Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:34

To‘y videosi Pokistonda shov-shuv bo‘ldi


Janjalga sabab bo‘layotgan videodan olingan surat.
Janjalga sabab bo‘layotgan videodan olingan surat.

Pokistondagi to‘ylardan birida erkagu ayolning birga raqsga tushgani aks etgan video mamlakatdagi islomiy jamoalarni jazavaga tushirdi. Shariat mahkamasining videoga tushgan raqqosu raqqosalarning barchasiga o‘lim jazosi berildi degan xabar esa¸ liberal qarashdagi ommaviy axborot vositalarini junbushga soldi. Ammo voqeani maxsus o‘rgangan politsiya¸ asl muammo bir gapga o‘n gap qo‘shilib¸ yolg‘onni rostdan ajratish qiyin bo‘lib qolganida ekanini aytmoqda.

Pokistonning tog‘lar ichiga qamalgan olis qishlog‘ida katta dunyo nazarida arzimas bo‘lib tuyulgan kichik voqea ham jamoa hayotini izdan chiqarib¸ klanlar o‘rtasida asrlar davomida bir to‘xtab¸ bir yongan mojarolar o‘tini qayta yoqishga qodir.

Pokiston shimol-g‘arbidagi qabilalar hududidagi qishloqlardan birida kimdir mobil telefonga yozib¸ boshqalarga tarqatgan videoda begona erkak va ayolning to‘yda birga raqsga tushgani aks etdi . Yashin tezligida qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketgan bu video nafaqat biqiq yashab kelayotgan kichik bir qishloq¸ balki butun Pokistonda shov-shuvga sabab bo‘ldi.

Qolgan aksar dunyo uchun mutlaq ahamiyatsiz bu voqea ashaddiy islomiy jamoada shakllangan tabuni buzish deya qabul qilindi va birga o‘n qo‘shilib ovoza bo‘lgan bu videoning shov-shuviyoq vaziyatning nazoratdan chiqishiga yetarli bo‘ldi.

Videoda o‘ynagani aks etgan to‘rt ayol va ikki erkak¸ mahalliy matbuot tarqatgan xabarlarga ko‘ra¸ qabila qozisi tomonidan darhol o‘limga hukm etilgan. Bu voqea xalqaro ommaviy axborot vositalari og‘ziga tushgach¸ Islomobod hukumati ham unga munosabat bildirishga majbur bo‘ldi.

Ayrim parlament deputatlari bunday vahshiylik yuzasidan yuqori darajali maxsus tergov o‘tkazish talabi bilan chiqishdi. Matbuot o‘tkazgan dastlabki surishtiruvga ko‘ra¸ raqsga tushganlarga o‘lim hukmi chiqargan qozi hibsga olingan.

Ammo ko‘p o‘tmay ayon bo‘lishicha¸ bu voqea atrofida tarqagan ovozalarda rostdan ko‘ra yolg‘on ko‘proq. Bor gap¸ kichik bir qishloqda to‘y bo‘lgan va uni kimdir videoga olgan. Ayol va erkaklarning to‘yda raqs tushgani ham bo‘lgan gap. Ammo bo‘lmagani¸ ularning bir xonada¸ birga raqs tushganidir.

Voqea ro‘y bergan qishloq ma‘muriy jihatdan Ko‘histon rayoniga qaraydi. Ushbu rayon politsiya bo‘limi rahbari Abdul Majid Afridiyning Ozodlikka aytishicha¸ erkak va ayollarning birga raqs tushgani aks etgan tasvir aslida videomontajdir:

- Video boshlanishida to‘y uchun chiroyli kiyinib¸ yaxshi kunga atalgan qo‘shiq aytayotgan to‘rt ayol tasvirga olingan. Ko‘rinishidan¸ ular o‘zlarining videoga tushayotganlarini bilgan. Keyingi tasvirda kulib o‘tirgan yosh yigitlar aks etgan. Ular yonida hech qanday xotin zoti yo‘q. Keyin boshqa bir yigit raqsga tushadi. Bu tasvirda na boshdagi to‘rt ayol va na ikki yigit ko‘rinmaydi. Menimcha ayollar to‘y paytida tasvirga olingan. Keyin bu tasvirlar yomon niyatli birovning qo‘liga tushgan va bu odam tasvirlarni bir-biriga qo‘shib¸ bir qaraganda erkagu ayol birga raqsga tushayotgandek ko‘rinadigandek qilib montaj etgan¸ deydi bu voqeani o‘rganayotgan Ko‘histon rayon politsiya boshlig‘i.

yomon niyat bilan alohida videotasvirlarni montaj qilib¸ jamoaga tarqatish kimga va nima uchun kerak bo‘ldi¸ degan savolga mahalliy politsiya rahbari¸ buning ortida ko‘pdan davom etib kelayotgan klanlar mojarosi borligini taxmin qiladi.

Yer¸ suv¸ daraxtzor¸ oila nomusi kabi masalalar yuzasidan asrlardan beri yashab kelayotgan tortishuv va urushlar bu hudud uchun normal hodisa va bunday soxta video orqali bir klan ikkinchisi nomusini yerga urmoqchi bo‘lgan¸ deydi Afridiy.

Yana ayon bo‘lishicha¸ voqeaga o‘nni qo‘shib-chatib¸ shov-shuvni kuchaytirgan mahalliy matbuot bo‘lib chiqqan.

Tergov davomida aniqlanishicha¸ na bu voqea yuzasidan qabila oqsoqollari yig‘ilgan¸ na mahalliy qozi o‘lim fatvosi bergan va na so‘ngra bu qozi hibsga olingan.

Shov-shuv va jazava hovuri bosilgach ayon bo‘lgan narsa¸ videoga tushgan erkagu ayol hayotining diniy fanatlar tahdid ostida jiddiy xatarda qolganidir.

- Mahalliy aholi matbuotni bu voqeani shov-shuv qilish orqali odamlar hayotini tahlika ostida qoldirganlikda ayblamoqda. Qishloqdagilar¸ agar matbuot bizga yaxshilik istasa¸ bu video janjalini bo‘rttirishni to‘xtatsin deyishmoqda¸ deydi Ko‘histon politsiyasi rahbari Afridiy.

Ozodlik suhbatlashgan qishloq aholisiga ko‘ra¸ videoda aks etgan to‘rt ayol va ikki yigit aslida bir oila farzandlari va bu video bu oila nomusiga jiddiy ziyon yetkizgan.

Mahalliy politsiya esa shu kunlarda¸ bu video bahonasida klanlar o‘rtasida yangi mojaro chiqish tahlikasidan xavotirda.
XS
SM
MD
LG