Линклар

Ikki yil avval pul ishlash maqsadida fohishalik qila boshlagan Dildora Sharopova (tahr. ism o‘zgartirilgan) hozirda bu yo‘ldan qaytishni istayotgani, lekin qo‘shmachi ayol uni shantaj yo‘li bilan ushlab turganini gapirib berdi Ozodlik bilan suhbatda.

“500 dollar uchun fohishalikni tanladim”


Ozodlik bilan Skype orqali bog‘langan samarqandlik qizning ismi-sharifi, yashash manzili haqida tahririyatda aniq ma‘lumot bor. Biroq uning iltimosiga ko‘ra, uning ismini shartli ravishda Dildora Sharopova deb o‘zgartirdik.

24 yoshli Dildora ikki yil avval pul ishlash maqsadida fohishalik qila boshlaydi. Iqtisodiy qiyinchiliklar bois bu yo‘lga kirishga majbur bo‘lganini aytayotgan Dildora, o‘zining aytishicha, buxorolik bir qo‘shmachi ayol boshchiligida Birlashgan Arab Amirliklarining poytaxti Abu Dabiga keladi.

- Men bilib keldim nima ish qilishimni. Agar bilmadim desam yolg‘on bo‘ladi. Bilib keldim. Ikki yil bo‘ldi kelganimga. Ikki yil oldin meni bu yerga buxorolik ayol olib kelgan edi. Meni bu yerga olib kelgan ayolning xolasidan men qarzdor bo‘ldim 500 dollar. Qarzingizni bering dedi. Men hech joyda ishlay olmas edim. Berolmadim qarzimni. Keyin bu xotin keldi. Qarzingni berishning bitta iloji - men bilan ketasan dedi. Ayolning ismi Nodira. Asl ismi Nodirabegim Yo‘ldosheva. Buxorolik. 2010 yil 13 sentyabrda keldim,- deydi Dildora Sharopova.

"Bir so‘m pul orttirmadim"


Dildoraning aytishicha, har kuni 1-2 mijozga jinsiy xizmat ko‘rsatib, 500 dollargacha pul topgan.

Dildoraning BAA dagi shaxsini tasdiqlovchi hujjati

Dildoraning BAA dagi shaxsini tasdiqlovchi hujjati

“Biroq bu pullarning hammasini qo‘shmachi ayol olib qo‘yardi”, deydi u.

- Har xil odamlarga qo‘shadi. Qo‘shmachilik, buzuqchilik ish qildiradi. Bir so‘m pul topganimiz yo‘q. Topganimizni bu xotin olardi. Men unga katta daromad keltirdim. Kuniga 500 dollar ham, 300-400 dollar ham topdim, men unga 15 ta, deyarli 20 ta ko‘k (15-20 ming AQSh dollari-tahr.) ishlab berdim,- dedi Dildora Sharopova.

Fohishalikdan qaytish


Dildoraga ko‘ra, uch oy avval u fahsh yo‘lidan chiqishga va halol ishlab, pul topishga qaror qilgan.

Lekin uning aytishicha, qo‘shmachi ayol uni fohishalikda ushlab turish niyatida tahdid qila boshlagan.

- Yana mendan foyda ko‘rmoqchi. Hozir qo‘lga qizi yo‘q (unga ishlaydigan fohishalari-tahr.) birinchidan. Ikkinchidan, yaqinda Buxoroda uylarini o‘g‘ri olib ketgan. O‘g‘rilar kelib olib ketgan hamma narsalarini. Shuning uchun u mendan foydalanmoqchi. Qarayapti, u olib kelgan boshqa qizlardan mening farqim katta,- deydi Dildora Sharopova.

“Shantaj”


Dildora Sharopovaning aytishicha, qo‘shmachi ayol undan agar fohishalikka qaytmasa, 10 ming AQSh dollari berishni talab qilib, aks holda Dildoraning fohishalik bilan shug‘ullangani haqida uning ota-onasiga xabar berishini aytib, tahdid qilmoqda.

- Yordam qidirayapman. Yana 10 ta ber deyapti. 10 ta ko‘k bermasang, uyingga borib aytaman deyapti. Dadam bilan ayam eshitsalar, yiqilib qoladilar. Akamlar meni o‘ldirib yuboradilar. Men ayamlarga Turkiyadaman deganman. Mening dadam ko‘tara olmaydi, ayam ko‘tara olmaydi. Qishloq odamlarini bilasizku qanday yuraklari pok. Bizlarda qishloqda gap tez tarqalib ketadi. Men isnodga qolib ketishni xohlamayman. Dadam bilan ayam ko‘tara olmaydi,- deydi Dildora Sharopova.

Qo‘shmachining Amirliklarda tanishlari ko‘p


Dildora Sharopovaning aytishicha, u bilan fohishalik qilayotgan dugonalari avvalroq mahalliy politsiyaga murojaat qilib, buxorolik qo‘shmachi ayol qo‘lidan qutqarishni so‘rashgan, biroq ijobiy natija bo‘lmagan.

- Nodira opaning bu yerda boyfrendi (yuradigan yigiti-tahr.) bor. Keyin uning mahalliy politsiya va boshqa organlar orasida odamlari ko‘p. Shuning uchun men hech qayerga murojaat qilmasdan, to‘g‘ri Ozodlikka chiqdim,- deydi Dildora Sharopova.

Odam savdosiga qarshi kurashib kelayotgan Toshkentdagi “Istiqbolli avlod” nodavlat notijorat tashkiloti rahbari Nodira Karimovaga Dildora Sharopova bilan bog‘liq vaziyat haqida gapirib berganimizda, u Sharopovaga Dubaydagi O‘zbekiston Konsulligiga murojaat qilishni tavsiya qildi.

"Konsullikka murojaat qilishi kerak. "Odam savdosiga qarshi kurash" to‘g‘risidagi qonuniga ko‘ra, o‘zimizning Tashqi ishlar vazirligi ham odam savdosiga qarshi kurash faoliyatini olib boradi. Hozir konsullar barchasi odam savdosi jabrlanuvchilariga yordam berishayapti. Shuning uchun konsullikka albatta murojaat qilishi kerak",- dedi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda Nodira Karimova.
XS
SM
MD
LG