Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:08

Afg‘onistonda o‘smir qiz politsiya tomonidan zo‘rlandi


O‘tgan yili Afg‘onistonda o‘z eri yaqinlari tomonidan zo‘rlanib, qiynoqqa solingan Sahargul voqeasi ko‘pchilikni dahshatga solgan edi.
O‘tgan yili Afg‘onistonda o‘z eri yaqinlari tomonidan zo‘rlanib, qiynoqqa solingan Sahargul voqeasi ko‘pchilikni dahshatga solgan edi.

Afg‘onistonning Qunduz viloyatida yashovchi o‘smir qiz mahalliy politsiya uni o‘g‘irlab ketib, zo‘rlaganini iddao qilgach, bu ishga shaxsan prezident Hamid Karzayning o‘zi aralashdi. Biroq prezident mazkur politsiya bo‘limi xodimlarini ishdan chetlatib, qurollarini olib qo‘yishni buyurgani bilan qizaloqning xavfsizligi ta‘minlanishi masalasi savol ostida qolmoqda. Qunduz viloyatida markaziy hokimiyat nufuzi o‘ta cheklangan mintaqalardan biri hisoblanadi.

17 may kuni erta tongda, Qunduzdagi qishloqlardan biridagi xonadonga bir guruh qurolli kishilar bostirib kirib, 13 yashar Lal Bibini o‘g‘irlab ketadi.

Bibi o‘zini o‘g‘irlab ketganlardan biriga majburlab erga beriladi va besh kun davomida qorong‘u xonada qiynoqqa solinadi, kaltaklanadi va zo‘rlanadi. Oradan bir hafta o‘tib esa, tinkasi qurigan Bibini uyining oldiga tashlab ketishadi.

Bibining onasi, u o‘z ismini aytishni istamadi, qizini o‘g‘irlab ketganlar mahalliy politsiya xodimlari ekanini aytadi. Bu ayol, uylariga bostirib kirgan kishilar o‘zi va erini qurol o‘qtalib, yerga yotqizib qo‘yib, Bibini sudrab olib chiqib ketganini eslaydi.

- Mahalliy politsiya uyimga qurol bilan bostirib kelib, uyni qurshab oldi. Politsiya boshlig‘ining buyrug‘i bilan ular qizimni sudrab olib chiqib, mashinaga solib olib ketishdi, deydi Bibining onasi.

Hozirda mahalliy shifoxonada davolanayotgan 13 yashar qizaloq o‘z boshiga tushgan ko‘rgiliklar, amakivachchasi mahalliy politsiya xodimi qizini zo‘rlab qo‘yganidan keyin boshlanganini aytadi. Amakivachchasi qochib ketgach, Bibi qasos nishoniga aylanadi.

Afg‘onistonda qabilalar orasida bunday hollarda jabrlanuvchi oilasiga badal sifatida qoramol, pul yoki zo‘ralagan kishining yaqinlari orasidan bir qizni kelin qilib berish taklif qilinadi. Badal rad qilingach esa, Bibining aytishicha, jinsiy tajovuzga uchragan qizning otasi va yaqinlari, jumladan, mahalliy janggarilar yetakchisi 17 may kuni uni o‘g‘irlab ketishadi.

Afg‘onistonda jinsiy zo‘rlanish o‘limga hukm qilinish bilan barobardir, deydi Bibi. Oila sha‘nini tiklash uchun ba‘zi oilalar jinsiy tajovuzga uchragan qizlarini o‘ldirishadi.

Rasmiylar jinoyatchilarni jazolay olmasa, oilamizning boshqa iloji qolmaydi, deydi Bibi.

- Ular meni zo‘rlab olib ketishdi. Agar menga adolat qilinsa, yaxshi, aks holda o‘zimni o‘t qo‘yib, o‘ldiraman, deydi qizaloq.

Bibining onasi ham hukumat adolat o‘rnata olmasa, bunga norozilik o‘laroq Bibini o‘ldirish bilan tahdid qilmoqda.

- Adolat qaror topmasa, qizimning qoni sizning vijdoningizga havola bo‘ladi. Qizimni yo siz yoqib o‘ldirasiz, yo men o‘zim adolat qaror topishi uchun uning ustidan benzin quyib, yoqib yuboraman.

Qunduz viloyati prokurori Muhammad Sharif Safiy o‘ndan ortiq kishi, jumladan Bibining amakivachchasi Muhammad Isoh, qizi zo‘ralangani uchun Bibiga jinsiy tajvouz qilgan Xudodod, uning akasi Saxiydod va mahalliy politsiya boshlig‘i Muhammad Nizomiyni qamoqqa olish to‘g‘risida buyruq berilganini ma‘lum qildi. Hozirda ularning ikki nafari qo‘lga olinganini aytgan prokuror, ularning imslarini ochiqlamadi.

Uning aytishicha, Bibini o‘g‘irlab, qiynoqqa solganlikda gumonlanayotganlarning barchasi Afg‘on mahalliy politsiyasi vakillaridir. Hukumat tomonidan moliyalanadigan bu tuzilma mintaqalarda xavfsizlikni ta‘minlashi ko‘zda tutilgan.

Bibi boshdan kechirgan ko‘rgiliklar butun mamlakat bo‘ylab shov-shuvga sabab bo‘ldi va prezident Hamid Karzay bu ishga shaxsan aralashishiga to‘g‘ri keldi. 3 iyun kuni Afg‘oniston xavfsizlik kengashi yig‘inida Karzay mamlakat ichki ishlar vaziriga jinoyat ortida turganlarni hibsga olish va Qunduzdagi politsiya bo‘limi xodimlaridan qurollarini olib qo‘yishni buyurdi.

Lekin Karzayning buyrug‘i jinsiy tajovuz qurbonining xavfsizligi va adolat qaror topishini kafolatlay oladimi, yo‘qmi – bu savol ochiq qolmoqda. Afg‘oniston mitaqalarining ko‘pchiligida xavfsizlik mahalliy politsiya kuchlari tomonidan ta‘minlanadi va markaziy hokimiyat nazorati o‘ta cheklangandir.

Afg‘onistonlik siyosiy tahlilchi Najib Muhammad mintaqalardagi mahalliy politsiya kuchlari odatan markaziy hokimiyatdan mustaqil bo‘lgan mahalliy qo‘mondonlar nazoratida bo‘lib, Kobul hukumatini unchalik pisand qilmaydi, deydi.

- Qishloqlarda mahalliy yetakchilar va mullalarning nufuzi juda balanddir. Janggari qo‘rboshilar va avvalgi urushlarda jang qilgan guruhlarga aloqador kishilar qishloqlarni nazorat qilishda davom etmoqda. Qurollangan guruhlar ularning nufuzi ostida qolmoqda. Ko‘rib turganingizdek, ular istaganini qilishi mumkin, deydi tahlilchi Najib Muhammad.
XS
SM
MD
LG