Линклар

logo-print

Prezident Vladimir Putinning O‘zbekistonga tashrifi arafasida Rossiyadagi yetakchi telekanallar o‘zbek migrantlari haqida qator ko‘rsatuv hozirlab¸ efirga uzatdi.

Chorshanba kuni Rossiya telekanalining praym-taymida berilgan “Maxsus muxbir” dasturida jurnalist Aleksandr Rogatkinning “Begonalar?” filmi namoyish va muhokama qilindi.

“Begonalar?” filmi Rossiyadagi o‘zbek mehnat muhojirlari haqida.

Dasturni “ Kremlning vazifador muxbiri” deya nomi chiqqan Arkadiy Mamontov olib bordi.

Bundan oldin NTV telekanali Sankt-Peterburgdagi o‘zbek muhojirlari haqidagi ko‘rsatuvni efirga uzatdi.

O‘zlari haqidagi teledasturni tomosha qilgan mehnat muhojirlariga ko‘ra¸ ikkala ko‘rsatuv ham toqatsizlik va ksenofobiya ruhida olib borilgan.

Ko‘rsatuv ishtirokchisi¸ mardikor shoir Hasan Xosov dastur davomida migrantlarga sharoit yaratilishi haqida gapirgani¸ ammo bu gaplari kesib tashlanganidan shikoyat qildi.

Ayni shikoyatni ko‘rsatuvda qatnashgan¸ Rossiyadagi muhojirlar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilot faoli Gavhar Jo‘rayeva ham bildirdi.

Har ikkala faolga ko‘ra¸ ko‘rsatuvda taniqli rus jurnalisti va siyosiy arbob Mixail Gusman mehnat mardikorlari tarafini olib gapirgan.

Ko‘cha supurayotganlar begonalarmi?


Ko‘rsatuvda o‘z filmini namoyish qilgan jurnalist Aleksandr Rogatkindan¸ "Nega filmingizga “Begonalar?” deb nom berdingiz?¸ deb so‘rashdi.

Rogatkin esa¸ "Rossiyadagi muhojirlarni bizniki deb hisoblaydigan odam oramizda bormi o‘zi?" deb savolga savol bilan javob qaytardi.

Rogatkinga ko‘ra¸ bu filmdan maqsad Rossiyani mo‘r-malahday bosgan muhojirlar begonami yoki biznikimi¸ degan savol javobini topishdir.

Rogatkin filmi doira sadolari ostida "Men yana ozodman", deb kuylayotgan Sankt-Petreburgda yashaydigan o‘zbek hofizi Ixtiyor ijrosidagi qo‘shiq misralari bilan boshlanadi.

Boy ila xizmatchi


Film boshida chimkentlik o‘zbekni do‘pposlayotgan o‘zbek ko‘rsatiladi. Filmda aytilishicha¸ bu muhojir quldorlik qilgani uchun qamoq jazosiga hukm qilingan¸ kaltak yegan “qul” esa “ruxsatsiz” qul bo‘lgani uchun Rossiyadan badarg‘a qilingan.

Ko‘rsatuv ishtirokchisi shoir Hasan Xosovga ko‘ra¸ bu filmdan maqsad muHojirlar Rossiyadagi osudalikka xalaqit bermoqda¸ degan mujdani rus jamoatchiligiga yetkazishdir.

-Ular o‘zlari bilan birga muammolarni ham olib kelmoqda¸ o‘zbegu tojik bir biri bilan urishar ekan¸ ikki o‘rtada bizning tinchimiz buzilmoqda degan fikr bor bu filmda¸ deydi Sankt-Petreburgda armaturachi bo‘lib ishlaydigan shoir Hasan Xosov.

“Gastarbayter”ni suratga olgan gastarbayter


Rogatkinning “Begonalar?” filmida Rossiyada yashab ijod qilayotgan kinosan‘atkor Yusuf Roziqov bilan interyuvyu ham o‘rin olgan.

Yusuf Roziqov “Gastarbayter” degan filmni Rossiyada suratga oldi. Filmda urush qatnashchisi bo‘lgan otaxon “gastarbayter” bo‘lib Rossiyada zim-g‘oyib bo‘lgan o‘g‘lini qidirib yo‘lga tushadi. Urushda olgan ordenlarini yo‘l xarajati uchun sotadi.

Roziqov¸ ostin-ustun bo‘lgan imperiya fuqarolarining sarson-sargardonligi ularning aybi emas degan gapni aytishga urinadi.

- Roziqovning bu gapi chet ellik muhojirlarga toqatsiz bo‘lgan agressiv ko‘pchilik shoviqiniga ko‘milib eshitilmay qoldi¸ deydi ko‘rsatuv ishtirokchisi Hasan Xosov.

Migrantlar ishg‘oli. Rossiyadagi o‘zbek Fleshmobi


Rossiyaning yana bir yetakchi telekanali NTVda namoyish qilingan dastur ana shunday nomlandi.

Bu dasturning ham Rossiyadagi muhojirlarga toqatsiz ruhda ekani aytildi.

Ko‘rsatuv ishtirokchilari Sankt-Peterburg shahri o‘zbek migrantlari tarafidan ishg‘ol qilingani haqida tashvish bilan gapirishadi.

Ko‘rsatuv ijodkorlari Xitoy muhojirlari AQShda Chayna-Taunlar yaratgani kabi¸ o‘zbeklar ham faqat o‘zlaridan iborat tizim yaratib bo‘lganidan tashvishga tushishadi.

Turli ma‘lumotlarga ko‘ra, Rossiyada hozirda 15 milliongacha odam nomashru‘ tarzda ishlaydi va ulardan taqriban 700 mingtasigina ishlash uchun ruxsatnomaga egalar.

Norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra¸ ulardan 5 millioni O‘zbekiston fuqarosidir.

Rossiya telekannallarida Putinning O‘zbekiston tashrifidan oldin chiqish qilgan arboblar o‘zbek migrantlarini O‘zbekistonga qaytarib yuborish zarurati haqida gapirmoqda.

O‘zbekiston rejimi uchun mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy taranglikni nazoratda ushlab turgan mehnat muhojirlarining ortga haydalishi¸ aniqrog‘i ular yuborayotgan pullar oqimining to‘xtab qolishi jiddiy tahdid o‘laroq yangrashi mumkin.
XS
SM
MD
LG