Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 05:18

Bolalar haqlari uchun kurashchilar YeIga murojaat etdi


Murojaatda Yevropa Ittifoqi Toshkent hukumatidan Xalqaro Mehnat tashkilotiga O‘zbekistonda bolalar mehnati muammosi yuzasidan monitoring o‘tkazishiga ruxsat berilishini qat‘iy talab qilish so‘raldi.

Hyuman Rayts Uotch xalqaro inson huquqlari tashkiloti hamda bolalar huquqlari uchun kurashuvchi xalqaro guruhlar Yevropa Ittifoqi rahbariyatiga murojaat etib, bu yilgi paxta terimi payti Xalqaro mehnat tashkiloti (International Labor Organization) mutaxassislarining mamlakatga kiritilishi borasida Toshkent hukumatiga bosim o‘tkazishni so‘radilar.

Yevropa Ittifoqi o‘z qadriyatlari, jumladan inson huquqlari hurmat qilinishiga erishish uchun O‘zbekiston hukumatini konkret choralar ko‘rishga undashi lozim, deyiladi YeI tashqi ishlar vaziri Ketrin Eshton hamda ittifoqning joriy raisi Daniya Tashqi ishlar vaziri Villi Soyndal nomiga yo‘llangan maktubda.

- Bizningcha¸ Xalqaro Mehnat tashkiloti vakillarining O‘zbekistonga kiritilishiga erishish Yevropa Ittifoqi va ittifoqqa a‘zo boshqa hukumatlar qo‘lidan keladi, ular bu borada Toshkent hukumatiga bosim o‘tkaza oladi. Shuningdek, Xalqaro mehnat tashkilotining yillik yig‘ini arafasida AQSh hukumatiga ham bu borada murojaat yo‘llaganmiz. Ana shu anjumanda O‘zbekiston bilan bog‘liq muammolarni ham ko‘tarish so‘raldi. O‘ylaymizki, O‘zbekiston hukumati sanktsiyalarga ro‘baro‘ kelmasligi uchun bolalarni mehnatga majburlashdan voz kechishi kerak¸ deydi maktubga imzo chekkan Vashingtondagi Paxta kampaniyasi tashkiloti rahbari Mettyu Fisher-Dali.

AQShda mavjud qonunlarga ko‘ra, majburiy mehnatni bartaraf etmagan davlatlarga nisbatan jazo choralari qo‘llanadi.

Bir necha yildirki, Toshkent rejimi Xalqaro mehnat tashkilotining o‘z mutaxassislarini O‘zbekistonga kiritish so‘rovini javobsiz qoldirib kelmoqda. O‘tgan yilgi paxta mavsumida vaziyatni bevosita kuzatib¸ tashqi dunyoga bu borada ma‘lumot bergan faollar tazyiqqa uchragan, xavfsizlik organlari tomonidan bosim ostiga olingan edi.

YeI rahbariyatiga yo‘llangan maktubda o‘tgan yili hukumat majburiy bolalar mehnati yuzasidan monitoring olib borayotgan uch nafar faolni noqonuniy hibsga olgani aytiladi.

O‘zbekiston hukumati paxta dalalarida bolalarning ekspluatatsiya qilinishini rad etib keladi.

Yaqinda O‘zbekiston hukumati bu yil bolalarning majburiy mehnati yuzasidan o‘zi monitoring olib borishini ma‘lum qildi.

O‘zbekiston qonunlarida voyaga yetmagan bolalar mehnatidan foydalanish taqiqlangan bo‘lsa-da, har yili o‘rtacha 2 millionga yaqin maktab o‘quvchisining paxta yig‘im-terimiga majburan jalb qilinishi aytiladi.

- O‘zbekistonda bolalar mehnatini taqiqlovchi qonunlar bor. Hukumat ham bolalar ekspluatatsiya qilinishini doim rad etib keladi. Lekin reallikda o‘tgan yil avvalgi yillardagi kabi huquq faollari O‘zbekistonda ko‘pgina maktablar yopilib, yuz minglab bola paxta dalasiga haydalgani guvohi bo‘lishgan, deydi Mettyu Fisher-Dali.

O‘tgan yil yanvar oyida O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning Bryusselga tashrifi chog‘ida Yevropa komissiyasi rahbari Joze Manuel Barrozo Xalqaro mehnat tashkiloti kuzatuvchilar guruhini paxta mavsumida O‘zbekistonga kiritishni so‘ragan va ILO tavsiyasini shaxsan uning qo‘liga tutqazgan edi.

Ammo tashkilotning bu so‘rov va tavsiyalari O‘zbekiston hukumati tomonidan hali hamon javobsiz qolmoqda.

- O‘zbekistonda bolalar mehnati muammosi yillardan beri mavjud. Xalqaro tashkilotlarning chaqiriqlariga qaramay O‘zbekistonda bu amaliyot hali ham mavjud. Bunga chek qo‘yish vaqti keldi, deydi Londondagi Anti-Slavery xalqaro tashkiloti vakili Joanna Evart-Jeyms.

O‘zbekistonda millionlab bolaning davlat tomonidan majburan paxta dalasida ekspluatatsiya qilib kelinayotganiga norozilik tariqasida jahonning 60 ga yaqin yirik shirkati o‘zbek paxtasiga boykot e‘lon qilgan.
XS
SM
MD
LG