy qadriyatlarimiz talablariga javob bergani ma‘qul, deydi Toshkentdagi kelin liboslari saloni rahbari.

Bunday tartib qoidalar sizning biznesingizga halaqit bermaydimi deb so‘raymiz suhbatdoshdan.

- Yo‘q, bizga zarari tegmaydi. Besh-o‘n so‘m deb o‘tiradiganlardanmasmiz bizlar. Tartib intizom bo‘lsa, oxir-oqibat hammaga yahshi bo‘ladi, deb javob berdi Toshkentdagi kelin liboslari saloni xo‘jayini.

"Qonun katta yo‘lga tortilgan arqon - kuchlilar sakrab o‘tadi, kuchsizlar emaklab"

Bu fikrni bildirgan taniqli jurnalist Yoqubjon Ho‘jamberdiyev qonun chiqarayotganlarning o‘zlari qonunni buzayotganiga e‘tibor qaratdi.

Yoqubjon Ho‘jamberdiyev bilan suhbatni mana bu yerda tinglash mumkin.

Yoqubjon Xo‘jamberdiyev bilan suhbat



Biz bilan hamsuhbat bo‘lgan to‘yxona egasi, mahalla faoli va kelin liboslari saloni sohibi dabdabali to‘ylarni amalda cheklab bo‘lmaydi degan fikrni bildirishdi.

Ular nazarida orzu-havas bilan to‘y qilaman degan odam o‘z oldiga qo‘yilgan to‘siqlarni aylanib o‘ta oladi.

1998 yil 28 oktyabrda ayni shu masalada O‘zbekiston Prezidenti farmoni e‘lon qilingan edi.

Bir necha yil o‘tib, O‘zbekiston musulmonlar idorasi bu borada fatvo qabul qilgan.

Musulmonlar idorasi litszenziyali otinoyilar vositasida to‘ylarni nazorat qilishga uringan edi.

Biroq prezident farmoni ham, musulmonlar idorasi fatvosi ham kimo‘zar poygaga aylangan to‘ylarni jilovlay olmayotgani, dabdabali to‘y sohiblari davlat amaldorlarinig o‘zi ekani aytib kelinadi.
XS
SM
MD
LG