Линклар

Rossiya prezidenti Vladimir Putin bugun tushdan keyin O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov taklifiga binoan Toshkentga rasmiy tashrif bilan keladi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ma‘lumotiga ko‘ra, tashrif chog‘ida ikki davlat rahbari O‘zbekiston-Rossiya o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, mintaqaviy va xalqaro vaziyatga oid dolzarb masalalarni muhokama etishi kutilmoqda.

Kreml matbuot xizmatiga ko‘ra esa, Toshkentdagi muzokaralar ikki mamlakat rahbariyatining strategik hamkorlik va ittifoqchilik aloqalarini har tomonlama kuchaytirish yo‘nalishini aks ettiruvchi Rossiya-O‘zbekiston siyosiy muloqotining mantiqiy davomi bo‘ladi.

Toshkentdagi muloqotda Karimov va Putin, 15 may kuni Moskvadagi uchrashuv chog‘ida erishilgan bitimga muvofiq, strategik hamkorlikni kuchaytirish haqida deklaratsiya imzolashi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Rossiya 2004 yilning 16 iyunida Strategik hamkorlik to‘g‘risida, 2005 yilning 14 noyabrida esa Ittifoqchilik aloqalari to‘g‘risida shartnomalar imzolagandi.

Rossiya va O‘zbekiston prezidentlari bugun bo‘lib o‘tadigan muloqoti chog‘ida, ma‘lumotlarga ko‘ra, savdo-iqtisodiy, xususan, energetika sohasidagi hamkorlik hamda madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni faollashtirish istiqbollariga alohida urg‘u berilishi kutilmoqda. Biroq kuzatuvchilar bu istaklar turmushga tatbiq etilishiga shubha bilan qaramoqdalar. Ma‘lumki, postsovet hududida birinchi galda iqtisodiy integratsiyani yaxshi yo‘lga qo‘yish g‘oyasini tashiyotgan Vladimir Putin o‘zbekistonlik hamkasbini MDH doirasida erkin iqtisodiy hududga qo‘shilishiga umid qilmoqda. Garchi bugungi uchrashuv chog‘ida O‘zbekistonning erkin savdo hududiga qo‘shilishi to‘g‘risida ikki davlat prezidentlari tomonidan anglashuv memorandumi imzolanishi kutilayotgan bo‘lsa-da, kuzatuvchilar erkin bozor munosabatlarini “uncha xushlamaydigan” Islom Karimovning buni amalga oshirishni paysalga solishi mumkinligini taxmin qilmoqdalar.

Aslida Rossiya O‘zbekistonning eng asosiy iqtisodiy hamkorlaridan biri bo‘lib hisoblanadi. O‘zbekiston MDH hududida Rossiya uchun tovar ayirboshlash bo‘yicha to‘rtinchi raqamli, Rossiya esa O‘zbekiston uchun birinchi raqamli (26%), savdo hamkoridir. O‘zbekistonda 850 chog‘li Rossiya-O‘zbekiston qo‘shma korxonasi faoliyat yuritadi, Rossiyada esa o‘zbekistonliklar kapitali bilan 400 dan ziyod shirkat ish yuritadi.

2011 yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash undan avvalgi yilga nisbatan 15,1 foizga oshib, qariyb 4 milliard dollarni tashkil qilgan.

O‘zbekistondan keyin Vladimir Putin 5-6 kunlari Xitoyga davlat tashrifi bilan boradi. Pekinda Putin Shanxay hamkorlik tashkilotiga a‘zo davlatlar rahbarlari kengashining yig‘ilishida ishtirok etadi.

Rossiya prezidenti Xitoydan qaytayotib, 7 iyun kuni Qozog‘istonda to‘xtab o‘tishi aytilmoqda.
XS
SM
MD
LG