Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:42

Gulnoraning to‘ylari bois qariyalar pensiyasiz qoldi


Andijon pensionerlari nafaqalarini o‘z vaqtida ola olmay ovora. Aytilishicha¸ prezidentning to‘ng‘ichi o‘tkazgan "majburiy xayriya" to‘ylaridan so‘ng viloyat banklarida naqd pul muammosi yuzaga kelgan.

Bu haqda xabar qilgan Ozodlikning Andijondagi mobil muxbiriga ko‘ra, viloyat pensionerlariga nafaqalarini berish kechikmoqda.

“Nega pensiya pullari vaqtida berilmayapti degan savol bersak, pensiya tarkatuvchilar, Gulnora Karimova uyushtirgan to‘ylarga nakd pullar ketib koldi. Shuning uchun naqd pul yuk, deb javob kilishyapti”¸ deya xabar qildi Ozodlikning mobil muxbiri.

Andijon viloyatining Shahrixon tumanida yashovchi 67 yashar pensioner Adham aka may oyidagi nafaqa pulini hali olmaganlardan biri.

"Men pochtaga borsam naqd pul yo‘q deyishdi. Pensiya pullari ozgina kechikadi. Keyin beramiz deyishdi menga" deydi shahrixonlik qariya.

Ozodlik muxbirining o‘rganishicha, Andijon shahrining ayrim mahallalari, jumladan, 2 va 7 –mahallalarda ham pensiya va yosh bolalarga beriladigan nafaqa pullarini berish kechikmoqda.

Aholiga nafaqa pullarini tarqatish bilan shug‘ullanuvchi asosiy tashkilot bo‘lgan "Andijon pochtasi"ning pensiya pullarini taqsimlash bo‘limining o‘zini tanishtirmagan xodimi viloyatda nafaqa pullarini berish kechikayotganini tasdiqladi.

- Pensiyamiz may oyiniki iyun oyiga qolib ketdi naqd pul bilan ta‘minlanmaganimiz sababli¸ degan rasmiy naqd pul yo‘qligi asl sababini ochiqlashni istamadi:

- Bilmayman. "Agrobank" degan bankimiz pulni bermadi. Shuning evaziga qolib ketdik. Endi uni bugun erta bir-ikki kunda berib yuboradi, keyin tarqatamiz. Ayb bizda emas. Bankdan berishi kerak edi. "Agrobank" bermadi, dedi "Andijon pochtasi" xodimi.

"Agrobank"ning Andijon viloyat bo‘limining ma‘sul xodimi ham pensiya pullari kechikayotganini tasdiqladi, biroq buni pensiya tarqatilishi bilan bog‘liq zarur hujjatlarning bankka kelib tushmagani bilan izohladi.

Andijondagi naqd pul yetishmovchiligini o‘rgangan mustaqil tahlilchining, o‘z shaxsini oshkor qilmaslik sharti bilan aytishicha, viloyatda naqd pul yetishmasligi prezident Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning tashabbusi bilan o‘tgan xayriya to‘ylariga mahalliy tadbirkorlar mablag‘ining jalb qilinishi bilan bog‘liq.

“Mingta nikoh va sunnat to‘ylari doirasidagi tadbirlar Andijonda ham o‘tdi. Viloyatdagi birorta tadbirkor bu tadbirdan chetda qolmadi. Hokimliklar boshchiligida tadbirkorlardan majburiy xayriya pullari undirildi. Va naqd pul topshirish rejasiga o‘tgan ikki oyda ko‘z yumishdi. Shuning natijasida viloyatda naqd pul yetishmovchiligi yuzaga keldi” deydi andijonlik mustaqil tahlilchi.

"O‘zbekiston madaniyati va san‘ati forumi” jamg‘armasi (Fond Forum )da ishlaydigan xodimaning aytishicha, haqiqatdan ham Fond Forum o‘tkazayotgan to‘ylarga mahalliy tadbirkorlar homiylik qiladi.

“To‘y xarajatlarini mahalliy hokimliklar o‘z zimmasiga oladi. Televizor, velosiped va beriladigan boshqa sovg‘alarni ham tadbirkorlar ko‘taradi. Biz Toshkentdan GULI ko‘ylaklarini olib boramiz. Keyin har bir to‘y sohiblariga Fond Forumning tabrik bitilgan yorlig‘i beriladi”¸ dedi Fond Forumning ismini oshkor qilmayotganimiz xodimi.

May oyi oxirida Andijon viloyatining oltita tumani - Qo‘rg‘ontepa, Jalolquduq, Izboskan, Bo‘z, Asaka, Shahrixon tumanlari va Andijon shahrida Gulnora Karimovaning tashabbusi bilan xayriya to‘ylari o‘tkazildi.

Fond Forum ma‘lumotiga ko‘ra, joriy yil boshidan buyon mamlakat bo‘yicha mazkur loyiha doirasida jami 410 ta nikoh to‘yi va 481 ta sunnat to‘yi o‘tkazildi.
XS
SM
MD
LG