Линклар

Qibray tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, tuman “Suvoqova” tashkiloti bo‘lim boshlig‘i Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan hibsga olindi. Qibray Yer kadastri boshlig‘i va Mehnat birjasi raisining ham hibsga olingani haqida norasmiy xabarlar bor.

Ozodlikning ismi oshkor etilmasligini so‘ragan Qibraydagi manbasiga ko‘ra, tumanda keng ko‘lamli“tozalash” ishlari ketayapti. Bu jaraën davomida tumanning turli idoralari rahbarlari hibsga olingan:

- Bir besh-olti kun bo‘lib qoldi. Qibray tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlab kelgan Jaloliddin Matxoliqov o‘z xizmat xonasida Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan hibsga olingan. Aytishlaricha, u pora olish va mansab vakolatini suiste‘mol qilish bilan ayblanayotgan ekan, dedi Ozodlik manbasi.

Qibray tuman Ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan xodimi Ozodlik bilan suhbatda sobiq boshlig‘ining hibsga olinganini tasdiqladi. Unga ko‘ra, ayni paytda tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Nodir O‘ktamov vaqtinchalik boshliq vazifasida ishlamoqda.

Ayrim norasmiy xabarlarga ko‘ra¸ Qibray tumani “Suvoqova” tashkiloti boshlig‘i ham hibsga olingan. Ozodlik surishtiruvi davomida tashkilot rasmiysi boshliqning emas, balki tashkilot suv sotish bo‘limi boshlig‘i Erkin G‘oyipovning hibsga olinganini bildirdi.

- Bir besh kuncha bo‘lib qoldi. Suv sotish bo‘limi boshlig‘i Erkin degan yigitni pora bilan qo‘lga olishibdi ekan, dedi “Suvoqova” tashkilotining o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Shuningdek, aholi orasida Qibray tuman Yer kadastri boshlig‘i va aholi bandligi bilan shug‘ullanadigan tuman Mehnat birjasi boshlig‘i ham hibsga olingani haqida norasmiy xabar tarqalgan. Biroq ikkala tashkilot vakili Ozodlik bilan suhbatda o‘z boshliqlarining hibsga olingani faktini rad etdi.

Ilgari Qibray tumani gaz ta‘minoti idorasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan, keyinchalik Toshkent viloyati gaz ta‘minoti idorasining boshlig‘i bo‘lgan Farhod Gulmirzayev joriy yilning boshida kamoqqa olingan va sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etilgan edi.
XS
SM
MD
LG