Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:24

"Omad lotto" aholiga majburan sotilmoqda


O‘zbekiston Xalq banki tomonidan tashkil etilgan “Omad lotto” biletlari hatto kam ta‘minlangan oilalarga beriladigan nafaqa o‘rniga majburan sotilmoqda.

O‘zbekiston Birdamlik harakati a‘zosi, Farg‘ona shahridagi Istiqlol mahallasida istiqomat qiluvchi Gulhayo Bobojonovaning aytishicha, O‘zbekiston Xalq bankining Farg‘ona shahar bo‘limi “Omad lotto” lotereya o‘yini chiptalarini “o‘tkazish”ning antiqa usulini topgan:

- Xalq banki aholiga “Omad lotto” lotereyasi biletlarini majburlab sotish yo‘liga o‘tib oldi. Kam ta‘minlangan oilalar 2 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalari uchun nafaqa olish uchun bankka borsa, kassir ikki-uchtadan lotereya biletini majburlab qo‘shib bermoqda. Bu lotereya biletlari puli esa nafaqa pullaridan ushlab qolinyapti. Agar odamlar olmayman, menga kerak emas desa ham, “yo‘q, olishingiz shart, bizga shunaqa buyruq bo‘lgan”, deb aytishyapti, deydi Gulhayo Bobojonova.

Marg‘ilon shahrida istiqomat qiluvchi tadbirkor Hasanjonning aytishicha, lotereya biletlarini aholiga zo‘rlab sottirish bir necha yilda buyon davom etib kelayotgan holatdir:

- Bugun bo‘lgan narsa emas u. Eskitdan bo‘p kelayotgan narsa. Bir oshxona yurgizganimda ham har oy 20-30 ming so‘mga majburan oldirardi. Bittasiga ham bir so‘m yutuq chiqqani yo‘q, deydi Hasanjon.

O‘zbekiston Xalq bankining Farg‘ona shahar bo‘limi xodimi Abubakr Ahmedov Ozodlik bilan suhbatda “Omad lotto” lotereya biletlarining aholiga majburlab sotilishi faktlarini rad etdi:

- Lotereya biletlarini sotib olish ixtiyoriy. Uni majburlab sotish mumkin emas. Bizda hali bunday holat bo‘lgani yo‘q, dedi Xalq bankining Kredit bo‘limi xodimi Abubakr Ahmedov.

“Omad lotto” lotereya o‘yini O‘zbekiston Xalq banki tomonidan tashkil qilingan. Bu o‘yin har hafta bir marta “Yoshlar” telekanali orqali jonli tarzda o‘tkaziladi.
XS
SM
MD
LG