Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:35

Koson qamoqxonasidan mahbus jasadi chiqdi


30 mayga o‘tar kechasi Qashqadaryodagi Koson qamoqxonasida jazo muddatini o‘tagan Ismatulla Abbosov jasadi Samarqanddagi uyiga keltirilib, erta tongda dafn etilgan.

Bu haqda O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati xabar tarqatdi.

O‘zbekiston Jinoyat kodeksining bir necha moddasi bo‘yicha aybdor topilgan 53 yoshli Ismatulla Abbosovni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi 2005 yilda o‘lim jazosiga hukm qilgan, biroq moratoriy tufayli bu hukm 25 yillik qamoq jazosi bilan almashtirilgandi.

Koson koloniyasidan berilgan tibbiyot xulosasida Abbosov miyasiga qon quyilishi natijasida olamdan o‘tgani aytiladi. Aslida, Abbosovning oila a‘zolariga ko‘ra, u faqat qandli diabet bilan og‘rigan, sog‘lig‘i bo‘yicha boshqa shikoyati bo‘lmagan.

Avvalroq Abbosov qandli diabet kasali bilan Toshkentdagi Sangorodda to‘rt marta muolajadan o‘tgan, xastalik zo‘rayib ketgani va qorason avj olib ketgani tufayli uning barmoqlari kesib tashlangan.

Xotini bilan so‘nggi uchrashuv chog‘ida Abbosov o‘zini ancha tetik sezayotganini, biroq ko‘nglida hayoti uchun qandaydir tahdid borligini his qilayotganini aytgan.

Shundan kelib chiqqan holda, “Ezgulik” jamiyati, marhumning oila a‘zolari iltimosnomasiga ko‘ra, bir oy muqaddam Abbosovni ozod qilish yoki shartli ravishda ozodlikdan mahrum qilish talabi bilan yuqori instantsiyalarga murojaat qilgandi. Biroq huquq himoyachilarining bu talabi inobatga olinmagan.

Ezgulikchilarga ko‘ra, Ismatulla Abbosov ishini ko‘rib chiqishda qonunchilik va protsessual me‘yorlar qo‘pol ravishda buzilgan.

Abbosovning oila a‘zolari esa uni boshqa odam o‘rniga qamalgan, deb hisoblaydilar.

Shularni e‘tiborga olgan holda, “Ezgulik” jamiyati O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi qoshidagi Jinoiy ishlar bo‘yicha Jazoni o‘tash bosh boshqarmasi ma‘muriyatidan Ismatulla Abbosov o‘limi yuzasidan izoh berishni so‘ramoqda.

Ayni paytda huquq faollari O‘zbekistondagi Qizil Xoch xalqaro qo‘mitasi vakilatxonasi ekspertlari hamda Qashqadaryo maxsus prokuraturasini mazkur ish bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishga chaqirgan.
XS
SM
MD
LG