Линклар

Putin Toshkentda yo‘l-yo‘lakay to‘xtab o‘tdi


Islom Karimov taklifi bilan Toshkentga kelgan Vladimir Putinning tashrifi yarim kunga ham cho‘zilmadi.

Islom Karimov taklifi bilan Toshkentga kelgan Vladimir Putinning tashrifi yarim kunga ham cho‘zilmadi.

Dushanba kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Toshkentga keldi. Prezident Islom Karimov bilan uchrashuv natijasida ikki tomon o‘rtasida strategik sheriklikni chuqurlashtirishga oid hujjat va O‘zbekistonning kelgusida MDH Erkin savdo hududiga qo‘shilishi tug‘risidagi memorandum imzolandi.

O‘tgan yili, O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkmanistondan tashqari, MDHning aksar mamlakatlari ishtirokida tuzilgan Erkin savdo hududiga qo‘shilish niyatini Karimov o‘tgan oyda Moskvaga qilgan tashrifi chog‘ida bildirgan edi. Lekin tahlilchilar fikricha, bu tashabbus Toshkent rahbarining Rossiya va G‘arb o‘rtasida muvozanatni saqlash siyosati doirasida qilayotgan navbatdagi qadamidan boshqa narsa emas.

Vladimir Putin va Islom Karimov dushanba kungi uchrashuv chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirish, iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish, MDH doirasidagi erkin savdo hududiga O‘zbekistonning qo‘shilishiga oid masalalarni muhokama qiladi, deya bayon qildi Putin tashrifi arafasida Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov.

Ikki prezident o‘rtasidagi muzokaralar asosiy qismining yopiq eshiklar ortida o‘tkazilishini aytgan Ushakov O‘zbekistonning erkin savdo hududiga qo‘shilishi masalasini ilk bor prezident Islom Karimov 15 may kuni Vladimir Putin bilan uchrashuv chog‘ida ko‘targanini eslatdi.

“Prezident Karimov o‘z mamlakati mazkur shartnomaga qo‘shilishga tayyorligini bayon qilgan edi. Bu jarayon oddiy emas, chunki shartnoma imzolangan, O‘zbekiston esa qo‘shilishdan oldin o‘zi uchun qandaydir shartlarni kelishib olishi kerak. Lekin eng asosiysi, siyosiy signal yuborildi. Bu signal amalga oshishiga yordam berishni istaymiz”, dedi Putin yordamchisi.

MDHning Erkin savdo hududi to‘g‘risidagi shartnoma 2011 yil 18 oktabr kuni O‘zbekiston, Ozarbayjondan va Turkmanistondan tashqari, hamdo‘stlikning barcha a‘zolari tomonidan imzolangan edi. O‘sha paytda bosh vazir lavozimida bo‘lgan Vladimir Putin mezbonligida o‘tgan MDH hukumatlari raislari yig‘inida mazkur uch davlat shartnomaga qo‘shilish masalasini 2011 yil oxirigacha o‘rganib ko‘rishi aytilgan edi.

Karimovning o‘tgan oydagi MDH norasmiy sammitida bayon qilgan taklifi, tahlilchilar fikricha, Vladimir Putinning Kremlga qaytishi ortidan Toshkent rahbari tashqi siyosatiga xos bo‘lgan qadamdir.

Professor Yuriy Fyodorov Londondagi Xalqaro munosabatlar bo‘yicha qirollik institutining Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha tahlilchisi.

- Bu memorandum shunchaki savdo hududiga qo‘shilish niyatlari borligiga oiddir, ya‘ni u O‘zbekiston zimmasiga hech qanday yuridik yoki boshqa mas‘uliyatni yuklamaydi. Menimcha bunday hujjatning imzolanishi, Islom Karimov ko‘p yillardan beri amalga oshirib kelayotgan siyosat, ya‘ni G‘arb, birinchi navbatda AQSh va Rossiya o‘rtasida muvozanatni saqlash siyosatini davom ettirayotganiga yana bir misoldir. Hozirda O‘zbekiston-AQSh munosabatlari jonlashishida biroz to‘xtash kuzatilgani, ya‘ni Toshkentning Vashington bilan munosabatlar mustahkamlanishiga oid umidlari unchalik amalga oshmayotgani bois janob Karimov yana o‘ziga xos tarzda Moskva tomon biroz mulozamat ko‘rsatib, amerikaliklarga “sen bo‘lmasang, boshqasa” qabilidagi signalni yubormoqchi, deydi Yuriy Fyodorov.

Bu kabi hujjatlarning imzolanishi Toshkentdan ko‘ra Moskvaga ko‘proq kerak.

Boshqa tomondan, deya davom etadi tahlilchi, Kreml MDH davlatlari bilan turli shartnomalar imzolab, o‘zini ularga muruvvat qilayotgandek qilib ko‘rsatishi, xususan “O‘zbekiston Erkin savdo hududiga o‘zi qo‘shilmoqchi, biz shunchaki ularga yordam bermoqchimiz” ma‘nosidagi bayonotlari asl vaziyatni aks ettirmaydi.

- Ushakovning O‘zbekiston o‘zi uchun ba‘zi shartlarni kelishib olishi kerak, ya‘ni bu Rossiyadan ko‘ra O‘zbekistonga kerak, qabilidagi bayonoti Kremlning istakni haqiqat qilib ko‘rsatishga urinishidir. Chunki mavjud vaziyatda O‘zbekistonning siyosiy manyovr qilishga imkoniyati bor. Rossiya, Putin iqtidorga qaytib kelganidan keyin, xalqaro maydonda siyosiy bo‘hronga yuz tutmoqda. G‘arb bilan munosabatlari jiddiy tarzda yomonlashdi va bu vaziyatda Putin tashqi siyosatda ittifoqchilari borligi ko‘rsatishga urinmoqda. Ana shu ma‘noda, menimcha, bu kabi hujjatlarning imzolanishi Toshkentdan ko‘ra Moskvaga ko‘proq kerak, deydi Londondagi xalqaro munosabatlar qirollik instituti professori Yuriy Fyodorov.

Vladimir Putin Toshkentga Xitoyga Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitiga ketayotib, yo‘l-yo‘lakay to‘xtab o‘tdi. Uning Toshkent safari yarim kunga ham cho‘zilmadi.

5-6 iyun kunlari prezident Putinning Xitoyga davlat tashrifi amalga oshadi. 6-7 iyun kunlari esa Pekinda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti bo‘lib o‘tadi. Sammitda Islom Karimov ham qatnashadi.

Toshkentning Rossiya yetakchilik qiladigan KXShT va ShHT kabi tuzilmalardagi ishtiroki nominal ma‘no kasb etib borayotgani 7-14 iyun kunlari Tojikistonda o‘tadigan ShHT harbiy mashqlarida O‘zbekistonning qatnashmasligi ham ko‘rsatadi, deydi tahlilchilar.

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti doirasida tuzilgan tezkor kuchlar masalasida ham O‘zbekiston o‘zining “o‘zgacha fikri” borligini aytib bunga oid hujjatlarni qabul qilmay kelayotir.
XS
SM
MD
LG