Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:59

"G‘afur Rahimov hozircha lavozimlarini saqlab qolmoqda"


O‘zini tadbirkor va metsenat deya taqdim qiladigan G‘afur Rahimov O‘zbekistonda jinoyat olami avtoriteti sifatida ham tanilgan.
O‘zini tadbirkor va metsenat deya taqdim qiladigan G‘afur Rahimov O‘zbekistonda jinoyat olami avtoriteti sifatida ham tanilgan.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi va Osiyo Boks konfederatsiyasi G‘afur Rahimovning mazkur tuzilmalar a‘zoligidan chetlatilganiga oid xabarni inkor qildi. Biroq O‘zbekiston Olimpiya qo‘mitasi vakili Ozodlik bilan suhbatda G‘afur Rahimovning Rossiya fuqaroligini olganiga oid xabarlar ortidan uni Olimpiya qo‘mitasi hamda Boks federatsiyasi tarkibidan chiqarish to‘g‘risida taklif tushganini tasdiqladi. G‘afur Rahimov prezident lavozimini egallab kelgan Osiyo Boks konfederatsiyasi ijroiya qo‘mitasi vakili esa, bunday yangilikdan bexabarligini ta‘kidladi.

G‘afur Rahimovning O‘zbekiston Milliy boks federatsiyasi a‘zoligidan chiqarilishi haqidagi xabar Harakat va Uzmetronom Internet nashrlarida paydo bo‘ldi.

Bu xabarlarda aytilishicha, G‘afur Rahimov O‘zbekiston fuqaroligidan chiqib, Rossiya fuqaroligini olgani bois Toshkentda shunday qaror qabul qilingan va bu haqda Xalqaro boks federatsiyasiga bildirishnoma yuborilgan.

"O‘zbekiston Milliy boks federatsiyasi qarori G‘afur Rahimovnining Milliy boks federatsiyasi vitse-prezidentligi, Osiyo boks konfederatsiyasi prezidentligi va Xalqaro boks federatsiyasi vitse-prezidentligidan ham avtomatik tarzda chetlatilishini anglatadi", deyiladi Uzmetronom xabarida.

Biroq mutasaddi tashkilotlar bu xabarni inkor qilmoqda.

Milliy Olimpiya qo‘mitasi rasmiysi, O‘zbekiston prezidentining sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Roman Itskov Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda, G‘afur Rahimovni Boks federatsiyasi va Olimpiya qo‘mitasi a‘zoligidan chiqarish taklifi tushganini tasdiqladi, lekin bu qaror hali qabul qilinmaganini bildirdi.

“G‘afur Rahimov Rossiya fuqaroligini olgani to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘lgani ortidan uni nafaqat Boks federatsiyasi rahbarligi, balki Olimpiya qo‘mitasi a‘zoligidan ham chiqarish haqida taklif tushdi. Lekin bunday qarorni qabul qilishdan avval biz maxsus konferentsiya o‘tkazib, bu haqda rasman e‘lon qilishimiz lozim. Hozircha G‘afur Rahimovning o‘zidan ham Rossiya fuqaroligini olgani to‘g‘risida hech qanday bildirishnoma kelgani yo‘q, buni tasdiqlaydigan boshqa hujjatlar ham qo‘limizda yo‘q. Agar Internetda paydo bo‘lgan gap-so‘zlar, ya‘ni G‘afur Rahimovninng Rossiya fuqaroligi olgani rost bo‘lib chiqsa, shunga qarab, tegishli qaror qabul qilinadi”, dedi O‘zbekiston prezidenti maslahatchisi.

Roman Itskovning aytishicha, G‘afur Rahimov O‘zbekiston Olimpiya qo‘mitasi va Milliy boks federatsiyasi tarkibidan chiqariladigan taqdirda, haqiqatan, avtomatik tarzda Osiyo Olimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti, Osiyo boks konfederatsiyasi prezidenti va Xalqaro boks federatsiyasi vitse-prezidenti lavozimlaridan mahrum bo‘ladi.

Lekin Osiyo boks konfederatsiyasi ijroiya qo‘mitasining o‘zini tanishtirishni isatamagan rahbarlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda, tashkilot nizomida bunday me‘yor yo‘qligini ma‘lum qildi.

“G‘afur Rahimov Rossiya fuqaroligini olgani haqida bilmayman, bu uning shaxsiy ishi. Lekin O‘zbekiston Boks federatsiyasi uni o‘z tarkibidan chiqaradigan taqdirda ham, uni avtomatik tarzda Osiyo boks konfederatsiyasidagi lavozimi, ya‘ni tashkilot prezidentligidan chetlatish konfederatsiya nizomida ko‘rsatilmagan”, dedi Osiyo boks konfederatsiyasi rasmiysi.

O‘zbekiston Olimpiya qo‘mitasi rasmiysi Roman Itskov esa, agar G‘afur Rahimovning Rossiya fuqaroligini olgani rost bo‘lsa, u Osiyo qit‘asiga oid sport uyushmalariga rahbarlik qila olmasligini ta‘kidladi.

Ozodlik muxbiri hozirda Birlashgan Arab Amirliklarida istiqomat qilayotgan G‘afur Rahimovning o‘zi bilan ham bog‘lanishga harakat qildi. Lekin telefon go‘shagini ko‘targan va o‘zini Rahimovning yordamchisi deb tanishtirgan kishi, mavzu yuzasidan izoh berishdan bosh tortdi.

61 yoshli G‘afur Rahimov Boks federatsiyasi va Olimpiya qo‘mitasi rahbarligidan tashqari O‘zbekistonda jinoyat olami avtoritetlaridan biri sifatida ham tanilgan.

O‘zini tadbirkor va metsenat sifatida taqdim qiladigan G‘afur Rahimovning ismi keyingi paytlarda tez-tez xorij matbuoti sarlavhalariga chiqmoqda. Joriy yil boshida AQSh Moliya vazirligining uyushgan xalqaro guruh yetakchilariga qarshi joriy qilgan sanktsiyalari ro‘yxatiga G‘afur Rahimovni ham kiritilgan edi.

AQSh Moliya vazirligi e‘lon qilgan hujjatda "Postsovet fuqarolaridan tashkil topgan “Birodarlik xalqasi” (Bratva) dagi belgilovchi shaxs bo‘lgan G‘afur Rahimov o‘zbek uyushgan jinoyat olami yetakchilaridan biri va u Markaziy Osiyoda narkotik moddalar ishlab chiqarish bo‘yicha ixtisoslashgan. Rahimov dunyoning yirik narkosindikatlarida geroin kontrabandasi bilan bog‘liq operatsiyalarda qatnashib kelmoqda", deyiladi.

80-yillardan boshlab O‘zbekiston va Markaziy Osiyodagi kriminal to‘dalar ichidagi nufuzini kuchaytirib kelayotgani aytiladigan G‘afur Rahimov Toshkent hukumati tomonidan mamlakat sporti, xususan boksini rivojlantirishga katta hissa qo‘shib kelayotgan yirik tadbirkor sifatida e‘tirof etilib, shaxsan prezident Karimov tomonidan olqish va mukofotlarga sohib etilgan.

Ayni paytda bundan 12 yil muqaddam Sidneydagi Olimpiada o‘yinlarida Osiyo olimpiya qo‘mitasi rasmiysi sifatida qatnashishga borgan G‘afur Rahimovni Avstraliya xavfsizlik idoralari “xalqaro narkobaron” degan shubha bilan mamlakat hududiga kiritmagan va bu voqea xalqaro maydonda shov-shuvga sabab bo‘lgan edi.

G‘afur Rahimovning rasmiy saytida aytilishicha, u bir nechta shirkatda prezident lavozimini ham egallaydi. Mazkur firmalar orqali O‘zbekistonga xalq iste‘mol mollari, kimyo, avtomobil va yengil sanoati uchun xom ashyo kirib keladi.

Norasmiy manbalarga ko‘ra, prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova bilan biznesdagi mavqeini saqlab qolish uchun raqobatga kirishganidan so‘ng G‘afur Rahimov hukumat, xususan, Islom Karimov marhamatidan mosuvo bo‘lgan va 2010 yilda O‘zbekistondan chiqib ketgan.
XS
SM
MD
LG