Линклар

2 iyun kuni Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tuman xokimi 63 yoshli O‘ktam Xidirov korruptsion jinoyatlarda ayblanib hibsga olindi.

Shahrisabz tumaniga sakkiz yildan buyon hokimlik qilib kelgan O‘ktam Xidirov joriy yilning 2 iyun kuni Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani xalq deputatlari kengashining navbatdan tashqari sessiyasida lavozimidan chetlatildi.

Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan Shahrisabz rasmiy idoralaridan biridagi ishonchli manbaga ko‘ra, sessiya tugagach O‘ktam Xidirov Qashqadaryo viloyat prokuraturasi xodimlari tomonidan hibsga olingan.

Xidirovning hibsga olinishi bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganayotgan “Ezgulik” jamiyati faoli Hasan Choriyevning Ozodlikka aytishicha, Qashqadaryo viloyat hokimi Turobjon Jo‘rayev Shahrisabz tumani sessiyasida qatnashib, O‘ktam Xidirovga chopon va do‘ppi kiydirib, pensiyaga kuzatgan, lekin sessiya tugashi bilan Xidirov hibsga olingan.

- O‘ktam Xidirov 62 yoshga kirgani munosabati bilan viloyat hokimi uni o‘z arizasiga binoan deb, qalpoq va chopon kiydirib yaxshilab, chiroyli qilib, majlis o‘tkazgan. Majlisdan chiqqandan keyin Xidirov bu eshikdan chiqishida qo‘liga kishan solib qamoqqa olibdi,- deydi Hasan Choriyev.

Shahrisabz Ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan xodimi O‘ktam Xidirovning hibsga olinganini tasdiqladi. Unga ko‘ra, Xidirovga ochilgan jinoiy ish bilan Qashqadaryo viloyat prokuraturasi shug‘ullanmoqda.

Shahrisabz tuman hokimligining ma‘sul xodimi O‘ktam Xidirovning ishdan bo‘shatilganini tasdiqladi.

Uning aytishicha, Xidirov sha‘niga maqtovlar aytilib, pensiyaga kuzatilgan.

Biroq hokimlik vakili Xidirovning hibsga olinishi bilan bog‘liq holatga oydinlik kiritishni istamadi.

Hasan Choriyevga ko‘ra, O‘ktam Xidirov hozirda Qashqadaryo viloyat prokuraturasining tergov izolyatorida hibsda ushlab turilibdi.

Prokuratura Xidirovni korruptsion jinoyatlarda ayblab, jinoiy ish qo‘zg‘atgani aytilmoqda.

- Shahrisabzda katta bozor bor. Bozor orqasidagi mahallaga bozorni ko‘chirishga to‘g‘ri keladi. Tartibga solish uchun yangi bozor qilishmoqchi bo‘lishgan. Shu bilan bozorchilar shahar hokimi O‘ktam Xidirovga 30 ming dollar yig‘ib beradi. Shu bilan keyin viloyat hokimi kelib ko‘chinglar desa, bozorchilar “Ko‘chmaymiz. Mana tuman hokiming 30 ming dollar olib ketdiku. yo sen ham olmoqchimisan”, deb hokimga gapirishgan. Shundan keyin Xidirovga jinoiy ish ochilgan,- deydi Hasan Choriyev.

Shahrisabz tuman hokimligidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, Xidirovning o‘rniga viloyat hokimligida boshqarma boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Fahriddin Norov tayinlangan.

Biroq hozirda Norov Shahrisabz tumani hokimi vazifasini bajaruvchi sifatida faoliyat yuritayapti.

Shahrisabz tumaniga 2005 yildan buyon hokimlik qilib kelgan 63 yoshli O‘ktam Xidirov 2003 yilga qadar O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Qashqadaryo viloyati hokimligida bir qancha lavozimlarda ishlagan.

Xidirov 2003-2005 yillarda Kitob tumanini boshqargan, 2005 yilda esa shaxsan prezident Islom Karimovning tavsiyasi bilan Shahrisabz tumani hokimi etib tayinlangan.
XS
SM
MD
LG